Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Suriya: jin ko‘zadan chiqdi...

Suriya: jin ko‘zadan chiqdi...

Muxolif harakat Halab shahrida.

Foto: AP

Suriyaning Iordaniya bilan chegaradosh Dar’a shahri ham prezident Bashar Asad qo‘lidan ketdi. Hukumat kuchlariga qarshi kurashayotgan muxolif guruhlar ayovsiz janglardan keyin  qadimiy shahar ustidan nazorat o‘rnatgan.

Dar’a shahri strategik ahamiyatga ega. 2011 yilda Asad ma’muriyatiga qarshi isyon ham ayni shu shahardan boshlangan edi.  2012-2018 yillarda muxolifat nazoratida bo‘lgan shaharni Asad ma’muriyati Eron va Rossiya ko‘magida yana qaytarib olgandi. Olti yil o‘tib, muxolifat yana bir bor shahar ustidan nazorat o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi.

So‘nggi kunlarda Suriyaning Iordaniya bilan chegaradagi Nasib o‘tkazish punkti ham muxolifat ilkiga o‘tgan.

Oxirgi ikki hafta davomida Suriyadagi vaziyat yana dunyo hamjamiyati e’tiboriga tushdi. 27 noyabr kuni aksilhukumat guruhlar Asad ma’muriyati nazoratidagi Halab shahriga hujum boshladi. 30 noyabr kuni Halabning katta qismi va Idlib hududi muxolifat nazoratiga o‘tdi.

Qarshilik guruhlari 5 dekabr kuni Hama shahrini ham tortib oldi.

Ayni paytda muxolif qurolli guruhlar Suriyaning uchinchi yirik shahri – Homsni egallashga urinmoqda. Homs Suriyaning madaniy poytaxti bo‘lib, u yerda Rim, Vizantiya, Umaviylar, Abbosiylar, Usmoniylar kabi katta imperiyalarning osori atiqalari saqlanib qolgan.

Transporta va logistika nuqtai nazaridan ham katta ahamiyatga ega Homsga egalik qilish mintaqadagi yirik neft va gaz quvuri ustidan nazoratni ham anglatadi.

Homs muxolifat qo‘liga o‘tsa, Bashar Asad hukumatining so‘nggi istehkomi poytaxt Damashq sari yo‘l ochiladi. Qolaversa, Asad armiyasi Rossiyaning quruqlik va dengiz harbiy bazalari joylashgan Tartus va Latakiya muhofazalaridan (viloyatlari) uzilib qoladi.

Manfaatlar to‘qnashgan hudud

Suriyadagi aksilhukumat harakatda Hayat Tahrir ash-Shom guruhi muhim o‘rin tutadi. Mazkur guruh yetakchisi Abu Muhammad Juloniy CNN telekanaliga bergan intervyusida aksilhukumat kuchlari koalitsiyasining asosiy maqsadi prezident Bashar Asadni ag‘darish va xalq tomonidan saylangan kengash asosida hukumat yaratish ekanini aytdi.

Ayni vaqtda Suriya milliy armiyasi guruhlari ham harakat qilmoqda. Turkiya tomonidan moliyalashtirilishi aytiladigan SMA asosan Asad armiyasi va kurd guruhlariga qarshi kurashmoqda.

Suriyada, shuningdek, AQSh tomonidan dastaklanadigan kurd qurolli guruhlari mavjud. Asosan Furot daryosining sharqiy qismlarida nazorat o‘rnatgan mazkur guruhlar so‘nggi kunlarda Asad ma’muriyatidan Dayr az-Zor mintaqasini tortib oldi. 

Suriyani kimlar nazorat qilmoqda? Foto: Al Jazeera

Rossiya va Eron shamsiyasidan foydalanib kelgan Bashar Asad ma’muriyati nazoratidagi hududlar esa kun sayin qisqarib bormoqda.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on muxolif harakatni ochiq qo‘llab-quvvatlagan holda, Halab va Hama shaharlaridan boshlangan yurish Damashqqa qadar davom etishiga umid bildirgan.

Qo‘shni arab monarxiyalari Asad ma’muriyatini xushlamaydi. Binobarin, Suriyada 2011 yilda fuqarolik urushi boshlanganida ham arab tojdorlari Asad rejimini ag‘darish uchun ko‘p urindi. Ammo keyingi yillarda ular ham majburiyat taqozosiga ko‘ra Asad ma’muriyatini tan oldi. Suriyaning Arab davlatlari ligasidagi a’zoligi qayta tiklandi. Sirasini aytganda, arab monarxiyalari Asad ma’muriyatini yoqtirmaydi, ayni choqda, uning qulashini ham u qadar xohlamaydi. Chunki ular muxolif isyonkor harakat domino effekti kabi butun Yaqin Sharqqa yoyilishidan xavotirda.  Arab davlatlari garchi Asad ma’muriyatini diplomatik maydonda dastaklayotgan bo‘lsa-da, Damashqning harbiy ko‘mak so‘rovini qondirgani yo‘q. Tahlilchilar fikricha, ular cho‘kayotgan kemani qutqarishni imkonsiz va foydasiz yumush deb biladi.

G‘azo sektori va Livanda minglab odam o‘limiga sabab bo‘lgan Isroil rahbariyati esa Suriyadagi vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatib borayotgani, “zarurat tug‘ilsa” vaziyatga aralashishiga ishora qilgan.

Ko‘rinib turibdiki, ko‘hna Shom zaminida ayni paytda Rossiya, Eron, Turkiya, AQSh, Isroil va arab davlatlari manfaatlari to‘qnash kelmoqda. 

Suriya hukumatining ikki yaqin do‘sti

Suriya – Eron va Rossiya uchun favqulodda muhim ahamiyatga ega ittifoqchi sanaladi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Tehron Suriyada qurolli ziddiyatlar boshlanganidan buyon Asad rejimini dastaklash uchun 30 milliard dollardan ziyod ko‘mak bergan. Eron uchun Suriyada shia mazhabidagi ma’muriyatning hokimiyatda qolishi geosiyosiy jihatdan muhim. Chunki Asad rejimi Eronning Suriya, Livan, Iroqdan tashkil topgan qarshilik o‘qida hal qiluvchi bo‘g‘in hisoblanadi.

Asad hokimiyatining qulashi va davlat tepasiga muxolifatning kelishi Eron uchun juda katta yo‘qotish bo‘ladi. Eng kamida, Tehron Livandagi “Hizbulloh” harakatiga qurol yetkazish kanalidan ayriladi. Geostrategik zarar ko‘lami esa yanada katta bo‘lishi shubhasiz.

Rossiya uchun ham Asad hokimiyatini saqlab qolish geosiyosiy ahamiyatga ega vazifadir. Aslida, Damashq va Moskva do‘stligi amaldagi prezidentning otasi Hofiz Asad (1971–2000) davridan beri mustahkam.

Isyonchilar Hofiz va Bashar Asadni ulug‘lovchi ramzlarni yo‘q qilmoqda. Foto: AFP

Rossiyaning Yaqin Sharqdagi yagona harbiy bazasi aynan Suriya hududida joylashgan. Moskva Suriyaning Xmeymim aerodromi  va Tartus portidan aviatsiya va harbiy-dengiz bazasi sifatida foydalanadi. 2016 yilda Xmeymimda 20 dan ziyod jangovar uchoq va 10 ga yaqin vertolyot bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, prezident Putin hamkasbi Asad hokimiyatini saqlab qolish uchun 2015 yilda 4000 ga yaqin qo‘shimcha askar yuborgan.

2022 yilda Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushi boshlangach, Rossiya Suriya hududidagi harbiy kontingent va texnikani qisqartirib, Kiyev frontiga safarbar qilishga majbur bo‘lgan.

So‘nggi kunlarda Rossiya Tartus portidagi harbiy kemalarini ham olib chiqib ketgan.

Asad rejimining qulashi Rossiyaning Yaqin Sharqdagi yagona harbiy bazasidan mahrum bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Bu esa Kremlning nafaqat O‘rta yer dengizi, Afrika mamlakatlariga ham suv yo‘li orqali harbiy va texnik vositalarni yetkazishini savol ostida qoldiradi.

Rossiya Asaddan yuz o‘girdimi?

Suriyada vaziyat qaltislashib, muxolif harakat Halab ostonasida turgan paytdayoq Bashar Asad oshig‘ich ravishda Moskvaga borib Putindan ko‘mak so‘ragani ma’lum.

Jahon matbuoti xabariga ko‘ra, Rossiya rahbariyati Asad ma’muriyatiga harbiy ko‘mak cheklangan miqdorda bo‘lishi, chunki hozirgi pallada Kreml uchun Ukrainadagi urush ustuvor o‘rin tutishini ma’lum qilgan. 

Bloomberg agentligi ham Kremldagi manbalariga tayanib, Rossiyaning Asad hokimiyatini saqlab qolish bo‘yicha aniq rejasi yo‘qligi haqida yozgan. 

Putin bu gal Asadga yordam bera olmaydiganga o‘xshaydi. Foto: Kreml matbuot xizmati

Qayd etilishicha, Rossiya armiyasi Ukraina urushida ancha holdan toygan. Shu sabab Putin ittifoqchisi Asadga 10 yil avvalgidek ko‘mak bera olmaydi. Rossiya ayni paytda isyonchilarga cheklangan miqdorda aviazarbalar bermoqda, xolos. Rossiya elchixonasi “murakkab harbiy-siyosiy vaziyat tufayli” rossiyaliklarni Suriyani tark etishga chaqirayotgani ham Moskva Shom zaminidagi ziddiyatlarga bundan o‘n yil oldingidek faol aralasha olmasligini ko‘rsatmoqda.

Hozirgi pallada Moskva Damashqqa ko‘mak berish uchun ko‘proq diplomatik vositalarni ishga solishga urinmoqda.

Asad ma’muriyatining do‘sti bo‘lmish Eron va “Hizbulloh” harakati so‘nggi oylarda Isroil bilan harbiy ziddiyatlarda ancha yo‘qotishlarga uchradi. Vaziyat mushkul va murakkab bo‘lishiga qaramay, Tehron Suriyaga askar yuborilishi haqida bayonot berdi. Ammo askarlar soni va ko‘lami hozircha ochiqlanmadi. 

Asad hokimiyati qulamoqdami?

Curiyani 2000 yildan beri idora etib kelayotgan Bashar Asad isyonchi guruhlarning mamlakat shimolida oldinga siljishi yuzasidan bergan bayonotida o‘z armiyasi qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rayotganini ta’kidlagandi.

Ammo o‘tgan o‘n kun davomida armiya faqat ortga chekinmoqda. Yirik shaharlar birin-ketin qo‘ldan ketishi manzarasida 2011 yilda boshlangan fuqarolar urushida davrida o‘n minglab inson qoni evaziga hokimiyatni saqlab qolgan Bashar Asad bu gal ag‘darilishi haqida taxminlar yangramoqda. Ayrim OAV Asad o‘z oilasini allaqachon Rossiyaga yuborgani, o‘zi ham qochishga shay turgani haqida farazlarni e’lon qildi.

Suriyani tadqiq etishga ixtisoslashgan “Umran” strategik tahlil markazi turk tahririyati direktori Umar Ozkiziljikning fikricha, Asad ma’muriyatining taqdiri Ostona, Jenevadagi diplomatik muzokaralarda emas, balki jang maydonida hal bo‘ladi. 

Tahlilchiga ko‘ra,  Asad armiyasida askar yetishmayapti. Iqtisodiy taqchillik ham kuchaygan. Muxolif harakat esa Suriya armiyasiga qarashli ko‘plab harbiy texnikani qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Bunday vaziyatda Asad hokimiyatini saqlash qolish o‘ta mushkul kechadi, deb hisoblaydi u.

13 yildan buyon davom etayotgan urush tamaddun o‘chog‘i bo‘lgan mamlakatni vayronaga aylantirdi. Foto: Reuters

Bir muddat tin olgan jafokash Suriya o‘lkasi yana urush domida. Jin ko‘zadan allaqachon chiqdi! O‘n uch yil avval boshlangan fuqarolar urushi tufayli mamlakatning 20 million aholisidan 13 millioni chet ellarga yoki boshqa viloyatlarga bosh olib ketishga majbur bo‘ldi. 115 mingdan 300 ming nafarga qadar suriyalik halok bo‘ldi. Afsuski, yangi urush to‘lqini yana insoniy talafotlar va vayronagarchiliklarga olib kelishi tayin. Mintaqada geosiyosiy o‘yin olib borayotgan yirik siyosiy kuchlarni esa insoniy fojialar ko‘p-da tashvishga solmaydi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham xunrezlikni to‘xtatishni talab qilmoqda. Bir zamonlar tamaddunlar chorrahasi bo‘lgan Suriyaning xomtalash etilishi – parokanda qilinishiga tomoshabin bo‘lib turish juda og‘riqli, deydi BMT bosh kotibi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring