Rossiya armiyasi tarkibida Ukrainaga qarshi jang qilgan qozog‘istonlik qamaldi
Qarag‘anda viloyati sudi Topar qishlog‘ida yashovchi 34 yashar erkakni Ukrainadagi urushda qatnashgani uchun olti yil-u sakkiz oyga ozodlikdan mahrum qilgan. Tergov hujjatlariga ko‘ra, u shu yilning mart oyida «Vkontakte» orqali «Vagner»chilar bilan bog‘lanib, to‘lov evaziga urushda qatnashishga rozi bo‘lgan. Shundan so‘ng u Rossiyaga yetib borib, o‘quv-mashg‘ulot lagerida qayta tayyorlovdan o‘tgan va may oyida Ukraina chegarasini kesib o‘tib, Baxmut yaqinidagi janglarda qatnashgan.
Rus millatiga mansub Qozog‘iston fuqarosining Ukrainaga qarshi urushdagi sarguzashtlari ko‘pga cho‘zilmagan. U ikki haftaga bormay janglardan birida yaralanib, safdan chiqqan. Qozog‘istonga qaytganidan so‘ng esa oradan ko‘p o‘tmay qo‘lga olingan.
Sud ushbu shaxsning harakatlarini «konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darish yoki buzishga yoxud davlatning hududiy yaxlitligini buzishga qaratilgan» harbiy amaliyotlarda ishtirok etish sifatida malakalagan hamda uni yollanma faoliyatda aybdor deb topib, olti yil-u sakkiz oy muddatga qamoq jazosiga hukm qilgan. Bundan tashqari. Sud qarorida «Vagner» xususiy harbiy shirkati tomonidan to‘lab berilgan 205 ming rubldan ortiq pulni musodara qilish ko‘zda tutilgan.
Erkak sudda aybiga iqror bo‘lgani, pulga muhtojlik ortidan bunday qarorga kelganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston qonunchiligida boshqa davlat armiyasida harbiy harakatlarda ishtirok etish jinoiy javobgarlikka tortiladigan yollanma faoliyat sifatida tasniflanadi va buning uchun javobgarlik belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter