Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘qayev Qozog‘iston yangi iqtisodiy yo‘nalishining uch asosini aytdi

To‘qayev Qozog‘iston yangi iqtisodiy yo‘nalishining uch asosini aytdi

1 sentyabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev parlament palatalarining qo‘shma majlisida mamlakat xalqiga murojaatnoma yo‘lladi. «Adolatli Qozog‘istonning iqtisodiy yo‘nalishi» deb atalgan murojaatnoma yangi iqtisodiy taraqqiyot tamoyillari belgilab berilgan.

«Adolat, inklyuzivlik va tejamkorlik yangi iqtisodiy yo‘nalishimizning o‘zagiga aylanadi. Qozog‘iston iqtisodiy taraqqiyotining yangi paradigmasi mamlakatning raqobatbardosh ustunliklaridan samarali foydalanish va ishlab chiqarish sohasida mehnat, kapital, resurslar, texnologiya kabi asosiy omillarning imkoniyatlarini maksimal darajada ochishga asoslangan», – dedi Q.To‘qayev.

Qayd etilishicha, o‘tgan yili Qozog‘iston YaIM 104 trillion tengeni tashkil etgan. Rekord darajada – 28 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etilgan. Tashqi savdo aylanmasi 136 milliard dollarga yetgan.  Tashqi zaxiralar 100 milliard dollarga yaqinlashgan.

Qozog‘iston rahbari iqtisodiy-ijtimoiy ko‘rsatkichlarni oshirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilagan.

Shu bilan birga, kelgusi yildan eng kam oylik ish haqi oshirilishi ma’lum qilingan.

«Va’damizga muvofiq, hukumat eng kam ish haqi darajasini bosqichma-bosqich oshirishda davom etadi. Fuqarolar daromadlarini oshirish maqsadida 2024 yil 1 yanvardan e’tiboran eng kam ish haqini 85 ming tengega oshirishni topshiraman. Shunday qilib, biz uch yil ichida eng kam ish haqini ikki baravar ko‘taramiz. Bu chora qariyb 1 million 800 ming fuqaro, jumladan, 350 ming davlat xizmatchilari farovonligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi», – degan Qozog‘iston prezidenti.

Murojaatnomada yangi iqtisodiy yo‘nalish doirasida belgilagan majburiyatlar uch yil ichida bajarilishi uqtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring