Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent kinofestivaliga kelgan aktrisaning ayanchli taqdiri

Toshkent kinofestivaliga kelgan aktrisaning ayanchli taqdiri

Hind kinoaktirsasi Parvin Babi aktyorlar Amitabx Bachchan, Shashi Kapur, Dxarmendra va Jitendra bilan juftlikda rollar yaratdi. U faoliyatining cho‘qqisida Bollivudning eng maftunkor va serqirra chehrasi sanalib, o‘z davrining go‘zallik ma’budasiga aylandi. Parvin Bollivud osmonida Zinat Omon bilan bilan bir mavqeda bo‘lib, har ikkisi filmlardagi qahramonlar timsolini o‘zgartirishga harakat qildi. Bu aktrisa deyarli barcha moda jurnallarining muqovasida aks etardi. Bollivud aktrisalaridan TIME jurnali muqovasida birinchi paydo bo‘lgan ham aynan Parvin Babi sanaladi. U mashhur aktyor va rejissyor Raj Kapur bilan Toshkent kinofestivaliga tashrif buyurgan, Bobomurod Hamdamovning qo‘shiqlariga raqs tushgan. Afsuski, Parvina Babi umrining nihoyasi ayanchli kechdi.

 Knyazning qizi

Parvin Babi (Vali Muhammad Xon Babi) 1949-yil 4-aprelda Hindistonning Gujarat shtati Juganadx shahrida musulmon oilasida tug‘ilgan. U oilada yagona farzand edi. Ota-onasi bir-birini qattiq sevar, Parvingacha zurriyodlari bo‘lmagan, uning tug‘ilishini 14 yil kutishgandi.

Oila boshlig‘i Juganadx shahri ma’muri va knyazi bo‘lib, sevimli qizining ta’lim olishi uchun bor kuchi va mablag‘ini ayamadi. Qizaloq uchun oliynasab familiyalarga xos barcha shart-sharoit muhayyo qilindi: Parvin Ahmadoboddagi nufuzli maktabga qatnadi, bu dargohni bitirgach, Avliyo Ksavera kollejida tahsil oldi.

Voyaga yetgan Parvin Babining faoliyati 1972-yili modellikdan boshlandi. Barbi qo‘g‘irchog‘i ko‘zlariga ega qiz bir qarashdanoq rejissyorlarning ham nazariga tushdi. 1973-yili u «Charitra» filmida suratga tushdi va o‘n uch yil mobaynida zangori ekran osmonida porlab turdi (mazkur kinoasar atrofidagi g‘avg‘olar uzoq vaqt tinmagan).

Parvin Babi haqiqatan maftunkor edi. U tarixiy filmlarda ham rollar o‘ynay boshladi. Muxlislari safi kengaydi. Parvin Babi kinoda safdoshi Zinat Omon kabi eriga itoatkor bo‘lmagan, o‘zini uddalaydigan zamonaviy qizlar timsolini yaratdi. Aynan ular bir xildagi qotib qolgan rollardan voz kechib, Bollivudda chinakam inqilob yasashgandi.

Aktrisani Feruz Xon, Sanjay Xon, Rajendra Kumar juftligida rol o‘ynashga ham taklif qilishardi. Parvin eng ko‘p rolni Amitabx Bachchan bilan ijro etgan. U Bachchan juftligida 8 ta, jumladan, «Majbur» (1974), «Devor» (1975), «Amar, Akbar, Antoni» (1977), «Suhaag» (1979), «Tuz halol» (1982), «Kalia» (1983) filmlarida birga rol o‘ynadi. O‘shanda Parvinning, hatto Amitabx bilan ishqiy sarguzashtlari haqida ovozalar tarqadi, biroq bu faqat quruq gap-so‘zlar bo‘lib chiqdi.

 Ayni shon-shuhrat cho‘qqisida...

Mashhur aktrisaga ko‘z tegdimi, Parvin faoliyatiga putur yetdi. Uning salomatligi yaxshi emas edi. Aktrisani suratga olish maydonidan jazavaga tushgan holda olib ketadigan bo‘lishdi. Parvinning nima uchun asabiylashayotgani noma’lum edi. Shu tarzda u ayni shon-shuhratining cho‘qqisida to‘satdan ko‘rinmay qoldi. Kinodan maxfiy ravishda g‘oyib bo‘lgani sababini ochib bera olmagan matbuot avvalgi xatti-harakatlariga qarab, uni «aqldan ozgan» deb e’lon qildi.

Parvina bir vaqtlardagi mashhur aktrisa Mina Kumari kabi ko‘p icha boshladi. Mina Kumari 70 – 80-yillarning mashhur yulduzi bo‘lib, turmushi yaxshi kechmagan, bir o‘zi yashagan. Parvin esa Mina Kumaridan farqli o‘laroq, hech qachon turmushga chiqmadi, ammo haddan ziyod emin-erkin yashadi. U nafaqat ekranda, balki hayotda ham erkin turmush tarzini olib bordi.

1979-yil sentyabr oyida Parvinda ruhiy kasallikning ilk alomatlari namoyon bo‘ldi. 1984-yili u davolanish uchun Londonga uchdi. O‘sha yilning 7-aprelida Parvin Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi xalqaro aeroportiga qo‘ngan samolyotda edi. Undan hujjatlarini so‘rashganida jazavaga tushish bilan javob berdi: sumkalar har tomonga uchdi, kirish-chiqish joyidagi aylanma g‘ov dabdala bo‘ldi, aviayo‘nalish xodimlariga nisbatan haqoratlar yog‘ildi. Natijada to‘rt nafar politsiyachi qurshovidagi qo‘liga kishan urilgan Bollivud superyulduzini ruhiy kasalliklar shifoxonasiga olib ketishdi. U yerda bir necha yil shizofreniyadan davolandi.

Politsiya o‘q uzgan qiz

1998 yili Parvin Babi Hindistonga qaytdi, ammo bir vaqtlardagi maftunkor aktrisa endi do‘ndiq ayolga aylangan edi. U tanib bo‘lmas darajada to‘lishgandi. Parvin o‘zining ruhiy xastaligini rad etar ekan, bu gaplar kinoindustriya va ommaviy axborot vositalarining uni badnom qilish uchun chiqargan fitnasi ekanligini ta’kidladi. Ular o‘z jinoyatini yashirish uchun aktrisani badnom qilmoqchi bo‘lgan emish!

Parvin bir nechta chet ellik mehmonlar va hind kinosi artistlarini uni o‘ldirishni maqsad qilganlikda aybladi (bu ro‘yxatga Amitabx Bachchan, Bill Klinton, Robert Redford, shahzoda Charlz, Albert Gor, MQB, KGB tushgan). 2002-yili esa u Sanjay Dattni 1993-yil 12-mart kuni Bombeyda uyushtirilgan qator teraktlarga aloqadorlikda ayblab sudga berdi.

Har holda Parvin kinoindustriya e’tirof etgan «terisi qalin» bo‘lishdek hayosizlik, surbetlikkacha bormagan edi. Darvoqe, Parvin bilan yaqin munosabatda bo‘lgan rejissyor Maxesh Bxatt aktrisaning ruhiy kasalligidan manba sifatida o‘zining «Artx» filmida foydalandi. Unda bosh rolni rejissyorning qizi Puja Bxatt ijro etgan. Film nihoyasida telbaga aylangan qahramon qiz politsiyachilar tomonidan otib o‘ldiriladi.

Toshkentda berilgan savol

– Men Parvinni Toshkentdagi «O‘zbekiston» mehmonxonasi foyesida ko‘rgandim, – deydi kinotanqidchi Yu.Korchagov. – Uning yoniga dadil yaqinlashdim va so‘radim: «Sizning aktrisalik faoliyatingiz qaysi filmdan boshlangan?» Shunda Parvin menga darg‘azab bo‘lib tikildi va lom-mim demadi. U juda asabiy va tajang ko‘rinardi. Shundan so‘ng Kapurning bir necha filmlari ssenariynavisi V.P.Satxe mening yonimga keldi va dedi: «Yosh aktrisani nega xafa qilyapsiz? Hindistonda jurnalistlar shundoq ham bu film uchun unga tinchlik berishmaydi-ku!»

Parvin umri mobaynida faqat bir kishiga kuchli bog‘langan – u uzoq yillar Kabir Bedini sevib yurdi (o‘zbek kinomuxlislariga Rekxa o‘ynagan «Qasos o‘ti» filmi orqali yaxshi tanish aktyor). Ular bir-birlarini sevishardi, biroq Kabir Parvinning «bo‘sa»siga o‘zining faqat yonog‘ini tutdi, xolos. Aktrisa Kabirning ortidan qolmas, hatto u bilan Italiyada birga yashagan ham (o‘shanda aktyor «Sandokan» serialida suratga tushayotgandi). Parvin bu harakati samarasiz ekanligini bilardi. Hindistonda esa ajoyib filmlarda ishtirok etishi uchun uni oltita shartnoma kutayotgandi (jumladan, «Amar, Akbar, Antoni»). 70-yillarning oxirida Parvin Babi va Kabir Bedi do‘stlardek xayrlashdilar. Aytishlariga ko‘ra, Parvin Babi Maxesh Bxatt va Denni Dengzompa bilan ham ehtirosli ishqiy munosabatlar o‘rnatgan.

Shu o‘rinda aktyor Bob Kristo («Disko raqqosi»dagi taqirbosh zo‘ravon) haqida aytib o‘tish kerak. Haqiqiy ism-sharifi Kristofaydis Alias, kelib chiqishi grek bo‘lgan Bob Kristo aslida Avstraliyada tug‘ilgan. U Bombeyga hind aktrisasi Parvin Babi bilan tanishish uchun kelgandi. Bob Kristo Parvin bilan munosabat o‘rnatolmadi (u 2011-yil 20-mart kuni vafot etdi).

Umrining so‘nggi uch yili mobaynida Parvin Babi odamlardan uzilgan holda, mutlaq uzlatda yashadi. U barcha-barchadan manzili va telefon raqamini sir tutdi. Parvin onasi vafot etgan vaqtdan e’tiboran yolg‘izlikda istiqomat qilar, Bollivuddan hech kim uni yo‘qlamasdi  (otasi Vali Muhammad Baxti Babi 1959, onasi Jamila Baxti Babi 2002 yili vafot etishgandi).

Parvin ruhiyatidagi kuchli salbiy o‘zgarishlar shunga olib keldiki, u o‘ziga yulduz-hamkasblari tajovuz qilishi, xususan, Amitabx Bachchan o‘ldirmoqchi ekanligidan qo‘rqib yashadi.

Dahshatli tashxis

Parvin Babi 2005-yilning 20-yanvarida 55 yoshida hayotdan ko‘z yumgan. Sutchi ikki kundan buyon bo‘sag‘ada qoldirgan sut va gazetalarni aktrisa olmayotganini aytib qo‘ng‘iroq qilgan va politsiya bu xonadoniga kelgan edi. Politsiya Parvinning puturdan ketgan uyiga kirganida fotosuratlar, kiyim-kechak, nogironlik aravachasi va dori-darmonlar nazoratsiz sochilib yotardi (aktrisa oxirgi kunlarda yurolmay qolgan, shu bois nogironlar aravasiga o‘rnashgandi). Uning murdasi abgor ahvolda edi. Parvin qandli diabetdan qiynalar, bu kasallik chap oyog‘ining gangrenasi va boshqa xastaliklarga duchor qilgandi. U short kiyib olgandi. Sinchkov tekshiruv olib borildi va hech qanday suiqasd alomatlari topilmadi.

– Bu Bollivudning eng maftunkor chehrasi hayotining ayanchli xotimasi edi, – deya eslaydi Parvin Babi o‘limini o‘rgangan Jux politsiyasi xodimi Baburao Avad.

Parvinning qo‘shnisi aktrisani bor-yo‘g‘i 15 marta ko‘rganini ta’kidladi. «Biz uning ruhiy kasallikdan aziyat chekayotganini bilardik, – dedi u. – Yakkayu-yagona do‘sti bo‘lgan onasi vafot etgach, ahvoli yanada og‘irlashdi».

Aktrisaga sut sotgan kishining ham Parvinga tegishli xotiralari mahzun: «Xonimning holati yomon edi. Men har ikki kunda uning  eshigi oldida sut qoldirib ketardim. Xonimga nima bo‘lganini bilib, yordam berishni istardim, biroq u eshikni baribir ochmadi. O‘limidan birmuncha avval eshigi ochilganini eshitganimda shu binoda edim. Men berkinib, aravachadagi xonim ne-ne umidsiz qiyofada va qiynalgan ahvolda gazetalar va sutni olayotganiga ko‘zim tushdi. Keyin u eshikni yopdi».

O‘lim sababi o‘ng oyoq sathi gangrenasidan boshlangan diabetning og‘ir shakli edi. Parvin Babining murdasi yorib ko‘rilganida oshqozonida hech qanday ozuqa yo‘qligi ayon bo‘ldi, ammo alkogol bor edi (bu dori tufayli bo‘lsa kerak). «U uch kun mobaynida hech nima yemagan va ochlikdan o‘lgani aniq, – dedi murdani tekshirgan shifokor. – Aktrisa gangrenadan azob chekkan va buyrak yetishmovchiligidan o‘lgan».

 Murod Xon kim?

Parvin Babi hayotda shunchalik yolg‘iz bo‘lganki, o‘limi oshkor qilinganidan so‘ng ikki-uch kun o‘tib ham murdasini hech kim so‘rab kelmadi. Hatto Parvinga tegishli mol-mulkka (million dollar atrofida) hech kim da’vogarlik qilmadi. Faqat keyinroq xolasi va allaqanday xolavachchalari xayriya uchun uning nomida jamg‘arma ochishni e’lon qilishdi...

Parvin Babi 2005-yilning 23-yanvarida Shastri Nagardagi Santakruz Imom Muslim qabristonidagi onasining qabri yoniga dafn etildi. Uni ko‘mish marosimiga hayotda sevgan ikki kishi tashrif buyurdi: Kabir Bedi va Maxesh Bxatt. Biroq ekrandagi birortayam qahramoni so‘nggi manzilga kuzatishga kelmadi.

Politsiya Parvin Babining hech qanday vasiyatnomasi topmadi. Shu bois uning uyini kimning nomiga o‘tkazish masalasi muammoga aylandi. Bombeyning nufuzli hududi hisoblanmish Juxudagi ushbu muhtasham uy 10 million rupiyga baholangan (maydoni 2 ming kv. fut). Parvinning bolaligi o‘tgan Junagarxdagi yana boshqa ko‘chmas mulklar ham bor edi.

Politsiya merosga da’vogarlik qiladigan qarindoshlar kelgunicha Parvin Babining uyi hamda uning otasi yashagan Gujarat shtatidagi turar-joyni muhrlab qo‘ydi. Aktrisaning o‘limidan uch oy vaqt o‘tib, nihoyat o‘gay ukasi Murod Xon paydo bo‘ldi (uning onasi va Parvin Babining volidasi otasining akasiga nasab jihatidan qandaydir o‘gay opa-singillar edilar, aniqroq aytganda, yettinchi avlodga tegishli kishilar). Murod Xon Junagarx sudiga Parvin o‘z mulkining 70 foizini kelgusida tashkil etiladigan jamg‘armaga o‘tkazishini yozib qoldirgan vasiyatnomani taqdim etdi.

Mazkur jamg‘arma tasarrufiga, aktrisaning ko‘chirib bo‘ladigan va ko‘chmas mulklari, bankdagi hisobi, po‘lat sandiqdagi anjomlari va taqinchoqlari ham kiritildi. Parvin bisotining 10 foizini diniy maqsadlarga, 20 foizini esa Murod Xon ixtiyoriga berish vasiyat qilingandi.

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring