«Tolibon» bilib-bilmay jinni ko‘zadan chiqarib yubordi
Joriy yil 26 avgust kuni Kobul aeroporti yaqinida ro‘y bergan dahshatli portlash oqibatida yuzlab odam halok bo‘ldi. Xunrezlik uchun javobgarlikni “Islom davlati – Xuroson” terrorchi tashkiloti o‘z zimmasiga oldi. Xo‘sh, mazkur guruh haqida nimalar ma’lum?
IShIDning Afg‘onistondagi bo‘linmasi sanalgan “Islom davlati – Xuroson” (inglizchada IS-K) terror guruhi 2015 yil yanvar oyida tashkil qilingan. Iroq hamda Suriya hududidan qochgan IShID a’zolari yangi guruhga asos solgan. Jangari to‘da, ayni choqda, Afg‘oniston hamda Pokistonda ham tarafdor yiqqan. Terrorchi guruh nomiga taqalgan Xuroson – zamonaviy Afg‘oniston, Eron, Pokiston, Turkmaniston, O‘zbekiston hamda Tojikistonning ayrim hududlarini o‘z ichiga olgan tarixiy muzofotdir.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, “Islom davlati – Xuroson” shafqatsizligi va qonxo‘rligi bilan tilga tushgan. So‘nggi yillarda mazkur jangari guruh tomonidan Afg‘onistondagi maktab, shifoxonalarda mudhish teraktlar amalga oshirilgan. Jangarilar nafaqat boshqa din vakillari, shu bilan birga, shia mazhabiga mansub musulmonlar, shuningdek, “Tolibon” harakati vakillariga ham hamlalar uyushtiradi. Masalan, joriy yil 8 may kuni IShIDchilar Kobuldagi qizlar maktabida portlash uyushtirib, 70 ga yaqin o‘quvchi qizning hayotiga zomin bo‘ldi. Mutaassib guruh vakillari 2020 yil may oyida tug‘ruqxonaga hujum qilib, 30 ga yaqin chaqaloqlar, onalar va tibbiyot xodimlarini o‘ldirdi.
“Islom davlati – Xuroson” a’zolari Afg‘onistonning Nangarhar viloyatida qo‘nim topgan. O‘z vaqtida jangari guruh a’zolari soni 3000 nafarga yetgan, xalqaro koalitsiya, Afg‘oniston armiyasi va toliblar bilan to‘qnashuvlarda guruh sezilarli yo‘qotishga uchragan.
“Tolibon” hamda “Islom davlati – Xuroson” mafkuraviy jihatdan farqlanuvchi guruhlardir. “Tolibon” faqat Afg‘oniston hududida hokimiyatni egallashni ko‘zlagan bo‘lsa, IShID bo‘linmasi butun dunyoda hukm yuritishni maqsad qilgan.“Islom davlati – Xuroson” guruhi toliblarni “dindan chiqqan”, “murtad” deb hisoblaydi. AQSh bilan imzolangan tinchlik bitimini ham tan olmaydi. Shu ma’noda, mazkur guruh “Tolibon” harakatining Afg‘onistondagi asosiy dushmani sanaladi.
Shu bilan birga, IShIDchilar hamda toliblar o‘rtasida “Haqqoniy tarmog‘i” (“Tolibon”ning mustaqil vakolatlarga ega tuzilmasi) orqali muloqot mavjudligi aytiladi.
AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining mintaqa, jumladan, Afg‘onistondagi amaliyotlarida ishtirok etgan yuqori martabali mulozimi Duglas London fikricha, Afg‘onistonda xalqaro koalitsiya chiqib ketgach, IShID tahdidi yanada kuchaymoqda.
Aslida, AQSh matbuoti teraktlar xavfi oshishi haqida Kobuldagi mudhish portlashdan bir hafta avval xabar bergan edi. Gap shundaki, mamlakat viloyatlarini birin-ketin jangsiz egallagan toliblar Puli Charxi qamoqxonasidagi ko‘p sonli mahbuslar, shu jumladan, IShID va “Al-Qoida” jangarilarini ozod qilgan edi. Bag‘rom aviabazasidan ham o‘ta xavfli jangarilar qo‘yib yuborilgan. AQSh harbiylari mamlakatni tark etar ekan, 5000 dan 7000 minggacha mahbusni Ashraf G‘ani ma’muriyatiga ishonib topshirgan. Ammo kuzatuvchilarga ko‘ra, “Tolibon” qamoqdagi jangarilarni ozod qilish bilan, ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘p yillardan beri biqinib yotgan jinni ko‘zadan chiqarib yubordi. AQSh mudofaa mas’ullari “Axios” nashriga Afg‘onistonda terakt xavfi oshganini 15 avgustdayoq ma’lum qilgan edi.
Kobul aeroportidagi dahshatli portlash ortidan AQSh IShIDning Afg‘onistondagi bo‘linmasiga qarshi havo zarbalari yo‘llamoqda. Jangarilardan qasos olinishini aytgan prezident Jo Bayden Pentagonga aksilterror operatsiyalarida katta vakolat bergan. Ammo Oq uy rahbarining o‘zi ham Kobuldagi vaziyat favqulodda xatarli ekanini tan olib, yaqin soatlarda yana xudkushlik ro‘y berishidan ogohlantirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter