Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Аброр Зохидов

Hammasi bekor gap! Metroda haliyam suratga tushirish mumkin emas

Hammasi bekor gap! Metroda haliyam suratga tushirish mumkin emas

Foto emas bu. Qo‘lda yozilgan...

Yodingizda bo‘lsa, joriy yilning 5-aprel kuni saytimizda «Metrodagi sarguzashtlar. Suratga olish mumkinmidi o‘zi?!» nomli maqola e’lon qilgandik. Unda ichki ishlar xodimlari dastlab suratga olishga qarshilik qilganlari, olingan suratlarni ham o‘chirib tashlashga uringanlari, uzoq surishtiruvlardan so‘ng bu cheklov bekor qilingani to‘g‘risidagi ma’lumotdan boxabar bo‘lib, suratlar o‘chirilmagani haqida so‘z borgandi.

Aslida hammasi sal oldinroq boshlangandi, 2018-yilning 7-fevralida Xalqaro press-klub Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbari Aziz Abduhakimov bilan birga uyushtirgan matbuot anjumanida bu rasman e’lon qilindi. Keyin Toshkent shahar hokimining bu cheklovni bekor qilish bo‘yicha qarori ham qabul qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Shu bilan go‘yoki mavzu unutildi. Metroda suratga tushishga ruxsat berildi, deb hisoblay boshladik.

Bu orada zamon talabiga muvofiq innovatsiyalar hayotimizga keng qadamlar bilan kirib kela boshladi. Shulardan biri metroda ham ishga tushibdi. Maxsus bankomat orqali jeton sotish yo‘lga qo‘yilibdi. Bu ham yaxshi yangilik-da — hamma ham kassa yonida navbat kutmay naqd puli yoki plastik kartasi orqali jeton o‘rniga chipta sotib olaveradi va nazoratchiga ko‘rsatib kirib ketaveradi. Qulaylik-da harqalay!

Darhol muxbirimizni o‘rganish va maqola tayyorlash uchun jo‘natdik. Qizig‘i shunda boshlandi.

«Mustaqillik maydoni» bekatiga o‘rnatilgan bu bankomatni tomosha qilish mumkin ekanu suratga olish mumkin emas ekan. Bekatning bosh nazoratchisi bo‘lgan opaga har qancha tushuntirmaylik, suratga olishga ruxsat bermadi.

— Axir metropolitenda suratga olishga ruxsat berilgan-ku, — deb e’tiroz bildirdik biz ham.

— Bu ruxsat hali bizga yetib kelmagan. Suratga olish uchun rahbariyatimizga murojaat qilasizlar, ular maxsus bo‘limga yo‘naltirishadi. Maxsus bo‘lim murojaatni ko‘rib chiqadi va ruxsat bersa, bir xodimni sizlarga biriktirib qo‘yadi. Sizlarning xodimlaringizning hamma ma’lumotlari kiritilib (pasport, guvohnomalar, texnika...) ruxsatnoma qilinadi. Shundan keyin biriktirilgan xodim nazoratida suratga olishlaringiz mumkin bo‘ladi (audioni tinglang).

Bu taqiqlar bekor qilinganini opaga tushuntirdik. Ko‘z oldimizda bosh nazoratchi rahbariyati bilan bog‘landi. Afsuski, bu cheklov hanuz amalda ekanligini telefon orqali javob bergan mas’ul shaxs (suhbat jarayonida u kishining Sulton Sobirovich ekanligini bildik, ammo bog‘lanish uchun telefonini ololmadik) ham bu talablarni tasdiqladi.

Xullas, «asrlar davomida amalda bo‘lgan» cheklovning hali-hanuz bekor qilinmasligiga amin bo‘lib, maqola mavzusi bo‘lgan bankomatni ham unutib ortga qaytdik.

Metropoliten ma’muriyatining ochiq manbalarda e’lon qilingan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qildik. O‘zini Rahmatjon Abdurahmonov deb tanishtirgan metropoliten xodimi cheklovlar hanuz amalda ekanligini tasdiqladi va shunday dedi:

— Suratga olish uchun ruxsat olish shart. Dastlab sayyohlar uchun ruxsat berilgandi. Ammo hozir ular ham rasman murojaat qilishlari kerak.

— Sayyoh Toshkentda ko‘p qolmaydi. O‘zi bir ikki kun turadigan odamga bu ortiqcha tashvish tug‘dirmaydimi? Qolaversa «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» degan keng qamrovli aksiya o‘tkazmoqdamiz. Viloyatlardan keluvchilar ham sayyoh hisoblanadi. Ular ham shu shartlarni bajarishlari kerakmi?

— Ha. Chunki talab shunaqa.

— Ruxsat olganlar albatta suratlarini internetga joylaydilar. Demak hamma bekatlarning shundoq ham suratlari bo‘lgan internet yanada boyiydi. Endi uni yashirishdan maqsad nima?

— Bu savolingizga javob bera olmayman...

— Hech bo‘lmasa kerakli suratni olish uchun rasmiy saytingizdan foydalanish istagida edik. Ammo saytlaringiz ham ishlamayapti ekan.

— Ha, shunday. Saytimiz ishlamayapti.

Shu o‘rinda oz emas, ko‘p emas, uchtagina mulohaza bor:

  1. Qachongacha byurokratiyani mahkam ushlaymiz (byurokratiya so‘zi og‘ir botganlar bitta surat olish uchun qo‘yilgan yuqoridagi talablarni o‘qisinlar)? Har qanday metro bekatining har qanday burchagi surati internetda manaman deb turibdi-ku! Yosh bola ham topa oladigan bu suratlarni kimdan va nimadan yashirayapmiz?
  2. Innovatsiya-innovatsiya deymiz. Ammo yo‘lga qo‘yilgan kichkina bir innovatsion yutuqni ham ommaga yetkazishga monelik qiladigan bo‘lsak, uning nima keragi bor?
  3. Metroda suratga olish mumkinligi haqida bundan deyarli to‘rt oy avval e’lon qlingan bo‘lsa-da, nega o‘sha cheklov bekor qilingani haqidagi buyruq hanuz bekatlarning mutasaddilariga yetib bormayapti?

Shu o‘rinda bir tashabbus ko‘rsatmoqchimiz — biz, «Xabar.uz» jamoasi, shu buyruqni kerakli joydan olib, ikkinchi punktga yetkazishni o‘z zimmamizga olamiz! O‘sha buyruq berilsa bas. Barchaga o‘zimiz tarqatib chiqamiz. Qachondir bu masalaga uzil-kesil nuqta qo‘yilishi kerak-ku.

Shu o‘rinda avvalgi maqolamiz asosida suratga tushirgan va izza bo‘lgan mushtariylardan uzr so‘raymiz. Ne ajabki o‘tgan kungi gap kechaga, kechagi gap bugunga to‘g‘ri kelmayapti.

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети