Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Анвар Намозов

Modalar ko‘rgazmasidagi behayolik – gulchambar taqqan, yubka kiygan yigitlar

Modalar ko‘rgazmasidagi behayolik – gulchambar taqqan, yubka kiygan yigitlar

Shu kunlarda Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan modalar ko‘rgazmasi o‘zbek jamoatchiligining qitiq patiga tegdi. Ijtimoiy tarmoqda muhokama bo‘layotgan ushbu mavzu millatimiz sha’niga dog‘ bo‘lib tushganligi aytilmoqda.

Darhaqiqat, bu nima o‘zi? Oriyati, nomusi bor odam borki, ko‘rgan zahoti tepa sochi tikka bo‘lyapti! Qachondan buyon O‘zbekistonda «ajabtovur» ko‘rgazmalar o‘tkaziladigan, uyatni bilmaydigan yigitlar podiumga chiqib, bo‘lmag‘ur liboslarni, yubkalarni, o‘zining yarim yalang‘och tanasini ko‘z-ko‘z qiladigan bo‘ldi? Nima, shahar bedarvozami? Milliyligimiz, o‘zbekligimiz qayerda qoldi?

Aytishlaricha, ushbu tadbir Abdulla Qodiriy uy-muzeyida bo‘lib o‘tgan. Biz dastlab mazkur dargoh direktori Xondamir Qodiriy bilan bog‘lanishga urindik, ammo qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qoldi. Abdulla Qodiriyning ikkinchi nabirasi Sherkon Qodiriy bilan bog‘landik.

– Mening asablarim ketdi. Shuni gapiradigan bir mard yo‘q. Nima qilyapsanlar, deydigan! Akam (Xondamir Qodiriy nazarda tutilmoqda) nima qilsin? Tepadan buyruq berilsa bajaraveradi-da! Mahallada shov-shuv, to‘polonlar bo‘ldi... Adashmasam, bu tadbir o‘tgan haftada o‘tkazilgan... Hozir siz mening og‘riqli nuqtamga urdingiz! Qon bosimim oshib ketdi. Buni kimlar qilyapti, tushunmayapman. Mana, ko‘rib qo‘yinglar, xohlasam, cho‘chqa boqaman, xohlasam, fohisha olib kelaman, deb. Qani edi, to‘xtatish qo‘limdan kelsa! Men hech kim emasman!

Sherkon aka ancha asabiylashdi. Shundan so‘ng biz Abdulla Qodiriy uy-muzeyi direktori Xondamir Qodiriy bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldik.

– Bu modalar ko‘rgazmasi o‘n kun davom etadi, – dedi Xondamir Qodiriy. – Uning faqat bir kuni uy-muzeyimizda bo‘ldi. Ammo ko‘pchilik o‘ylaganidek, behayo chiqishlar namoyish etilgani yo‘q. U narsalar boshqa joyda bo‘lgan, aniq qayerdaligini bilmayman. Uy-muzeyda bir kun, shundayam faqat sharqona liboslar namoyish etildi. Hamma shu yerda o‘tkazilyapti, deyapti, shekilli? Bilmagandan keyin gapiraveradi-da! Qolgan gaplardan xabarim yo‘q!

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu modalar ko‘rgazmasining ikki kuni o‘tgan. Demak, hali davom etadi, ammo qay yo‘sinda, noma’lum. Xorijdan kelgan «mutaxassis» bizning mentalitet, or-nomusimizni inobatga oladimi? Umuman, uning milliyligimizga dog‘ bo‘lib tushadigan bunday chiqishlariga chek qo‘yadigan idora, mahkama yo‘qmi? Nega kerak bu? Kim nimani xohlasa, ko‘rgazma qilib ketaveradimi? Kim bo‘lishidan qat’iy nazar bizning urf-odatlarimiz, an’analarimiz va qadriyatlarimizni hurmat qilish kerak emasmi?

Bilib qo‘ying, o‘zbek oriyatini yo‘qotgani yo‘q, yo‘qotmaydiyam! O‘ylab ish qiling, tashkilotchilar!

 

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети