Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Xalqimiz shuni bilsinki...» – Erdo‘g‘on bayonot berdi

«Xalqimiz shuni bilsinki...» – Erdo‘g‘on bayonot berdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mamlakat poytaxti Anqara shahrida, TUSAŞ aerofazoviy shirkati ob’yektida sodir etilgan teraktga munosabat bildirdi. 

Erdo‘g‘onga ko‘ra, teraktdan ko‘zlangan maqsad Turkiyaning barqarorligiga raxna solish va mamlakatning to‘laqonli mustaqilligi ramzi sanalgan mudofaa sohasidagi yutuqlarni yo‘qqa chiqarishdan iboratdir.

Turkiya rahbari hujumning ilk daqiqalaridanoq xavfsizlik kuchlari tezkorlik bilan harakat qilgani va terrorchilarni yo‘q qilganini qayd etgan.

«Xalqimiz shuni bilsinki, Turkiyaga qarshi ko‘tarilgan iflos qo‘llar shubhasiz sindirilajak. Bizning xavfsizligimizga raxna solmoqchi bo‘lgan biror bir tuzilma, biror bir terror tashkiloti, biror bir yovuzlik markazi maqsadiga yeta olmaydi», – deb ta’kidlagan u.

Qayd etilishicha, Anqara barcha turdagi terror tahdidlari va yovuzlik gumashtalariga qarshi qat’iy kurashdan aslo chekinmaydi.

Ma’lumot o‘rnida, 23 oktyabr kuni TUSAŞ aerokosmik kompaniyasi ob’yektida sodir etilgan qo‘poruvchilik harakati oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan, 22 kishi jarohatlangan.

Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya hujumni uyushtirgan ikki terrorchi o‘ldirilgani, ulardan biri ayol ekanini aytgan.

IIVga ko‘ra, hujum Kurdiston ishchi partiyasi terror tashkiloti tomonidan uyushtirilgan bo‘lishi mumkin.

Rasmiylar hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring