Kuyov: «Qaynotamning familiyasiga o‘taman»
Biror oilada uch farzand tug‘ilsa yurtboshimiz va uning yaqinlarining ism-shariflarini qo‘yish, ota-onaga esa «Kobalt» sovg‘a qilish urfga aylandi. Bunday qaraganda buning hech yomon tomoni yo‘qday. Uch chaqaloq-egizak dunyoga kelgani uchun mashina sovg‘a qilindi, tamom vassalom.
Ammo uch nafar egizak nima qahramonlik ko‘rsatdiki, mashina sovg‘a qilinadi. Ularning ota-onasi nima karomat ko‘rsatdiki, mashinaga umid qiladi. Agar shu ota-onalar egizaklarga yurtboshimizning ism-shariflarini qo‘yishsayu, mashina sovg‘a qilishganida «biz mashina uchun ism-shariflarini qo‘ymadik», deya sovg‘ani rad etishsa, men ana shuni qahramonlik degan bo‘lardim.
Achinarlisi, egizaklarga mashina sovg‘a qilinmasa, ularning yaqinlari «Ozodlik»kacha dardini dasturxon qilishmoqda. Bir mashina uchun orini, el-yurti sha’nini o‘rtaga qo‘ymoqda. Bu shikoyatdan keyin ularga mashina sovg‘a ham qilishar, demakki qahramonligi uchun emas, orsizligi uchun. Yurtboshimizning ism-sharifini farzandlarga qo‘yishi a’lo ishdir, ammo ortidan mashina so‘rash tamagirlikdan boshqa narsa emas. «Prezident sovg‘asi»ni o‘sha oilaga berib, «ochko» ishlab olmoqchi bo‘lgan hokimu rahbarlarning tutumi-chi? Ular bu bilan jamiyatda zararli «an’ana»larni oziqlantirmayaptimi?!
Qaynotasining puliga yashayotgan, kelin tomondan qilingan sarpo ko‘nglini to‘ldirmasa gapni ko‘paytirayotgan, uyini bo‘lajak xotini mebel bilan to‘ldirayotganini hazm qilayotganlarni g‘urursizlik, orsizlikda ayblaymiz. Ayting-chi, bunday tamagir kuyovlar qayerdan paydo bo‘ladi? Onasining qornidayoq tamagirlikni o‘rganadi. Uch farzand ko‘rsam (hozir dopler tezda aniqlab beradi) albatta yurtboshimizning ism-sharifini qo‘yaman va bizga «Kobalt» beradi, deya onaning yotsa ham, tursa ham fikru xayoli shunda bo‘lib qoladi. Er-xotinning o‘ylagan mavzusi ham, gaplashgan gapi ham shunga borib taqaladi. Va bu bolaning endigina shakllanayotgan miyasini tug‘ilmasidan zaharlaydi.
Voyaga yetishi asnosida ham bir umr ularga prezidentimizning ismi qo‘yilganiyu, shuning evaziga mashina sovg‘a qilingani bot-bot takrorlanadi. Go‘dakkinalar buni tabiiy hol deb qabul qiladi. Va qarabsizki, kelajakda ular qaynotasi mashina beradigan bo‘lsa, o‘z familiyasidan ham kechishga tayyor turadi.
Egizaklarni bunday rag‘batlantirish nafaqat ularni dunyoga keltirayotganlar, balki osongina mashinalik bo‘lishni xohlayotgan ko‘pgina yoshlar uchun zararli o‘yga aylanib bormoqda. Nuqta qo‘yish vaqti yetdi. Prezidentimizga sadoqatingizni, muhabbatingizni izhor qilmoqchi bo‘lsangiz, yonida turing, elim deb, yurtim deb fidoyilik qiling. Farzandlaringizni g‘ururli, oriyatli, lafzini halol qilib voyaga yetkazing. Poraxo‘rlikka, tamagirlikka, boqimandalikka, yulg‘ichlikka qarshi kurashing, evaziga mukofotni sizga Alloh beradi.
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter