Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya rasmiysi xalqaro hamjamiyatni terror tashkilotiga qarshi faol kurashga chaqirdi

Turkiya rasmiysi xalqaro hamjamiyatni terror tashkilotiga qarshi faol kurashga chaqirdi

Turkiya prezidenti devonining Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun dunyo davlatlarini  FETÖ terror tashkilotiga qarshi faol kurashga da’vat qildi. Turkiyada yetti yil avval amalga oshirilgan davlat to‘ntarishiga urinish munosabati bilan bayonot bergan Anqara vakili ushbu tuzilma nafaqat Turkiya, balki dunyo tinchligiga tahdid ekanini ta’kidlagan.

2016 yil 15 iyul tunida Turkiya qurolli kuchlarining bir qator harbiy xizmatchilari davlat to‘ntarishi orqali hokimiyatni egallashga uringan. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on xalqni demokratiya himoyasi yo‘lida ko‘chaga chiqishga undagan. Mamlakat huquq-tartibot idoralari hamda oddiy xalqning jonbozligi evaziga isyon bartaraf etilgan.

Turkiya vakolatli idoralari davlat to‘ntarishi ortida AQSh yashab kelayotgan Fathulloh Gyulen turganini aytib, uni AQShdan ekstraditsiya qilishga harakat qilmoqda.

Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun o‘sha mash’um tunda ro‘y bergan hodisalarni mamlakat uchun jiddiy sinov bo‘lganini qayd etadi.

«Turk xalqi o‘z hayoti, davlatchiligi hamda mustaqilligi uchun jiddiy sinovga duch keldi va undan sharaf bilan o‘tdi. Ayni choqda, o‘zlarini Turkiyaning do‘sti va ittifoqchilari deb atagan, demokratiya, inson huquqlari va erkinlik kabi tushunchalar sohibi sanalgan ko‘plab fokus guruhlar o‘sha tundagi imtihondan o‘ta olmadi», – deydi professor F.Altun.

Ta’kidlanishicha, keyingi yillarda Turkiya davlat idoralari, xususan, qurolli kuchlar FETÖ tarafdorlaridan tozalandi. Ayni choqda, ushbu guruhga qarshi kurash davom etmoqda. 

«FETÖ global terror tashkiloti bo‘lib, boshqa terror tuzilmalari kabi unga qarshi kurashda ham xalqaro hamkorlik va birdamlikka tayanish kerak», – deydi Anqara rasmiysi.

2016 yil 15 iyulda isyonchilar tomonidan Turkiya prezidenti devoni, hukumat va parlament binosi bombardimon qilingan. Turkiya huquq idoralariga ko‘ra, davlat to‘ntarishiga 9 mingga yaqin harbiy xizmatchi, 35 ta samolyot, 37 ta vertolyot hamda 246 ta bronetexnika jalb etilgan.

Qo‘zg‘olonchilar 251 nafar insonning umriga zomin bo‘lgan.

Turkiya rasmiylari FETÖ tashkilotining yashirin maqsadlarini O‘zbekiston tomoni birinchilardan bo‘lib anglab yetganini alohida qayd etib tashakkur bildirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring