Twitter va prezident Tramp orasidan ola mushuk o‘tdi (foto)
An’anaga ko‘ra Xabar.uz mushtariylari e’tiboriga hafta davomida ro‘y bergan 7 muhim hodisa havola etilmoqda.
1. Tojikiston tashqi ishlar vazirligi Moskvaga nota yo‘lladi. Gap shundaki, Rossiya TIV Sergey Lavrov Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara ziddiyati keskinlashayotgani haqida gapirib, tomonlarni kuch ishlatishdan voz kechishga chaqirgan edi. Rasmiy Dushanbe bunga javoban Qirg‘iziston bilan chegara nizosi mamlakatning ichki ishi ekani va bu masala uchinchi tomonning ishtirokisiz hal etilishini eslatdi. Curatda: tashqi ishlar vazirlari Sirojiddin Aslov (Tojikiston) va Sergey Lavrov (Rossiya). Foto: «TASS»
2. Twitter hamda prezident Donald Tramp o‘rtasida nizo chiqdi. AQSh rahbari Twitter tarmog‘idagi rasmiy sahifasida Kaliforniya shtatida pochta orqali ovoz berish jarayonida aldovga qo‘l urilgani haqida yozuv qoldirdi. Ijtimoiy tarmoq prezidentning qaydlarini «ishonchsiz axborot» deb baholadi. Twitter ma’muriyati, shuningdek, D.Tramp tomonidan Minneapolisdagi norozilik namoyishlari yuzasidan berilgan bayonotga (Oq uy rahbari marodyorlik qilganlar o‘qqa tutilishi mumkinligiga ishora qilgan) zo‘ravonlikni oqlash deya e’tiroz bildirdi. So‘zi yerda qolganidan g‘azabga mingan prezident Twitter ma’muriyatini so‘z erkinligini bo‘g‘ishda aybladi.
3. Germaniya qurolli kuchlarining maxsus topshiriqlar bo‘yicha bo‘linmasi (Kommando Spezialkräfte – KSK) tarkibida radikal qarashdagi harbiylar borligi ma’lum bo‘ldi. Xabarlarga qaraganda, ekstremistik kayfiyatdagi askarlar Adolf Hitler g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan va natsistlar ramzlaridan foydalangan. Yugoslaviya, Afg‘oniston kabi qaynoq nuqtalarda eng xavfli topshiriqlarni bajarib shuhrat qozongan guruh tarkibi endilikda jiddiy taftish etilishi kutilmoqda. Foto: «dpa»
4. Yaponiyaning «Nissan» avtomobil shirkati koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan moliyaviy inqiroz ortidan Barselonadagi zavodini yopib, 2800 chog‘li xodimni bo‘shatishga qaror qildi. Bundan norozi bo‘lgan yuzlab ishchilar mashina ballonlarini yoqib norozilik namoyishi o‘tkazdi. Foto: «AP»
5. Pandemiya sharoitida Italiya Respublikasi e’lon qilinganining 74 yilligi ommaviy tadbirlarsiz o‘tdi. Mamlakat harbiy havo kuchlari milliy bayram munosabati bilan uchoqlar shousini namoyish etdi. Foto: «Getty Images»
6. Ikki yarim oy davom etgan tanaffusdan keyin Turkiyadagi jome’ masjidlarda ilk bor juma namozi o‘qildi. Musulmonlar farz namozini karantin qoidalariga rioya qilgan holda, o‘zaro masofa saqlab ado etdilar. Foto: «AA»
7. Sirtdan yuvosh va vazmin ko‘ringan bug‘ular kezi kelganda badjahl jonivorga ham aylanadi. Darem grafligi, Angliya. Foto: «Reuters»
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter