«Turkiya va AQSh orasiga sovuqchilik solishdan manfaatdor kuchlar bor» – Erdo‘g‘on
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Anqara va Vashington munosabatlarini murakkablashtirishdan manfaatdor kuchlar bor deb hisoblaydi.
Siyosatchi bu haqda Nyu-York shahrida Turk–Amerika milliy boshqaruv qo‘mitasi anjumanida gapirgan.
Erdo‘g‘on ikki davlat robitalarini sovuqlashtirishga urinadigan kuchlar qarshisida qo‘l qovushtirib turilmasligini ta’kidlagan.
«Davlatlarning qarashlarida farqli nuqtalar bo‘lishi tabiiy holat. Ammo AQSh bilan umumiy maxrajlar ko‘pligi va hamkorlikni rivojlantirish uchun imkoniyatlar bisyor ekaniga ishonchimiz komil. Istiqbolda biz hamkorligimizni mushtarak manfaatlarga ko‘ra takomillashtiramiz», – degan Erdo‘g‘on.
O‘tgan yili ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 32 milliard dollardan oshgan.
Turkiya rahbariga ko‘ra, u AQSh prezidenti Jo Bayden bilan do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olgan.
Turkiya va AQSh NATOning eng qudratli armiyalarga ega a’zolari sifatida Shimoliy alyans faoliyatida muhim o‘rin tutadi.
Kuzatuvchilar ikki mamlakat munosabatlariga soya soluvchi bir necha jihat mavjudligini ham aytadi.
2016 yili iyul oyida Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish ro‘y bergan. Mamlakat huquq idoralari ushbu jinoyatni AQShda yashab kelayotgan Fathulla Gulen boshchiligidagi FETÖ harakati amalga oshirganini aytib, Gulenni ekstraditsiya qilishni talab qilgan. Bu so‘rov rad etilgan.
Rasmiy Anqara, shuningdek, Vashingtonni Turkiyaga dushman sanalgan qo‘poruvchi guruhlarga ko‘mak ko‘rsatishda ayblagan.
Suriya va Iroq masalasida ham ikki davlat farqli qarashga ega. Erdo‘g‘on bir muddat avval AQSh xuddi Afg‘oniston kabi Suriya va Iroqdan ham qo‘shinlarini olib chiqishi kerakligini aytgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter