Nega O‘zbekiston boylarining reytingi yo‘q?
Sarlavhadagi savolga javob izlashdan oldin ko‘pchiligimizning badavlat insonlarga nisbatan qon-qonimizga singib ketgan munosabatimiz haqida ozroq mulohaza yuritsak.
«Ulug‘ o‘ktabr» inqilobidan keyin shitob bilan boylarni gumdon qilish jarayoni boshlandi. Eplagan boylar topgan-tutganini olib chet ellarga qochib ketishdi, eplolmagan, lekin murosaga kirishgani mol-mulkini berib qutuldi, bo‘yin egishni istamaganlari esa omadi kelsa quloq, kelmasa, gumdon qilindi.
Balki bu bir to‘qimadir. Lekin shunday jarayonlarda faol qatnashayotgan «qizil»lardan biridan bir ingliz «sizlar kimga qarshi urushayapsizlar?» deb so‘raganida «boylarga qarshi» degan javobni oladi. Ingliz «biz asrlar davomida boylarni ko‘paytirishga urinayapmiz. Sizlar borini yo‘qotayapsizmi?!» deydi hayratlanganicha.
Mustabid tuzum deymiz. Bu tuzum tugaganiga ham 30 yil bo‘lib qoldi. Ammo o‘sha tuzumda rosa o‘rganib olgan ayrim odatlarimizdan hech voz kecha qolgimiz kelmaydi. Shulardan biri badavlat odamlarga havas bilan qarash yo‘qligi, darrov hasad, g‘iybat, ko‘rolmaslikni qorishtirib tashlashimizdir.
Albatta, hamma ham bunday emas. Lekin har birimizning (garchi o‘zimizni unday inson hisoblamasak-da) aynan shunday tanishlarimiz talaygina emasmi?
AQShda ishlovchi bir hamyurtimiz shunday degandi: «Albatta, bu davlatning taraqqiyotiga, dunyoda yetakchiga aylanishiga ko‘plab omillar sabab bo‘lgan. Lekin men shular orasidan bittasini aytmoqchiman va aynan shu xislat bizda kamroqdek. Bu davlat aholisi hasad nimaligini bilmaydi. Har qadamda millioner, har shaharda milliarder. Lekin hech kimning hech kim bilan ishi yo‘q. Hamma o‘z hayoti bilan yashaydi va oilasi ravnaqi yo‘lida tinmay ishlaydi».
Xo‘sh, biz — o‘zimizni bag‘rikeng, tanti deb alqab yuruvchi yurtdoshlar, nega bunchalar hasadni oshno bilganmiz? Axir dinimiz ham, urflarimiz ham, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan odobimiz ham bu illatni faqat qoralaydi-ku.
Buning bir necha sabablarini sanab o‘tish mumkin:
- Biz o‘zimiz erisha olmaydigan darajaga chiqa olganlarni hech qachon ko‘ra olmaymiz. Aslida ulardan o‘rnak olishimiz kerak. Lekin biz osonroq, o‘zimizga ham taskin beradigan yo‘ldan ketamiz va davlatmandlarni hasad o‘qlariga nishon qilamiz.
- Oldingi tuzum «yig‘laganga ham bir chalpak, yig‘lamaganga ham» tizimida ishlagani uchun bizning qon-qonimizga «inson o‘zgalardan boylik jihatidan ajralib turmasligi kerak» degan tushuncha singib ketgan. Shuning uchun o‘zimiz intilmaganimiz kamlik qilganday intilganni ham xushlayvermaymiz.
- Deyarli hammamiz bizning sharoitda halol yo‘l bilan boylik orttirish mumkin emas deb hisoblaymiz. Nazdimizda hamma boylar faqat egri yo‘llar bilan davlat orttirgan va ularning barchasi ijobiy xislat egalari emas, qisqasi yomon ko‘rsa arziydi.
- Fikrimizcha, boy boymi, albatta topgani bilan bo‘lishishi lozim. Bu uning ixtiyori, istasa qilishi mumkinligini qabul qilmaymiz. Shuncha nochorlar turib, inson badavlat bo‘lishga ma’nan haqqi yo‘q. Bulgakov qahramoni, kuchukdan yaralgan chala inson — Sharikov aytganiday «Olish kerak, bo‘lish kerak. Tamom!» (ruschasiga «vzyat i podelit»).
- Eng qizig‘i, o‘zimiz shu boyga yaqinlashib olsak, qarindoshimiz bo‘lsa yoki qarindosh kirishsak, endi undan yaxshi odam yo‘q — foydasi tegishi mumkin-da. Faxrlanib yuramiz, gap orasida aloqalarimizni qistirib o‘tamiz, o‘rni kelsa-kelmasa salom-alikni quyuq qilamiz.
Nega shunaqa?! Nima uchun moddiy farovonlikka erishganlarga ola qarashdan hech voz kecha olmayapmiz? Axir yangi g‘oyalar kiritgan, tadbirkorligi, tashabbuskorligi bilan ma’lum marralarni zabt etgan insonlarning kambag‘al va nochor yashashi aqlga sig‘maydi-ku. Biz ham ular bilmaydigan, ammo o‘zimizning ich-etimizni yeydigan hasadni bir chetga surib, badavlat bo‘lishga intilganimiz yaxshi emasmi?
Sarlavhaga javob ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘ldi shekilli. Dunyoning deyarli barcha davlatlarida eng badavlat insonlarning reytingi tuziladi va ularning har biri qancha boylikka ega ekanligi e’lon qilib boriladi. Ko‘pchilikni qiziqtiradigan bu ma’lumotlarning shaffofligi shubha tug‘dirmaydi va kerak bo‘lsa o‘sha boylarning o‘zi reyting tuzuvchilarni axborot bilan ta’minlab turishadi.
Ammo biz istisno o‘rnidamiz. O‘zbekistonda xalqaro o‘lchovlar bo‘yicha birorta milliarder borligidan bexabarmiz. Milliarderniku qo‘ying, shuncha boyligi borligiga ko‘pchiligimiz shubha qilmaydigan millionerlar ham bu tamg‘ani o‘zlariga yopishtirishdan, tan olishdan hayiqishadi. Chunki ular yaxshi bilishadi — o‘qdek nigohlarni qadab turgan ko‘zlar bor!
Aksariyatimizning fe’l-atvorimizga singib ketgan bu odatdan voz kechib, o‘zimiz uchun yeng shimarish vaqti allaqachon kelgan. Umr o‘tmoqda axir...
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter