Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«Hayp»xo‘rlikning avji. Jamiyat qachon tuzalishni boshlaydi?

«Hayp»xo‘rlikning avji. Jamiyat qachon tuzalishni boshlaydi?

Ha, ijtimoiy tarmoqlarni ham o‘zbek sigmentiga moslashtirdik. Kun tartibida so‘kong‘ich hokim, poraxo‘r mansabdor, noshud tibbiyot sohasi, oyligi kam o‘qituvchi, o‘ynashi bor amaldor, rashk tufayli bir-birini o‘ldirgan er-xotin, bolasini kaltaklagan ona yoki ota.

Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari shu mavzulardan charchadik deydiyu, lekin shunday mavzular ko‘tarilsa, hamma izoh yozishga tishlarini qayrab turishadi. Ayniqsa, biror shaxsning, biror insonning ustidan mag‘zava ag‘darish kerak bo‘lsa o‘h-ho‘, hatto latifalar to‘qib hajviyalar yozib tashlaymiz. Hayotimiz masxarabozlikdan iboratga o‘xshab ko‘rinadi ba’zan.

Talantli odamning talanti bir chetda qolib, uning shaxsiy hayoti, o‘zini tutishiyu gapirishi kun mavzusiga aylanadi. Hattoki «hayp»xo‘rlikning avj olishi natijasida tuppa-tuzuk obro‘li el sevgan san’atkoru yozuvchilar qadrsiz insonga aylanmoqda. Xo‘sh, bu bizga nima beradi?

So‘kong‘ich rahbarlar nega so‘kong‘ichligi haqida o‘ylab ko‘rdikmi, vahshiylikka, qotillikka qo‘l urgan odamning bolaligiga-chi, qiziqib ko‘rdikmi? Balki so‘kong‘ich rahbarlarning bolaligi beg‘ubor o‘tmagandir, bolaligida oilasida uni hech kim eshitmagandir. Endi voyaga yetganida bolalikda yaxshi berilmagan tarbiya yuzaga qalqib chiqayotgandir...

Biz jurnalistlaru blogerlar insoniylik va olijanoblik haqida yozishni unutdik. Mana shu xislatlarni «hayp» qilishni unutdik. Odamlar nimani ko‘proq yozsak o‘shani o‘qishga moslashib qolishi mumkinligini unutdik. Masalan, bir bo‘lmag‘ur qo‘shiqni birinchi bor eshitganingizda o‘rganish hosil bo‘lmaydi, lekin qayta-qayta eshitishga majbur bo‘lsangiz (majburlik shundaki, tv kanallarda qayta-qayta qo‘yilsa, to‘ylarda yangrasa) hatto yoqa boshlaydi. Biz yozayotgan narsalar ham aslida shu. Odamlar yuqorida aytib o‘tgan mavzularga o‘zlari bilmagan holda o‘ch bo‘lib borishmoqda.

Jalaquduqlik ikki do‘st. Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Andijonning Jalaquduq degan joyida 20 yildan beri buyrak xastaligidan aziyat chekib kelayotgan fermer Nurmuhammad Mamasoliyevning bolalikdan yaqin do‘sti Fayzullo Jamolov joniga ora kiradi. Ya’ni bir buyragini o‘rtog‘iga berdi. Eng yaqin qarindoshlari katta pul so‘rab turgan paytda do‘stini tashvishdan qutqardi. Men buni xorij matbuoti orqali bildim. Afsuski, ularni taniydigan, biladigan o‘sha hududdagi kishilar, na jurnalist, na bloger mana shu mavzuni «hayp» qilmadi. Arzimaydimi?

Agar bu voqeaning teskarisi bo‘lsachi, masalan aytaylik bir odam bir odamni ichki organlarini sotish uchun qiynab o‘ldirdi. Bu «hayp» bo‘lardi. To‘g‘ri, vahshiylik holatidan ogoh bo‘lish lozim. Lekin nega bu odam bunaqa qildi? Uning yashagan muhiti, uning oilasi qanday, uning qonida qanday qilib vahshiylik paydo bo‘lib qolgan? Hech qachon qiziqib ko‘rmaymiz. Va, eng yomoni, mana shunday ishga moyilligi bor odamlarga bu voqea hatto motiv berishidir. Aytishingiz mumkin, odamlarni ogohlikka chorlaymizda yoki odamlarga yordamimimz tegayapti deb. Ammo bu bir martalik yordam, bunisini tuzatsangiz yana shunga o‘xshagan hol ro‘y beraveradi. Ya’ni bizning bir odamga yordam berishimiz, muammosini hal qilishimiz bu odamlarning dunyoqarashi o‘zgardi, boshqacha fikrlab boshlaydi, degani emas.

Biz qarg‘ishlarimiz, haqarotlarimiz, so‘kinishlarimiz, nafratimiz, qoralashlarimiz bilan jamiyatni tuzata olamizmi? Toki qalbida vijdon uyg‘otolmasak, insoniylik nimaligini ko‘rsatolmasak, oliyjanoblik qanaqa bo‘lishini tahlil qilib berolmasak odamlarni uyg‘ota olamizmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda har xil guruhlarga bir-bir kirib chiqaman. Albatta, birinchi o‘rinda kasbim taqozasi bilan. Har bir guruhning o‘z yo‘li bor. Bir xil guruhlarda odamlarning asosan haqoratlariga duch kelaman. Ayrimlariga kirganimda odamiylikdan saboq olaman. Kayfiyatim ko‘tariladi. U hech qanday insonni odamiylikka chaqiradigan pand-nasihatlardan iborat guruhlar emas, balki amaldagi ishlari orqali odamlarni ezgulikka chaqiradigan guruhlar. Bunday guruhlar juda ko‘p. Har biriga albatta kirib yangiliklardan xabardor bo‘lib boraman. Kimlardir o‘z itini ko‘chaga uloqtirgan bir paytda, yana kimlardir mashina bosib mayib qilgan, ahvoli abgor jonivorni ko‘tarib vetklinikalar tagida kechasi bilan o‘tirib chiqadi. Masalan, bundan besh oy oldin Toshkent viloyatidagi daydi itlar yetimxonasidagi Teddi ismli kuchuk...  Bu itni hayvon urishtirish ishqibozlari ularning qonini qizdirish uchun o‘rtaga tashlaydi. Tasavvur qiling, sherday kuchuklar kichkina kuchuk bolaga tashlanib qonini qizdirishini. Va o‘sha kuchukning hamma joyi shilingan, tirnalgan va ikki orqa oyog‘i ishlamagan holda itlar yetimxonasiga kelib qoladi. Uni vetklinikada shu guruh odamlaridan pul yig‘ib davolatishadi. Men o‘sha joyga borganimda Teddi orqa oyoqlarini sudrab yurgandi. U haqda mana shu maskanning rahbari har doim yangiliklarni yoritib bordi. Ko‘z oldimda Teddi o‘zgardi va olijanob ayol uni o‘sha joydan uyiga olib ketdi. Kecha shu haqdagi yangilikni o‘qib juda xursand bo‘lib o‘tirgan bir paytimda yana bir inson yo‘qotgan kuchugini topganidan baxtiyorligini ko‘rib kayfiyatim yanada ko‘tarildi, shunday odamlarning ko‘pligidan ko‘nglimga yorug‘lik kirdi. Ammo bu faqat o‘sha guruhda o‘qiladi. Ular bu ishlarini «hayp» uchun ko‘z-ko‘z qilmaydi. Nima demoqchiman, bizning fojialarimiz, odamlarning oqibatsizligi, bir-birini arzimagan pul uchun o‘ldirishlari, bolasini aliment to‘lamasligi uchun suvga otib yuborishlari — barcha-barchasi insoniylikni unutib yuborganimiz va eng achinarlisi, uni biz jurnalistlaru blogerlar xalqqa tahlil qilib yetkazib bera olmayotganimiz...

Yaxshi odamlar haqida, insoniylik haqida, olijanoblik haqida ko‘proq yozaylik. Odamlar qalbida mehr uyg‘otaylik. Toki hayotimizda Fayzullo akadek olijanoblik qila oladigan, o‘z do‘stiga tanasining bir parchasini berishga oshiqadigan odamlar bittaga bo‘lsa ham ko‘paysin. Toki sizning tabiat haqidagi maqolangizni o‘qigan odam loaqal uyida xorlikda yashayotgan itiga yaxshiroq e’tibor qarata boshlasin.

Jurnalistning ishi o‘sha payti bir joydagi muammoni hal qilishdangina iborat emas. Uning ishi odamlarning tahliliy maqolalari bilan ijtimoiy fikrini o‘zgartirishi, qalbga mas’uliyat degan tushunchalarni, insoniylikni, vijdonlilikni olib kirishi mana shunday odamlar, mana shunday hayot haqida tahliliy maqolalar yozishdan iborat. Tahlilni kuchaytiring hamkasblar, tahlilni... Ana shunda, ana shunda... balki poraxo‘r kamayadi, mehr-oqibat ko‘payati, mas’uliyat hissi, vijdon uyg‘onadi, rahbarlar xalqparvar bo‘ladi, beshafqatlar kamayadi — JAMIYaT tuzalishni boshlaydi...

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети