Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yo‘lsoz Putin, pichoqboz Tramp, to‘fandoz Kim Chen In (foto)

Yo‘lsoz Putin, pichoqboz Tramp, to‘fandoz Kim Chen In (foto)

Yangi yilning ilk haftasida dunyo ayvonida urush, ixtilof va beqarorlik hukm surdi. Xabar.uz hafta hodisalariga karikaturalar orqali nazar tashladi.  

1.AQSh prezidenti Jo Bayden 2024-yildagi ilk saylovoldi nutqida ehtimoliy raqibi Donald Trampni «demokratiya uchun jiddiy tahdid» deb baholadi. Tramp bunga javoban muxolifini «ojiz ta’viya» deb atadi. Kolorado, Men kabi shtatlar Trampning saylovda qatnashishini man etgan. Sobiq prezident bu borada Oliy sudga shikoyat yo‘llagan.

Karikatura: Kenny Tosh

2. Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Ukraina va G‘azo sektorida urushni davom ettirmoqda. Masalan, 2 yanvar kuni Rossiyaning Kiyev va Xarkov shaharlariga raketa hujumi oqibatida kamida 5 kishi halok bo‘ldi, 130 kishi jarohatlandi. G‘azoda 2023-yil 7-oktyabrdan buyon davom etayogan urushda halok bo‘lgan falastinliklar soni 22430 nafarga yetdi, ularning 9730 nafari bolalar, 6530 nafari ayollardir. 7000 kishi bedarak yo‘qolgan. 

Karikatura: Tjeerd Royaards

3. 5-yanvar kuni Shimoliy Koreya Janubiy Koreya bilan nizoli chegara hududga yuzlab snaryadlar otdi. Janubiy Koreya ham bunga shu tarzda javob qaytardi. Insoniy talafot kuzatilmagan bo‘lsa-da, Pxenyan va Seul o‘rtasidagi munosabat yanada taranglashdi. KXDR rahbari Kim Chen In tahdidli bayonotlar bermoqda. 

Karikatura: DW

4. Yaponiyada dushanba kuni ro‘y bergan kuchli zilzila va uning ortidan kuzatilgan to‘fon oqibatida halok bo‘lganlar soni 126 nafarga yetdi. Ikki yuzdan ziyod kishi daraksiz yo‘qolgan. Qidiruv-qutqaruv amaliyoti to‘xtatilgani yo‘q, ammo rasmiy idoralar vaqt o‘tgan sari yo‘qolganlarni tirik holda topish imkoni kamayib borayotganini aytgan.

Karikatura: Ameen Alhabarah

5. 4 yanvar kuni Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant urushdan keyin ham G‘azo sektorida yahudiy armiyasi nazorati saqlanib qolishi haqida bayonot berdi. Arab dunyosi okkupatsiyaga qarshi ekani ma’lum. Tel-Avivning G‘azoda harbiy nazoratni saqlash rejasi G‘arbdagi ittifoqchilari tomonidan ham qabul qilinmadi. Masalan, Fransiya fikricha, Falastin hududi sanalgan G‘azo taqdirini Isroil hal etishga haqli emas. 

Karikatura: Hassan Bleibel

6. Pepsi shirkati o‘z mahsulotlari narxini oshirishi ortidan Fransiya, Ispaniya, Italiya va Belgiya supermarketlari unga nisbatan boykot e’lon qildi. Supermarketlar shirkat narxlarni nomaqbul darajada oshirgan deb hisoblaydi. Musulmon dunyosida ham Isroilni dastaklashi vajidan Pepsi mahsulotlariga boykot davom etmoqda. 

7. Disney kompaniyasi 1-yanvardan e’tiboran dunyoga mashhur Mikki Maus personajining dastlabki oq-qora timsoli uchun mualliflik huquqidan mahrum bo‘ldi. Endilikda boshqa studiyalar ushbu personaj tasviridan foydalangan taqdirda Disney sudga da’vo bilan murojaat qila olmaydi. 

Karikatura: Rainer Hachfeld

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring