Chormixga tortilgan qush yoxud bir shafqatsizlik bahonasida yozilgan kechmish
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir ko‘ngilsiz videolavha ko‘plarning ta’bini xira qildi. Oddiy dehqon ishkomdagi uzumlarni cho‘qilagan qushni qanotlaridan bog‘lab qo‘yib, rosa qiynamoqda. Tag‘in dakki ham beryapti. Ma’lum bo‘lishicha, u Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidan ekan. Nima uchun bu lavhani videolavhaga muhrlagan? O‘zicha xalqni kuldirmoqchimi? Agar shunday o‘ylagan bo‘lsa, saviyasi haminqadar past! Nahotki oramizda shunday odamlar bor? Bir ojiz qushni qiynab, tosh ko‘ngli orom topganmikan uning?
O‘smirlik paytlarim esimda. Aka-ukalar g‘isht quyayotgan edik. Qorilgan loyni maxsus shaklli qoliplarga solamiz va hovli sathiga ohista ag‘daramiz. Tez ishlash bo‘yicha «poyga»ni boshlab yuborganmiz, deng! Bir payt akam qolipdagi loyni ag‘darishdan oldin birdan to‘xtab qoldi va yerga engashgan ko‘yi «qoch, hoy qoch» deya boshladi. Ungacha men g‘izillab ikkinchi marta borib keldim. Akam esa hanuz asabiylashgancha turardi. «Ha, kim bilan gaplashyapsiz?» – dedim kulib. «E, mana bunga aytyapman, shuncha haydasam ham ketmayapti». Qarasam, qoliplarni ag‘daradigan joyda kichkina chumoli o‘rmalab yuribdi. Akam beozor jonivorni o‘ldirmaslik uchun g‘isht quymayotgan ekan. U qoliplarni bir chekkaga qo‘ydi, sekin «puf»lab, chumolini bir chekkaga haydadi, shundan keyin ishini davom ettirdi. O‘shanda akam dunyodagi eng mehribon odam bo‘lib ko‘ringan ko‘zimga.
Bizdan uch-to‘rt yosh katta qo‘shni yigit bo‘lardi. Oilada to‘ng‘ich farzand, o‘ziga yarasha tantiq, ota-onasiga aytganini qildirardi. Yillar o‘tib, uning g‘ayritabiiy tarzda o‘lganini eshitdim. Yozning issiq kunlarida u ko‘pqavatli uyning diqqinafas xonasida uxlay olmay, tomga chiqib pinakka ketar ekan. Bir kechasi dvijokka qisilib qolgan mushukning qattiq chiyillashidan uyg‘onibdi-da, tura solib yuguribdi va tomdan tushib ketibdi...
Marhumning haqiga duo qildim. So‘ng lop etib, bir necha yil avvalgi voqea esimga tushdi. Yigitlik chog‘larida bu odam mushuk bolasini ko‘chada qanchalik qiynagan, urib-tepgan edi. Bizning yalinib-yolvorishlarimizga quloq solmagan o‘shanda. Ajabki, o‘limiga aynan shu jonivor sabab bo‘libdi. Hayratdan yoqa ushladim.
Husan degan birodarimiz bor. Yaqinda qishlog‘idagi shafqatsiz juvon haqida aytib berdi. Bu ayol uylaridagi chorva mollarni sira ayamay qiynar ekan. Ayniqsa, sigirni qoziq bilan urib, buzoqni xumordan chiqqunicha arqon yordamida savalarkan. Bor ovozda qarg‘aganini butun qo‘ni-qo‘shni eshitar ekan. Sut sog‘ayotib sigir dumini silkitib qo‘ysa bormi, ishini tugatib bo‘lgach, tayoq bilan bas deguncha kaltaklayverar ekan.
Buzoq kattarib novvosga aylanibdi. Bir kuni uni og‘ildan chiqarayotgan ayol odatiga ko‘ra qarg‘anib orqasiga bir ursa, jonivor jon alfozda qochibdi. Arqonni qo‘yib yubormagan ayol hovlida yiqilib tushibdi, arqon oyog‘iga ilinib qolibdi. Novvos ochiq darvozadan tashqariga otilibdi. Zovurga tomon, so‘ng daraxtzor tarafga yugurib, ayolni rosa sudrabdi. Aksiga olib yon-atrofda hech kim yo‘q ekan. Ayolning baqirishga ham holi qolmagan, shox-shabba yuzlari, badanini tilib-yirtib yuborgan...
Qaragan odam cho‘chib tusharmish: plastik operatsiya ham yordam bermagan yuzidagi jarohat uni badbashara xotinga aylantirgan, tanasidagi ilma-teshiklar haligacha tuzalmagan.
Qaytar dunyo, deb bejiz aytmaydilar. Biz, har birimiz qilmishlarimiz uchun javob beramiz. Ayniqsa, tirik jonga ozor bersak, aziyat yetkazsak, o‘z jonimiz bilan «xunini to‘laymiz». Hayotda bunday misollar juda ko‘p.
«Oq kema»da ona bug‘uning fojiasini o‘ylab, bosinqirab chiqqan yosh qahramonni eslang. Hech bo‘lmasa bolajonlardan o‘rnak olaylik: jonivorlarni yaxshi ko‘raylik, ularga rahm qilaylik. Xudo yaratgan jonzotlarga ozor bermaylik. Ustoz Tohir Malikdan keltirilgan ushbu iqtibosni eslab yuring, azizlar:
«Allohning zaminu osmondagi barcha mo‘jizalari bexato ishlaydi va azizu mukarram qilib yaratilgan insonga xizmat qiladi. Ko‘zimizga ahamiyatsiz ko‘ringan chivin yoki gazanda hisoblanmish maxluqning ham tabiatda o‘z o‘rni, xizmati mavjud. Chivin ham mo‘jiza, fil ham bir mo‘’jiza va bu mo‘’jizalarning barchasi zanjir xalqasi kabi bir-biriga bog‘langan, uni uzmoq, to‘g‘rirog‘i, uzmoqqa urinish insoniyat boshiga fojialar yog‘dirajagi tarixdan ma’lum...»
Xudoyim barchamizni fojialardan asrasin!
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter