Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiyalik yuqori martabali arbob NATO kelajagi uchun yomon oqibatlardan ogohlantirdi

Turkiyalik yuqori martabali arbob NATO kelajagi uchun yomon oqibatlardan ogohlantirdi

Professor Faxriddin Altun

Dunyodagi eng yirik harbiy-siyosiy ittifoq sanalgan NATO ayni paytda imtihonli kunlarni boshdan kechirmoqda. Sinovlardan muvaffaqiyat bilan o‘tish esa a’zo mamlakatlarning jipsligi va birdamligiga bog‘liq. Turkiya prezidenti devoni Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun xalqaro anjumanda aynan NATOning buguni va kelajagi haqida gapirdi.

Turkiyaning NATOga a’zoligiga 70 yil to‘lishi munosabati bilan tashkil etilgan anjumanda nutq so‘zlagan professor F.Altun mazkur yirik tuzilma o‘tgan yillar mobaynida dunyoda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish uchun ulkan hissa qo‘shganini qayd etdi.

«Sovuq urush» davrida sho‘ro saltanatini tiyib turish maqsadida ta’sis etilgan NATO Sovet Ittifoqi parchalangach, tarqalib ketadi degan taxminlar aytilgan edi. F.Altunga ko‘ra, tusmol-farazlarga qaramay, Shimoliy Atlantika alyansi «sovuq urush»dan keyin ham yangi sharoitlarga moslasha oldi.

Turkiyalik yuqori martabali mulozim rasmiy Anqara NATOni hamisha strategik va qadrli ittifoq o‘laroq ko‘rishini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, Turkiya NATO operatsiyalari va missiyalariga eng ko‘p hissa qo‘shayotgan 5 ta davlatdan biri sanaladi; tuzilma budjetiga ajratilayotgan mablag‘ borasida esa sakkizinchi mamlakatdir.

«Bizning qo‘shin guruhlarimizdan biri NATO boshchiligidagi ko‘pmillatli tinchlikparvar kuchlar – KFOR doirasida Kosovoda harbiy xizmat o‘tamoqda. Afg‘onistonda sentyabr oyida nihoyasiga yetgan qo‘llab-quvvatlash missiyasi doirasida biz Kobul xalqaro aeroportining xavfsiz faoliyati bo‘yicha mas’uliyatni zimmamizga oldik va evakuatsiyalarni so‘nggi kuniga qadar vazifalarimizni bajardik. Bundan tashqari, NATOning Iroq missiyasiga o‘z hissamizni qo‘shmoqdamiz. NATOning bugungi sharoitga moslashish harakatlarida ham faol ishtirok etmoqdamiz», – deydi F.Altun.

Istanbulda joylashgan 3-korpus qo‘mondonligi Tezkor tarqatish korpusi vazifasini bajarmoqda. Anqarada joylashgan Tinchlik yo‘lida hamkorlik o‘quv markazida esa 1998 yildan buyon NATO mamlakatlarining harbiy va fuqaroviy xodimlariga strategik-taktik ta’lim berilmoqda.

Turkiya prezidenti devonining Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari rasmiy Anqaraning NATOga a’zo ayrim mamlakatlarga e’tirozlarini ham bayon qildi.

Turkiya NATOning janubi-sharqiy qanotini himoya qiladi. Foto: dpa

«Turkiya Suriyada bir vaqtning o‘zida IShID va PKK kabi ko‘plab terrorchi tashkilotlarga qarshi kurashishga majbur bo‘ldi va muvaffaqiyatli operatsiyalar olib bordi. Afsuski, terrorizmga qarshi bu kurashda NATOdagi ittifoqchilardan kutilgan yordam kelmadi. Turkiya o‘zini himoya qilish huquqidan foydalangan holda olib borgan bu amaliyot NATOning terrorizmga qarshi kutilmalari va global terror tahdidiga qarshi kurashiga ham ko‘mak berdi. Lekin NATOdagi ba’zi ittifoqdoshlarimiz Turkiyani qo‘llab-quvvatlash o‘rniga ba’zi terror tashkilotlari bilan osh-qatiq bo‘lishlari, ba’zi terror tashkilotlarini boshqa terror to‘dalariga qarshi qo‘llashga urinayotgani achinarli va qabul qilib bo‘lmas holdir», – deydi F.Altun.

Qayd etilishicha, NATO davlatlari terror tashkilotlariga qarshi kurashda yakdil pozitsiyada bo‘lmog‘i lozim.

«Bunday bo‘shliqlar NATOning kelajagi uchun yomon oqibatlarga olib keladi. A’zo davlatlar bir-birining demokratik institutlari va huquqiy tartibini himoya qilishda ikkilanmasligi shart», – deydi Turkiya prezidenti devoni vakili.

Tahlilchilar keyingi paytlarda NATO a’zolari ichida fikriy kelishmovchiliklar kuchayganiga e’tibor qaratmoqda. Professor Altunning nazdida,  bu kabi inqirozli holatlar NATOning institutsional tuzilishi bilan emas, balki ayrim a’zo davlatlarning kayfiyati bilan bog‘liqdir.

Shimoliy Atlantika ittifoqi «Hamma bir kishi uchun, bir kishi hamma uchun» g‘oyasi asosida faoliyat yuritib kelgan. Keyingi paytlarda mazkur g‘oyaga ters borish holatlari kuzatilayotganini aytgan F.Altun barcha ittifoqchilar jamoaviy mudofaa majburiyatiga sodiq qolishi muhimligini urg‘uladi.

«NATO, ayniqsa, so‘nggi 30 yil ichida harbiy xavfsizlikdan kengroq ma’no kasb etdi. Biz shunchaki harbiy ittifoq emas, balki mohiyatan siyosiy manfaatlariga ega bo‘lgan xalqaro tashkilot haqida gapiryapmiz. Terrorizmga qarshi kurash ham, inson xavfsizligi masalalari ham endi NATOning yangi xavfsizlik konsepsiyasining bir qismi bo‘lishi kerak», – deydi notiq.

NATOga a’zolikning 70 yilligi munosabati bilan Turkiya tashqi ishlar vazirligi bergan bayonotda ham ittifoq davlatlarining birligi hamda birdamligi muhim ekani ta’kidlanadi. Bayonotga ko‘ra, Turkiya ittifoq doirasidagi harbiy-mudofaa majburiyatlarini to‘liq ado etmoqda va bundan keyin ham xavfsizlikni ta’minlash ishiga sodiq qoladi.  

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on esa Iroqdan Suriyaga, Falastindan Liviyaga qadar cho‘zilgan inqirozlarda NATO kuchli iroda namoyish eta olmaganini ta’kidlab, xalqaro tuzilma zamonaviy tahdidlarga hozirjavoblik bilan munosabat bildirishi muhimligini ta’kidlab keladi.

Eslatib o‘tamiz, NATO nomi bilan tanilgan Shimoliy Atlantika ittifoqi 1949-yili 12 davlat (AQSh, Belgiya, Kanada, Daniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Islandiya, Italiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya, Portugaliya) tomonidan ta’sis etilgan. Turkiya mazkur tuzilmaga 1952-yilning 18-fevralida a’zo bo‘lib kirgan. Harbiy-siyosiy ittifoqda ikkinchi qudratli armiyaga ega Turkiya alyansning janubi-sharqiy qanotini himoya qiladi. Rasmiy Anqara NATOning turli mintaqalar, jumladan, Bolqon yarimoroli, Afg‘oniston, Iroq, Afrika, Qora va O‘rtayer dengizi hududlaridagi operatsiyalarida faol ishtirok etgan.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring