Turkiya prezidentligiga nomzod g‘alaba qozonsa, NATOdan chiqib ketmoqchi

«Vatan» partiyasidan Turkiya prezidentligiga nomzod bo‘lgan Dog‘u Perinchek saylovda g‘alaba qozonsa, mamlakatni NATO tarkibidan olib chiqmoqchi. Bu haqida u «RIA Novosti»ga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
«NATO Turkiya unga a’zo davlat bo‘lishiga qaramasdan uni dushman sifatida ko‘radi. AQSh kurd terrorchilariga yordam berib, ularni qurol bilan ta’minlayapti, sababi AQSh va Turkiya munosabatlari hozir do‘stona emas. Biz hokimiyatga kelsak AQSh harbiylari Injirlik bazasini tark etadi, Turkiyada Amerikaning birorta harbiysi yoxud qurol-aslahasi qolmaydi», — degan Perinchek.
Nomzodning so‘zlariga ko‘ra AQSh Erondan ko‘ra ko‘proq Turkiyadan xavfsiraydi. Perinchekning fikricha, «Turkiya AQSh ta’siridan chiqib, Rossiya, Eron bilan yaqinlashmoqda, bu esa AQShni xavotirga solmoqda. Shu sababli Qo‘shma Shtatlar Turkiya, Eron va Rossiya hamkorligi yuzaga kelmasligi uchun yangi muammolar yaratishga urinmoqda».
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24-iyun kuni Turkiyada prezident saylovi bo‘lib o‘tadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter