Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Аброр Зохидов

O‘zbekligimdan faxrlanaman... O‘zbekligimdan uyalaman...

O‘zbekligimdan faxrlanaman... O‘zbekligimdan uyalaman...

Foto: «bazm.uz»

Men shu millatning vakiliman, bir bo‘lagiman. Har bir yutug‘iga quvonaman, qusuriga achinaman. Har bir vakili men uchun aziz, yaxshisi ham, yomoni ham. Millatim fe’li shunchalar rang-barangki, ta’rifida kitoblar bitsa arziydi. Uning o‘ziga xos qirralari yaqqol namoyon bo‘laverganidan dunyoga tanilib ulgurgan.

Samolyotda ancha-muncha odam uchmaydi. Ayniqsa, bizda. Samolyotda uchibdimi, shunga yarasha puli, shu parvozga arzigulik maqsadi bor. Xorijga uchsa bilingki, chakana shaxs emas — gap katta loyihalar, yirik mablag‘lar, yoki boshqalarga havas qilgudek bir yayrab kelish haqida ketmoqda.

O‘zbegimning ulkan samolyotlarda salobat bilan uchib ketishini, chet ellardan ham nimadir undirib kelishini, qaytganida yaqinlariga atalgan sovg‘alar bilan to‘lib-toshib qaytishini ko‘rsam faxrlanaman. Ana o‘zbegim, deyman.

Istanbul, Pekin aeroportlarida har biri kichikroq traktorday sumkalarni sudrab, ilingan yo‘lovchining oyog‘iga osilganlarni, molini o‘tkazib berishini so‘rab yalinganlarni, aeroport xodimlari yuki ko‘pligini aytib qaytarganida, gadoylardek yalinganida, jazavaga tushib baqirganlarni, o‘tib olib, boplab chuv tushirganini aytib maqtanganlarni ko‘rsam, o‘zbekligimdan uyalib ketaman, boshqalar oldida boshim xam bo‘ladi...

Chekka bir qishloqning chekka uyida ulg‘aygan yigitchalarning dunyo nigohi qadalgan ringlarda g‘alaba qozonib, yurtim bayrog‘ini ko‘zlariga surtib yig‘laganlarida men ham qo‘shilib yig‘layman. Ular Vatanga qaytganlarida butun millat jam bo‘lib kutib olib, poytaxt bo‘ylab aylantirayotganlarida qadrim osmon qadar yuksaladi, ko‘ksimni to‘ldirib «Men ham o‘zbekman!» deya hayqirgim keladi.

Poytaxtda o‘zining ham kelib chiqishi qaysidir hududdan bo‘lgan mirshabning ko‘chada kimnidir tutib olib «Prapiskang bo‘lmasa, Toshkanda nima qivossan?!» deb o‘dag‘aylaganida xo‘rligim keladi. O‘z yurtida qimtinayotgan o‘sha mehmonga achinaman.

Bir-ikki qadam yurganimdan so‘ng rang-ro‘yidan o‘zim kabi (ta’kidlayman: o‘zim kabi) qishloqi yigit so‘nggi yillarda pul topib jilovni yo‘qotganidan poytaxt ko‘chasini boshiga ko‘tarib baqirayotganida, ichgan pivosining shishasi bilan pistasining po‘chog‘ini yo‘l o‘rtasiga otib ketganida, sharaqlatib nos tuflaganida, kimdir sabot bilan o‘stirayotgan maysalarni dag‘al oyoqlari bilan toptab ketayotganida men ham o‘zbekman, deyishdan xijolat bo‘laman...

Sovuq o‘lkalarga tavakkal yo‘l olib, bola-chaqasining rizqini ayirib kelayotganlarni, buning uchun kimgadir jilmayib, kimdir turtkilasa ham ichiga yutib, har kimga har xil tavallo bilan haqqini olib, shundan bir chetginasini, qornigagina yarashasini olib qolib, qolganini bus-butun oilasiga yetkazayotganlarni ko‘rsam, har birini bag‘rimga bir-bir bosib chiqqim, «men sizlarning millatdoshingizman, har biringizning dardingiz mening dardim» degim keladi.

O‘sha bepoyon o‘lkada to‘lib toshgan firibgarlar kamlik qilgandek, o‘zimniki o‘zimnikining ko‘ziga cho‘p suqsa, belangi qilib ishlatgani yetmaganday, haqini bermasa, kamiga o‘zidan keyingisiga qul qilib sotib yuborsa, ana shu ishlarni qilganlar ham o‘zbek bolasi ekanligidan qahrim keladi. O‘zimizniki qolib, boshqa millat vakillari biznikilar bir-biriga firib berayotganini aytib, o‘zbekni birvarakayiga so‘ksa, yer yorilishini kutaman, shu millatdanligimni aytolmayman hatto...

O‘z yurtida o‘z tilini himoya qilguvchilar paydo bo‘lganida faxrlanaman. O‘sha himoya qilguvchini o‘z millatdoshi millatchilikda ayblaganida, millatdoshi o‘zbekchaning to‘rtta so‘zini bog‘lab bera olmaganida uyalaman.

Jimitdekkina bolakay shaxmat bo‘yicha chempion bo‘lib kelsa, shu mening ham millatim ekanligidan hayratlanaman.

O‘z farzandi ta’limi uchun o‘n ming so‘mni ayaydigan, «o‘qib olim bo‘larmiding» degan yaramas jumlani maqol maqomiga ko‘targan, hamisha puli yo‘qligini aytib noliydigan insonning bir necha soatlik to‘yda olgan qarzlarigacha sochib, otarchi xonandaga besh-o‘n ming dollarni qurtdek sanab berib yuborganida, bu millat vakilining bir tanida ikki inson yashashiga amin bo‘laman. Shu ham o‘zbekmi, degim keladi.

Onam bor, singlim bor, amma-xolalarim bor. Ular millionlab o‘zbek ayollari kabi o‘zini to‘laligicha oilasiga, farzandlariga bag‘ishlashgan. O‘zbek ayolining zahmatini tasvirlash uchun minglab musavvirlar mo‘yqalam olishgan, haykaltaroshlar tosh yo‘nishgan. Millatim ayollarining sadoqati kuylangan qo‘shiqlarni dillarni sel qilganda, bitilgan asarlar qo‘lma-qo‘l bo‘lganida hayratlanmagan odam yo‘q. Erini, to‘rt-beshtalab o‘g‘illarini kuzatib birortasini kutib olmagan O‘zbek ayoli, odamlar bir-birining go‘shtini yegan urushdan farzandlarini sog‘-omon olib chiqqanda ham orini oyoqosti qilmagan O‘zbek ayoli haqida eshitsam, g‘ururim tog‘lardek yuksaladi.

Ana shunday yuksak kayfiyatda turganimda, yana Yaqin Sharq tomondan nimadir chorlagandan bo‘ladi va nigohim tasavvurlarimni chil-chil qiladi. Ming bir chig‘iriqqa tushgan millatdoshlarim sabr qilgan bir paytda, uning so‘nggi avlodlarining ayrim vakillari bir kilo go‘shtning puli uchun qaysidir sahroyining ko‘nglini xushlaganida, shaharlar ko‘chalari to‘lgani kamlik qilganday, tungi maskanlarda sahna o‘rtasida temirga o‘ralib ilon raqsiga tushganida, o‘sha hududlarda o‘shanaqa ayollarni shunchaki... O‘ZBEK deb ataganlarida o‘zbekligimdan or qilib ketaman!

Ana shunday taloto‘p ko‘ngil bilan yashayman men... Sizchi?

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети