«Katta xolangga ovoz beraman!»
Sizni bilmadimu menga shu yigitchaning ko‘rsatuvi juda yoqadi. Rost aytayapman. Bir qarasang ko‘chada, bir qarasang zavod yoki fabrikada. Yana bir qarasang maktabda, kollejda, do‘konda! Gohida Andijonda, gohida Samarqandda! Xalq bilan eng ko‘p muloqot qiladigan inson shu aslida! Uzun mikrofonini xohlagan odamining tumshug‘iga tiqishtirgani-tiqishtirgan. Javob oladimi, olmaydimi, farqi yo‘q, muhimi, ko‘nglini cho‘ktirmaydi! Ayniqsa, qo‘shiq ayttirishi zo‘r! Shunaqangi jo‘shtirib yuboradiki, mikrofon qarshisidagi odam bilmagan ashulasini ham xirgoyi qilganini bilmay qoladi (multfilmdagi bo‘ri «uvillayman» degandek).
Bitta-ikkita kishi ters gapiradiyam, qahramonimiz esa parvo qilmaydi. «Katta xolangga ovoz beraman» deyishadi, u esa tirjayadi. Malades, pozitiv yigit! «Sur bo‘tdan» deyilsa ham diqqat bo‘lmay turaveradi. Eh, boshlovchi ukam, biz, jurnalistlarga ham shunday bo‘lishni o‘rgatsang edi!.. Betni beton qilsak qaniydi! Eshikdan haydasang, derazadan kirib kelaversak, o, qancha muammolar bitardi-ya!
Qani edi bu yigitcha shu iste’dodini boshqacha yo‘sinda ochsa! Bilakdek mikrofonini olib, hokimliklarga kirib borsa! «Qani ayting-chi, mavsum boshidan buyon nechta tadbirkorning vaqtini olib majlis o‘tkazdingiz?» desa! Keyin jiddiydan-jiddiy odamlar ishlaydigan uyushmaga bostirib kirsa! Qotmadan kelgan, ko‘zlari o‘lgan qo‘ynikiga o‘xshaydigan boshliqqa mikrofon o‘qtalsa: «Siz bitta nashrni go‘rga tiqib keldingiz, endi bu yerni o‘ldirsangiz, keyin qayerga ketmoqchisiz?» desa!..
Xo‘sh, bu odam nima qilardi? Charm qoplangan qop-qora kreslosidan sapchib turib, uning mikrofoniga yopishadi, kamerani tepadi. Agar qahramonimiz abjirlik qilib, tutqich bermasa, shartta stol ustidagi telefon go‘shagiga tarmashadi va yuqoriga qo‘ng‘iroq qiladi: «Men... men, uzr, nafasim tiqilib qoldi, menga hujum qilishdi, o‘ldirishayapti». Ana, ko‘rasiz janjalni!
Shundan so‘ng boshlovchimiz boshqa uyushmaga borsa! U yerdagi birinchi uchragan xodimga mikrofon tutsa! Jimjimador qilib savol bersa: «Bu uyushmada o‘zi nima bilan shug‘ullanasizlar?». Xodim anqayib qolishi aniq! Chunki nimalar qilishini o‘ziyam bilmaydi-da! Shtatlar jadvalini ko‘rsangiz, «yedinitsa»lar tiqilib ketgan, biroq kun bo‘yi qanday yumush bilan mashg‘ul bular, garantiya, hech qaysi bilmaydi.
So‘zamol boshlovchimiz savol berishda davom etsa. «Ayting-chi, davlatga, xalqqa qanday nafingiz tegayapti sizlarning?» desa! Xodim vijdoni qiynalganidan ho‘ng-ho‘ng yig‘lab yuborishi aniq! Shundan so‘ng ming yillardan buyon shu kabi tashkilotlarda boshliqdan-boshliqlikka o‘tib yuradigan nomenklatura-qariyaning yugurib kelishini ko‘ring! O, shunaqangi siyosatdan olib so‘zlasinki u! Hay-hay demasang, xuddi 37-yildagidek xalq dushmaniga chiqarib qo‘yishdan ham toymaydi! Joyini birovga berib bo‘pti bu kabilar! Kanadek yopishib olgan! Aslida zamonaviy fikrlaydigan yosh kadrlar uchun bunday o‘rinlar kerak ham emas! Nafaqat o‘rin, balki tashkilotning o‘zi ham kerak emas aslo! Ruhiyatni, o‘zlikni sindirishning nima hojati bor? Nuqul yuqoriga yoqishga harakat qiladigan boshliq va xodimlarda mustaqil fikr allaqachon o‘lib bo‘lgan!
Qahramonimiz ortidan operatorni ergashtirib, boshqa tashkilotlarga, vazirliklarga yugursa (ha, u faqat yuguradi)! Iste’fo berish nimaligini tushunmaydigan, toki o‘zi bo‘shatilmaguncha oromkursidan qo‘zg‘almaydigan rahbarlarni o‘qqa, yo‘g‘-yey, savolga tutadi. «Siz necha yildan buyon bu idorada o‘tiribsiz?». Javob ham shunga munosib bo‘lardi: «O‘zim ham bilmayman, ukajon, ketim kresloga svarkalab tashlangan shekilli!». Agar yana savol berilsa, bu yerda ham janjal bo‘lishi aniq!
Shundan so‘ng qahramonimiz... xalqqa murojaat qilsa! «Hurmatli tomoshabin, siz qaysi vazirning ishini munosib baholaysiz, nechta ovoz (necha baho) qo‘yasiz?» desa! Hammadan so‘rab chiqsa, javoblarni olsa! Vazirlarni ommaga tanishtirsa! O‘ziga xos xit-parad tuzsa!..
Yo‘-o‘-o‘-q, ayrim rahbarlar bechora yigitchani sudga berib, yengil-yelpi ko‘rsatuv tayyorlaganlikda ayblashardi. Tanish-bilishchilik, tarafkashlik qilganini aytib, rosa qoralashardi. Axir bularning boshidan oshib-toshadigan ishi shu-ku aslida!
Shunday ekan...
Xullas...
Boshlovchi ukamiz hozirgi ishini qilib yuravergani ma’qul. Qo‘shiqqa, qo‘shiqchiga, katta xolasiga ovoz yig‘ishdan ham beozor yumush bor ekanmi?
Nima dedingiz?
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter