Ochlik mo‘’jizalari
«Inson o‘ziga pichoq va sanchqi bilan go‘r qaziydi»
Siz och qolgan paytda hayotiy quvvat organizmingizda tozalash ishlarini bajaradi. Organizm o‘z-o‘zini tozalaydi, tiklaydi. Ovqat yeyishni to‘xtatsangiz, tanangizda mo‘’jizaviy holatlar ro‘y beradi! Agar organizmingiz top-toza bo‘lishini xohlasangiz, och qolishingiz kerak! Quyida mashhur parhezshunos, salomatlik himoyachisi Pol Bregg kitobidan ayrim qaydlar bilan tanishasiz.
...Urinib ko‘ring, bir necha bor harakat qiling, ana shunda ilgari hech qachon boshdan kechirmagan ichki musaffolikni his etasiz, bu sizni salomatlik sari yetaklaydi.
Odamlar o‘zining kasalligi hamda erta qarishiga har qanday vajni ro‘kach qiladi, faqat ovqatni ayblamaydi, xolos. Shu bois barcha vaziyatlar uning uchun sir bo‘lib qoladi.
Inson organizmi uzoq yillar davomida bo‘kib yegani, ochlikdan foydalanmagani hamda hayotiylikdan mahrum ovqat iste’mol qilgani sababli bulg‘anib qolganini bilmaydi. Bularning barchasi organizmda zaharli moddalar yig‘ilib qolishiga sabab bo‘ladi.
Siz och qolish orqali tanangizda to‘planib qolgan mahsulotlar hamda zaharni chiqarib yuborish orqali tabiatga yordam berasiz. Bu har qanday yovvoyi hayvonga ma’lum. Och qolish – jismoniy xastalikka uchragan hayvonga yordam beradigan yagona yo‘l. Bu aniq hayvoniy instinktdir. Biz, odamlar, sivilizatsiya sharoitida uzoq yashab, kasallikka duch kelganda och qolish instinktini yo‘qotib yubordik.
Shubhasiz, jiddiy kasallik davrida hech qanday ishtaha yo‘qligini sezamiz. Hatto ovqatdan yuz o‘giramiz. G‘amxo‘r insonlar, qarindosh-urug‘lar hamda do‘stlar «Ovqatlan, kuch to‘playsan» deyishadi. O‘sha lahzada ovqatga juda kam ehtiyoj sezasiz, axir botiniy ong ovqat yeyishni bas qilish to‘g‘risida signal beradi. Tabiat esa och qolishimizni, organizmni tozalash uchun bemalol quvvat sarflashimizni istaydi.
Ona tabiatning sokin ovozini eshitish va anglash qiyin. Ochlik paytida esa sezish qobiliyatimiz o‘ta sezgir bo‘ladi. Ochlik aqlni o‘tkirlashtiradi, tabiatning aniq ovozini moslashtiradi. Men har safar ochlikdan so‘ng kallam juda yaxshi ishlashini bilaman. Siz ham sinab ko‘ring, aqlingiz qanchalik tez ishlashi, axborotni naqadar tezkor qabul qilishingizga amin bo‘lasiz. O‘qiganda, o‘zlashtirishda ham diqqat bilan e’tibor bering.
Bo‘kib yegan odam ichakda g‘ulg‘ula va aynish jarayonini tezlashtiradi, muvozanatni buzadi. Ichaklarida mikroblar ko‘payishiga imkon yaratib beradi. Shunday ekan, ko‘pgina odamlar yashamaydi, balki mavjud bo‘ladi, xolos. Ular toksik moddalar bilan shu darajada to‘lib-toshganki, butun hayoti azob-uqubatga aylangan. Hayot atalmish hayrat to‘la sarguzashtlarni sabrsizlik bilan kutib, tetik o‘rnidan turadiganlar juda kam.
Erta tongda uyg‘onishni odat qiling. Qunt qilsangiz, bunga oson erishasiz. Tushdan keyin biroz uxlab olishga vaqtingiz bo‘ladi, tongda tursangiz kuningizni uzaytirgan bo‘lasiz.
Meva-cheva, sabzavot, salat, yong‘oq va don mahsulotlaridan tuzilgan parhezga rioya qiling. Hech kim mevalar sersuv, salatlarni ko‘p miqdorda tayyorlash mumkin, sabzavotlarning ro‘yxati esa juda ko‘p va turli-tuman deb rad etmaydi.
Yong‘oq va don-dunlar ishtahani ochadigan darajada mazalidir. Qovurilgan yeryong‘oq, bodom, kungaboqar urug‘i rosa ishtahaochar va foydali. Ammo faqat shu mahsulotlar bilan o‘zingizni chegaralab qo‘ymang.
Agar go‘sht iste’mol qilmoqchi bo‘lsangiz, buni haftada ikki yoki uch marta yeganingiz ma’qul, ozgina darmonsizlanish sezilsa darhol ishqorli parhezga qaytish lozim. Bunday alomatlar anchagina – bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, ko‘zning jimirlashi, og‘izda yoqimsiz ta’mning sezilishi, jismoniy zaiflik va aqliy horg‘inlik... Albatta, mazkur alomatlar qo‘rqinchli emas, ammo ular kasallikning jiddiylashib ketishi borasida signal beradi. Agar siz jigarning ahvolini yaxshi emas deb hisoblasangiz, go‘sht va yog‘ iste’mol qilishni darhol to‘xtatishingiz kerak, ammo bu kifoya qilmaydi. Shakar va uglevodlar iste’molini ham to‘xtating. Boshqacha aytganda, ularni tabiiy tarzda meva-cheva va sabzavot shaklida tanovul qiling. Agar oqsilga muhtojlik sezsangiz, yong‘oq va pista iste’mol qilsangiz bo‘ladi.
Sizning judayam ovqat yegingiz keladi. Aslida esa bu haqiqiy ochlik emas, balki organizmning ma’lum vaqtda ovqat iste’mol qilishga odatlanganidir. Eslab qoling: tana nodon, unda juda ko‘p istak-xohishlar bor, ammo siz xo‘jayin bo‘lib qolishingiz kerak – aqlingiz tanani nazorat qilsin. Ochlik mustahkam qat’iyatni va iroda kuchini talab qiladi, bu aql bilan tananing o‘ziga xos kurashi, jangi hisoblanadi.
Och qolish – kristallar, toksik kislotalar, bo‘g‘inlarimizga xalaqit beruvchilardan xalos bo‘lish dasturining bir qismidir. Bo‘g‘inlarning barvaqt qarishidan ozod bo‘lish yo‘llarini faqat siz bilasiz, xolos.
Men va shogirdlarim, ya’ni ongli ravishda qunt bilan ochlikka o‘tganlarga ma’naviy va intellektual kamolotga yetish eshiklari lang ochildi. Agar men bugun kitob o‘qisam, uning mazmuni ongimga shu darajada aniq-tiniq namoyon bo‘ladiki, go‘yo kitob ro‘paramda turganday bo‘ladi. Xotiram bamisoli fotosuratday teran saqlaydi.
Siz uch kunlik ochlikdan so‘ng o‘zingizni yelkangizdan tog‘ ag‘darilganday sezasiz. Mantiqiyroq fikr yuritasiz, eng tezkor yaxshi qarorlar qabul qila boshlaysiz. Ilgari jiddiy muammo hisoblangan masalalar ochiq-oydin va oddiy ko‘rinadi.
Xotira xuddi olmos ustara tig‘idek o‘tkirlashadi. Siz o‘zingiz bilan bir necha yil muqaddam ro‘y bergan nomlar, joylar va voqealarni eslab qolasiz. Bilimingizni yanada oshirish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.
Ko‘zlaringizning ko‘rishi, barcha sezgilaringiz yanada o‘tkirlashadi! Ochlikdan so‘ng ovqatni boshqacha tanovul qilasiz, meva-cheva va sabzavotlar mutlaqo o‘zgacha maza beradi, chunki ta’m sezuvchi a’zolar butunlay yangilanadi.
Ovqatlanish bilan bog‘liq yirik mutaxassislardan biri Arnold Erest shunday degan: «Hayot – ovqatlanishdan iborat fojiadir!». Bu xuddi qadimiy «Inson o‘ziga pichoq va sanchqi bilan go‘r qaziydi» degan hikmatni eslatadi. Ba’zi kishilar o‘zining oshqozoniga mutlaqo dam bermaydi.
Ochlik qancha davom etishi to‘g‘risida mutaxassislar o‘rtasida ham turlicha qarashlar mavjud. Angliyada o‘ttiz kunlik ochlikni juda yaxshi deb hisoblashadi. Shu sababli aksariyat kishilar ingliz klinikalarida 30 kunlik kursni ochlik bilan o‘tkazishni afzal ko‘rishadi.
Ingliz vrachlari kuzatuvi ostida och qolgan kishilar ko‘p vaqtini to‘shakda o‘tkazadi, ularga bir necha daqiqa mobaynida turishga ruxsat berishadi, xolos.
Germaniyada eng yaxshi muddat 21 kun deb hisoblanadi. Fransuzlar 14 kunlik ochlikni foydali deb biladi. Amerikada ochlik ko‘pincha 30 kun davomida o‘tkaziladi.
Ochlik – mo‘’jizalarga boy fan. Dunyoda yuzlab odamlar borki, ular mustaqil ravishda ochlikni 30 kun va undan ortiq muddat davomida o‘tkazadi. Men ko‘pgina shogirdlarim mustaqil ravishda, vrachlar kuzatuvisiz 30 kun ochlik o‘tkazgani, yana davom ettirgani va ajoyib muvaffaqiyatlarga erishganini aniqlaganman.
Ochlik tufayli siz aql-idrokingizni charxlaysiz. Qo‘rquv va bezovtalikdan qutulasiz.
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter