Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Анвар Намозов

Sud zalida o‘lgan ota

Sud zalida o‘lgan ota

Foto: storyfox.ru

Yaqinda bir hamkasbimiz Toshkentdagi qariyalar uyiga borib keldi. Uzoq yillar yetakchi jurnalda ishlagan, ayni damda keksayib qolgan jurnalist shu maskanda edi. Faxriy qalamkash shaxsi haqida sir tutishimizni iltimos qilibdi. O‘zini emas, balki farzandlarining sha’nini o‘ylabdi.

Voajab, zurriyodlari bo‘la turib qariyalar uyida yashayotgan ota! Ne gap bo‘libdiki, u farzandlari bag‘riga sig‘may qolgan? Ular qanday insonlarki, padari buzrukvorini o‘zlaridan uzoqlashtirib, «huzur-halovat»da yashashmoqda! «Ota rozi – Xudo rozi» degan maqol, uning mohiyatiyu haqiqati qayoqqa ketdi?

Ro‘zai ramazon kunlaridagi iftorlikda barchaning diqqat-e’tibori bir burchakda o‘tirgan ota-bolada bo‘ldi. Keksayib qolgan padar yaxshi ovqatlana olmas, yonidagi o‘g‘li unga yeguliklar yedirardi. Sochiq bilan otasining og‘zini ohista artib ham qo‘yardi. So‘ng qulog‘iga sekin shivirlardi: «Otajon, nima olib berayin?» Dunyodagi eng chiroyli manzara, eng go‘zal munosabat edi bu.

Yaqinda tanishim gapirib qoldi:

– O‘rtog‘imni yo‘qlab bordim. Qarasam, yoshi saksondan o‘tgan otasi hovli tashqarisidagi o‘rindiqda o‘tiribdi. Hol-ahvol so‘radim. «O‘rtog‘ingga ayt, meni uylantirsin», dedi chol hasrat qilib. Ichkariga kirgach do‘stimni koyigan bo‘ldim. «Otamni bir emas, ikki marta uylantirdim, – dedi u ma’yus tortib. – Ammo... ikkita singlimning turmushi buzilib qaytib kelgan. Otam uylangan ayollarni ular sig‘dirishmasa men nima qilay?»

Ha, biz bilib-bilmagan sabablar ko‘p. Shunday vajlar bo‘ladiki, chora topolmay qiynalib ketasan. Ammo har qanday holatda ham otaning ko‘ngliga yo‘l topmoq kerak. Uzoq yillar muqaddam bir erkakning zavjasi og‘ir xastalik tufayli hayotdan ko‘z yumdi. Oradan ko‘p o‘tmay erkak uyga notanish ayolni boshlab keldi. Aynan shu juvonning gapiga kirib, yosh o‘g‘illari va qizini qishning ayni qirchillama chillasida ko‘chaga haydab chiqardi. Mahalla-ko‘y aralashib, bu uyga ularning haqqi borligini isbotlab berishdi. Shunda ota chiqib ketib, o‘sha ayolning xonadonida yashay boshladi. O‘g‘illar tog‘a, amakilari yordamida tetapoya bo‘lishdi. Biri o‘qishga kirdi, boshqasi tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, yirik biznesmenga aylandi. Bu vaqtda haligi ayol allaqachon ularning otasini haydab yuborgan edi. O‘g‘illar padarini uylariga olib kelishdi. Ammo ota «otdan tushsayam egardan tushmadi». O‘zini uylantirib qo‘yishlarini talab qilardi. Yigirma martalar uylantirishdi. Ikki kun o‘tar-o‘tmas, xotinlarini haydab yuborardi qariya. «Yangi juvon topib berasanlar», deydi o‘g‘illariga. Ularning qo‘li ko‘ksida. Vaqti-soati yetib ota vafot etganida hurmat-izzat bilan ko‘mishdi.

O‘zbekning zo‘r aktyori bor edi. Uning bir-biridan betakror rollari oltin fondda, dublyajdagi ovozi hozir ham radio, TVda jaranglaydi. Hayotining oxirgi yillarida xotini o‘lib, so‘qqabosh bo‘lib qoldi u. Kelinlarining qutqusi bilan ikki farzandi meros talashishni boshlab yuborishdi. G‘avg‘oli sud majlislaridan birida ota zalda o‘lib qoldi.

Oqibatni unutmaylik, azizlar!

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети