Ukraina va Rossiya muzokaralari boshlandi

Belarusning Ukraina bilan chegarasi yaqinida joylashgan Gomel viloyatida, Pripyat daryosi bo‘yidagi qarorgohda Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralar boshlandi.
Moskva delegatsiyasiga prezident yordamchisi, Rossiya sobiq madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy boshchilik qilmoqda. Shuningdek, uning tarkibidan Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi va prezident ma’muriyati vakillari o‘rin olgan.
Ukraina delegatsiyasi tarkibida esa «Xalq xizmatkori» partiyasi fraksiyasi rahbari David Araxamiya, Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov va Ukraina prezidenti ofisi rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyaklar bor.
Zelenskiy ofisining axborotiga ko‘ra, muzokaralarning asosiy masalasi «zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va Rossiya qo‘shinlarini Ukraina hududidan olib chiqib ketish»dir.
«Mojaro davom etayotgan har soatda Ukraina fuqarolari, ukrainalik askarlar halok bo‘layotgani sababli, biz, albatta, imkon qadar tezroq birorta kelishuvga erishishdan manfaatdormiz. Bu kelishuvlar, shubhasiz, har ikki tomon manfaatlariga mos kelishi kerak», — dedi Medinskiy.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter