Qarg‘a qarg‘ani ko‘zini cho‘qimaydi, ammo bu bizga tegishli emas
«Bu orzular mamlakati emas...»
Amerikaga ancha yillar oldin ko‘chib ketgan bir hamyurtimizning ishlari yurishib o‘z biznesini yo‘lga qo‘yibdi. Bu orada farzandlari ham voyaga yetib qanotiga kiribdi. Ota o‘g‘illaridan birini chaqirib shunday debdi:
—O‘g‘lim, qachondir mablag‘im yetarli bo‘lsa ona yurtimning rivojlanishiga o‘z hissamni qo‘shmoqchi edim. Bugun shuning mavridi keldi. Uch mln. dollar ajratdim. Qishlog‘imizda kichik korxonacha qurilishi uchun uskunalar gaplashdim hatto o‘sha uskunalarni yetkazib beradigan samolyot ham tayyor. Hamqishloqlarim bizni duo qilishsin, ozroq bo‘lsa ham ona yurtim uchun foydam tegsin.
Yigit qishloqda korxona qurilishi uchun ketadigan uskunalarni samolyotga yuklab, O‘zbekistonga kelibdi. Ammo qattiqqo‘l bojxonachi xodimlar bu uskunalarni O‘zbekistonga kiritishga qarshilik qilishibdi. Amerikadan kelgan saxovatpesha hamyurtimiz tekshiruv qattiqligini ko‘rib: «Butun armiyani opkelib tekshiringlar, bu yerda hech qanday xavfli narsa yo‘q», desayam oyoq tirab turib olishibdi. Shunda tekshiruvchilardan biri o‘sha yigitni chetga tortib agar 50 ming ko‘kidan bersang o‘tkazvoraman, debdi.
Yigit... Amerikada hech qayerda ishini pora berib bitirmagan yigit otasining orzusini amalga oshirmay ortga qaytibdi.
«Dadajon, — debdi u otasiga, — 3 mln dollar topgan odam uchun 50 mingni berish qiyin emas. O‘sha aytilgan mablag‘ni berib sizning qishlog‘ingizga borishim mumkin edi, lekin ular bu yaxshilikka arzimaydi (aynan xuddi shunday degan) o‘zini yurtiga yaxshilik qilishni istamaydigan, boshqa yaxshilik qilishni istaydiganlarga to‘sqinlik qiladigan xalqning duosi bizga kerakmas. U mamlakat orzular mamlakati emas ekan...»
Bu to‘qilgan hikoya emas. Yaqinda safarga chiqqanimda hamrohlarimning biriga tanishlari aytib bergan, qachonligi noma’lum bo‘lgan voqea.
Sardobada sarobga aylangan xayriyalar
O‘tgan yili boshimizga tushgan musibat — Sardoba to‘g‘onining buzilishi, sanoqli soniyalarda aholining boshpanasiz qolishi xalqimiz uchun katta bir sinov bo‘ldi. Sirdaryo uchun jo‘natilgan yordamning chegarasi bo‘lmadi. Barchamiz saxovatpesha hamyurtlarimizdan bir quvongan bo‘lsak, saxovatga zor bo‘lmagan yana bir qatlamning ochko‘zligidan ming kuyundik.
O‘sha paytlari Sirdaryoga yo‘lim tushganida ko‘rgan voqealarim haligacha ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Insonparvarlik yordamlari ortilgan karvonning keti uzilmadi bir oylab. Ammo yordam olib borgan odamlardan qulab tushay degan hojatxona uchun pul yig‘ib olgan yigit, uyida qovurg‘alari sanalib yotgan kuchugini yaxshiroq hayot ko‘rish maqsadida olib ketayotgan ko‘ngilli—volonterlardan pul so‘ragan uy egasi, tekinga tarqatilishi kerak bo‘lgan kiyim kechaklarning do‘konlarda pullanishi — bularning barchasi saxovatpesha xalqimizning himmatlarini yuvib yuborgandek edi.
O‘sha paytlari tinimsiz Sirdaryoga shuncha yordam berildi, degan xabarlardan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarilgan bo‘lsa, uni ortidan chiqqan falon so‘m talon taroj qilindi degan fikrlardan ko‘nglimiz shu qadar cho‘kdi.
Keyin koronavirus pandemiyasi... Koronavirusga qarshi kurash tadbirlariga ajratilayotgan mablag‘lar talon-toroj qilinishi hali hamon davom etmoqda. Talon-toroj qilinayotgan milliard-milliard mablag‘ni eshitib hushingiz boshingizdan uchgudek bo‘ladi.
Musofir yurtda bir-birini talayotganlar
Musofir bo‘lmaguncha musulmon bo‘lmaysan, degan ko‘hna maqol bor. Ammo nimagadir aynan hamyurtlarimiz musofirchilikdayam bir birini tunash, bir birini orqasidan pichoq urish kabi ayanchli voqealarni juda ko‘p eshitamiz.
«Meni Koreyada falonchi og‘aynim uxlatib ketdi», «Meni Turkiyada falonchi dugonam chuv tushirib ketdi»...
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlardan biri facebookning «Mohiyat» guruhiga qo‘yilgan post va unga yozilgan izohlar millatimizni nafaqat o‘zimiz oldimizda, balki boshqa yurtlar oldida ham sharmanda qilayotganiga misol.
«Koreys millatiga mansub bir inson pasport topib oldi. Qarasa, O‘zbekistonning pasporti ekan. Uni boshqa bir o‘zbekka berdiki, pasport egasi sarson bo‘lmasin, millatdoshi ne qilsa ham koreysdan ko‘ra osonroq va tezroq pasportni yetkaza oladi. To‘g‘ri, Janubiy Koreyada harakatlanish uchun pasport kerak emas, maxsus karta bor, lekin vatanga borish-kelish pasportsiz ilojsiz. O‘zbek esa o‘z yurtdoshini (ya’ni pasport egasini) topib qo‘ng‘iroq qildi va pasportni qaytarish evaziga $1000 mukofot puli so‘radi. Pasport egasi nochor holda $500 bera olishini aytdi, qahramonimiz esa ko‘nmadi va pasportini qaytarib bermadi. O‘rtaga tanish aralishtirildi va $600 evaziga pasport egasiga qaytarildi».
Bu voqeaga 100 nafardan ziyod odam izoh yozib qoldirgan va juda ko‘pchiligi o‘zlari muhojirlikda guvoh bo‘layotgan voqealarni yozib qoldirishgan.
«Adashmasam 2008 yillarda Rossiyada qurilishga O‘zbekistondan ishga borgan 9 nafar muhojir yigitlarning pasportini brigadir vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘ib oladi. Va buni boshka quruvchilarga bosh bo‘lgan bola ko‘rib qolib «e, yuring aka choy ichamiz», deb mashinasiga o‘tqazadi va ovqatlanish joyiga yetib borganida qo‘lidagi pasportlar solingan xaltani olib tushayotgan sherigiga mashinada qoldiravering», deydi. Ikkala brigadir ovqatlanib bo‘lib tashqariga chiqishsa mashina ochilgan, pasportlar yo‘qolgan. Mashina haydovchisi, ya’ni brigadir bola «bilmadim» deb turavergan. Ichki ishlardan ham foyda bo‘lmagan. Shu hududni nazoratchisiga uchrashishgan. Ertaga kelsalaring surishtirib ko‘ramiz degan. Ertasiga «pasport topildi, har bir pasport uchun 30 mingdan bersalaring qaytarib beramiz», degan xabar keladi. Muhojir yigitlar iltimos qilib 10 mingdan pasportlarni qaytib olishgan. O‘shanda pasportni qaytib olayotgan yigitlardan biri o‘zga millat kishisidan «hech kimga aytmayman bu pasportni qayerdan oldilaring» deganda, «o‘zlaringning hamyurtlaring pul evaziga qaytarish sharti bilan berdi», degan ekan. Shu brigadada xo‘jayinim ham ishlagan, men ovqat pishirardim. Kim olgani Allohga havola endi, gumon iymondan ayiradi...»
Yaqinda yana bir facebook foydalanuvchi Qrimda yashayotgani, yaqin hududda o‘zbek yigitlari ishsizlikdan qiynalib murojaat qilgani va yetib kelishlari uchun 10000 (rublda) pul jo‘natgani, ammo pulni olgach dom-daraksiz ketgani haqida, yigitlarning pasporti bilan suratlarini joylashtirib post qoldirdi. U yigitlarga jo‘natgan puliga achinmayotgani, balki ayrim o‘zbek yigitlarining shu qadar lafzsiz bo‘lib borayotgani haqida kuyunib yozgan... Va har doimgidek mavzu qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘lgan, hamma xorijda yurgan hamyurtlarimiz o‘zlari guvoh bo‘lgan mana shunday voqealarni misol qilib keltirgan.
Biz tepadagi mas’ullarni muhokama qilamiz, ularni poraxo‘rlikda, loqaydlikda, ochko‘zlikda ayblaymiz. Ammo o‘zimizchi? Aynan o‘shalarni muhokama qilayotganlar, noliyotganlar, insof so‘rayotganlar orasida bolalar haqiga ko‘z olaytiradigan bog‘cha opalar, mudiralar bo‘ladi, aynan nohaqlik deb jar solayotganlar orasida sizu menga go‘shtni orasiga suyakni epchillik bilan tiqishtirib tortib berayotgan yoki yeyish mumkin bo‘lmagan hayvonning go‘shtini aldab sotayotgan qassob bo‘ladi, aynan mana shunday adolat izlayotganlar orasida 100 dollarga bemorning ko‘richagini olib tashlashni savdolashayotgan shifokorlar bo‘ladi. Nohaqlikdan jabr chekayotgan bojxona xodimi hozir qaysidir poraxo‘r amaldordan yozg‘irayotgan bo‘ladi. Bu bojxona xodimining onasi bir paytlar o‘qituvchiga tilla zirak sovg‘a qilish uchun pul yig‘ishda bosh qosh bo‘lgan bo‘ladi....
Rossiyadan turib uyiga qaytolmayotgan, uyiga qaytish uchun pora so‘radi mendan degan biz achingan muhojir vatandoshimiz birovning pasportini topib olib sho‘rlik yana bir muhojirdan 500 dollar so‘rayotgan bo‘ladi.
Men bir savolga hech qachon javob topolmayman. Nega bunday qilamiz? Ota-bobolarimizning biz faxrlanadigan tomonlari ham bor, lekin ko‘pgina vatan, millat fidoyilarini pul uchun, mansab uchun sotganlar ham o‘zimizdan chiqqan. Xo‘sh nega shundaymiz? Savol javobi hamisha ochiq... Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi, degan maqol mutlaqo bizga tegishli emasdek. Nafaqat cho‘qiymiz, bir-birimizning ko‘zimizni o‘yib ham olamiz, achchiq haqiqat shu...
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter