«Tolibon» qo‘shni davlatlar xavfsizligi haqida so‘z ochdi
Afg‘oniston hududi hech qachon qo‘shni yoki boshqa davlatga hujum qiladigan maydoncha sifatida foydalanilmaydi. Bunday va’da mamlakat bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Abdul-G‘ani Barodar tomonidan berilgan, deb yozadi «Sputnik Afg‘oniston».
Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon», shuningdek, barcha xorijiy elchixonalar, diplomatlar, investorlar va xalqaro yordam tashkilotlarining xavfsizligini kafolatlaydi.
6-sentyabrda «Tolibon» Panjsherda qarshilik ko‘rsatish fronti ustidan to‘liq g‘alaba qozonganini va Afg‘onistonda urush tugaganini e’lon qildi. Ular omon qolgan isyonchilarni ta’qib qilmaslikka va’da berishdi. Lekin ularning so‘zlariga ishonishmagan harakatning muxoliflari mamlakatda adolat va erkinlik hukm surmaguncha, terrorchilar bilan kurashishini aytishdi.
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, toliblar ayollarga yangi hukumatda lavozim berishdan bosh tortishgan. «Tolibon» matbuot kotibi Sayid Zikrilla Hoshimiyning ta’kidlashicha, ayollarning vazifasi bolalarni tarbiyalash va o‘qitishdir, shuning uchun ularning siyosiy hayotda ishtirok etishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter