Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ukraina urushini qoralagan rossiyalik taniqli siyosatchiga sud hukmi o‘qildi

Ukraina urushini qoralagan rossiyalik taniqli siyosatchiga sud hukmi o‘qildi

Rossiyaning Yekaterinburg shahri sobiq hokimi Yevgeniy Royzman mamlakat armiyasini obro‘sizlantirishda ayblanib mahkamaga tortildi.

24-avgust kuni hibsga olingan siyosatchining jamoat maskanlari va tadbirlarga borishi, shuningdek, internet va aloqa vositalaridan foydalanishi taqiqlandi. Unga faqat yaqin qarindoshlari, advokatlar hamda tergovchi bilan muloqot qilishga ruxsat etiladi.

Ye.Royzman aybini tan olmagan. Advokat esa sudyaga Nobel mukofoti sohibi Dmitriy Muratov, yozuvchi Boris Akunin va boshqa atoqli shaxslarning sudlanuvchi shaxsiga oid ijobiy tavsifnomalarini taqdim etgan. Shunga qaramay, mahkama yengillik berish so‘rovini rad etgan.

«Inson uchun eng ulug‘ qadriyat bu – erkinlikdir. Yoshim ulg‘aygani sari ko‘ngildagi fikrlarni erkin bildirish bebaho qadriyat ekanini anglay boshladim», – degan sobiq hokim sudda. 

Ye.Royzman Yekaterinburgda hibsga olingach, uyida, unga qarashli jamg‘arma va muzeyda tintuv o‘tkazilgan. Mahkamada qayd etilishicha, siyosatchi joriy yil 1-iyul kuni YouTube tarmog‘ida e’lon qilingan lavhada Ukrainadagi urushni tanqid qilgan va shu orqali «siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish»ga uringan. Yekaterinburgning sobiq hokimi avvalroq uch marta Rossiya qurolli kuchlarini obro‘sizlantirishda ayblanib ma’muriy jarimaga tortilgan. Xususan, u Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning «Ukrainadagi harbiy operatsiya AQSh yakkahokimligiga barham berishga qaratilgani» xususidagi fikriga ijtimoiy tarmoqda keskin e’tiroz bildirgan. O‘shanda unga jarima tayinlangandi. Bu gal esa politsiya jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Ye.Royzman 2003-2007-yillarda Davlat dumasi deputati bo‘lgan, 2013-2018-yillarda Yekaterinburg meri lavozimida faoliyat yuritgan. U og‘ir xastaliklarga chalingan bolalarga ko‘mak ko‘rsatuvchi xayriya jamg‘armasiga ham asos solgan. Ye.Royzman Ukraina bosqinini ochiq qoralayotgan rossiyalik sanoqli siyosatchilardan bir ekani aytiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring