Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Аброр Зохидов

Tushunmayman, gapning rosti — tushunmayman...

Tushunmayman, gapning rosti — tushunmayman...

Foto: PaySpace Magazine

2018-yil — Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili

Yilimiz nomini juda zarur soha bilan bog‘ladik, dastur ham muhokamaga qo‘yildi, har bir amaliy qadam xalq farovonligiga yo‘naltirilmoqda. Ammo bugungi kun ko‘zi bilan qaraganda mutlaqo mantiqsiz ayrim talab va cheklovlar borki, masalan, men oddiy fuqaro sifatida bu cheklovlar nechuk hanuz yashab kelayotganiga hecham tushunmayman.

Metro

Poytaxtga kelgan odam metroga tushadi, metroga tushgan odam suratga olgisi keladi. Sayyoh uchun suratga olmasa, bu yerga tashrif buyurishning nima keragi bor? Lekin suratga olish mumkin emas. Sababi — xavfsizlik (bo‘lsa kerak). Xo‘sh, bugun internetda har bir metroning har qanday rakursdagi suratini topish mumkin bo‘lgan bir zamonda, bu choraning nima keragi bor (qolgan)?

Tunnel

Qamchiq dovonidan o‘tgan odamni bu yerning tabiati maftun qiladi. Tog‘larni teshib o‘tgan bunyodkorlik namunasi — tunnel iftixor hissini uyg‘otadi. Lekin ming faxrlanmang, suratga ololmaysiz. Yana o‘sha gap...

Bojxona

Bojxonachilar telefoningizni tekshirishadi. Ular taqiqlangan materiallar, ayniqsa behayo surat va videolarni topishga ustalar. Talab, buyruq shunday, bajarishadi-da. Lekin qaysi zamonda yashayapmiz? Internet (sekinroq ishlasa-da) bizga ham kirib kelgan, o‘sha behayo suratni bir tugmani bosish orqali topish mumkin. Modomiki ma’naviyat masalasiga jiddiy qaralgan ekan, kurashishning — «ketmon bilan bilan bir sol» usulini emas, boshqa, haqiqiy innovatsion usullarini izlash vaqti kelmadimi? Masalan, internetda shunaqa sahifa ochilganda, «Siz shunday axborotlar tarqatiluvchi saytga kirdingiz. Buning oqibati falondaqa» degan ogohlantirishlar singari.

Temir yo‘l chiptasi

Poyezdga oldindan chipta olishga borganlar biladi — pasportning aslini taqdim qilmasangiz, chipta sotib ololmaysiz. Nusxasi o‘tmaydi. Qiziq, nusxasi bilan sotishga (hamma ma’lumotlar borku) nima to‘sqinlik qiladi? Axir chipta bo‘lgani bilan, vokzal hududiga kirishdan boshlab poyezdga chiqquncha kamida uch marta pasport tekshiriladi-ku. Nega yo‘lovchi avval shunchaki telefonidagi pasport surati bilan chipta sotib olib, keyin uyidan pasporti-yu yuklarini olib kelib, poyezdga chiqa olmaydi? (Sotilayotgan onlayn chiptalarni ro‘kach qilmang, ular hali ommalashishiga ko‘p qovun pishig‘i bor).

Propiska

Bunisi mavzularning eng ajoyibi va muhokamasevari. Mayli, qonun talabi shunday, Toshkentga kelgan odam uch kun ichida ro‘yxatdan o‘tishi kerak (lekin bu muddatda biror kishi ulgurganini eshitmadim). Shu bir parcha qog‘oz bilan inson qandaydir tarafga o‘zgarib qoladi, degan fikrda hamon sobitmiz. Bunga ham ko‘naylik. Lekin shu bir parcha qog‘ozni olish uchun mingta qog‘oz to‘plash usulidan ko‘ra, onlayn olish usulini qo‘llashimizga nima xalaqit beradi? Axir maqsad viloyatlikni (viloyatlikni, O‘zbekistonning bir viloyatida yashovchi shaxsni!) qandaydir chora bilan ro‘yxatga olish ekan, nega shu viloyatlik bitta portalga pasport ma’lumotlarini jo‘natib, poytaxtdagi turarjoyini kiritib, zarur hujjatlarni ololmaydi? Yoki buning uchun joriy yildagiday yigirmata innovatsiya yili o‘tishi kerakmi? (Darvoqe, «propiska» degan sehrli so‘z joriy qilinganiga ham yanagi yil 20 yil to‘larkan).

Tushunmayman, agar sizning aqlingiz yetsa — tushuntirib bering!

 

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети