Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya va Ozarbayjon prezidentlari «hayot-mamot ahamiyatiga ega masala»ni muhokama qildi

Turkiya va Ozarbayjon prezidentlari «hayot-mamot ahamiyatiga ega masala»ni muhokama qildi

Ikki davlat rahbari Anqaradagi «Chankaya» saroyida uchrashgan.

Foto: Turkiya prezidenti matbuot xizmati

10-mart kuni Anqara shahrida Turkiya va Ozarbayjon prezidentlari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hamda Ilhom Aliyev uchrashdi. Anadolu axborot agentligi xabariga ko‘ra, matbuot uchun yopiq tarzda o‘tgan muzokaralar salkam to‘rt soat davom etgan. Prezidentlar milliy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qilgan.

Rossiya–Ukraina ziddiyati sabab keyingi kunlarda Yevropani energiya manbalari bilan ta’minlash hayot-mamot masalasiga aylandi. Negaki, ko‘hna qit’a yillar mobaynida rus neft-gaziga bog‘liq bo‘lib kelgan. Do‘ppi tor kelgan hozirgi kunlarda esa Yevropa Rossiyaga energetik qaramlikdan voz kechib, muqobil manbalarni qidirishga urinmoqda. Bu borada esa Ozarbayjon maqbul variantlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Ozarbayjon davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, ikki turkiy yetakchi uchrashuvida aynan energetika masalasi markaziy mavzulardan biri bo‘lgan.

Xususan, Janubiy gaz koridori orqali Turkiyaga va Yevropaga gaz yetkazishni ko‘paytirish imkoniyati ko‘rib chiqilgan. Yevropa mintaqa davlatlari bilan hamkorlikda energetika borasida Rossiyaga qaramlikni kamaytirish maqsadida Janubiy gaz koridori loyihasini amalga oshirmoqda. Mazkur yirik loyiha Janubiy Kavkaz (SCP), Transanatoliya (TANAP) hamda Transadriatika (TAP) kabi uch yirik gaz yetkazish tizimini birlashtiradi. Ozarbayjondan Italiya qadar, 3500 kilometrga cho‘zilgan gaz quvurlari Yevropaning energetika xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Avval xabar berganimizdek, Yevropa Ittifoqining energetika bo‘yicha komissari Kadri Simson Ozarbayjondan gaz yetkazib berish miqdorini ko‘paytirishni so‘ragan va rasmiy Boku hamkor davlatlarning oshib borayotgan ehtiyojini qoplashga tayyorligini bildirgan edi.

Ma’lumotlarga qaraganda, 2021-yili Ozarbayjon 19 milliard kubometr tabiiy gaz eksport qilgan. Eksportning asosiy ulushi Turkiya (8,5 milliard kubometr) va Italiya (7 milliard kubometr) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, Gretsiya, Bolgariya, Gruziya ham katta miqdorda gaz sotib olgan.

Turkiya va Ozarbayjon prezidentlari uchrashuvida Ig‘dir–Naxchivon gaz quvuri qurilishi borasida ham maslahatlashilgan. Kuniga 1,5 mln kubometr gaz eksport qilinishi kutilayotgan ushbu yangi gaz tarmog‘i xalqaro ahamiyatga ega loyiha deb baholanmoqda. 

Qorabog‘dagi urush yakunida 2020-yil 10-noyabr kuni Ozarbayjon, Armaniston va Rossiya ishtirokida uch tomonlama bitim imzolangan edi. R.T.Erdo‘g‘on va I.Aliyev mazkur kelishuv doirasidagi shartlar bajarilishini ham muhokama qilgan. Mashvaratda Ukrainadagi vaziyat ham e’tibordan chetda qolmagan.

Turkiya va Ozarbayjon «Bir millat, ikki davlat» g‘oyasi asosida juda yaqin robitalarni o‘rnatgan. Avval xabar berganimizdek, ikki davlat prezidenti Ozarbayjondagi muhim ob’yekt – Fuzuliy xalqaro aeroportini ochib bergan edi.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring