«Shimoliy oqim» gaz quvurlarini portlatishda gumonlanib ikki kishi qo‘lga olindi – Germaniya prokuraturasi
Germaniya Bosh prokuraturasi «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim – 2» gaz quvurlarini portlatishda gumon qilingan ikki shaxsni aniqladi. Bu haqda mamlakat bosh prokurori Yens Rommel Der Spiegel jurnaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Rommel tergov davom etayotganini va ishdagi boshqa ayblanuvchilarning shaxsi, jinoyat sabablari, xususan, operatsiyani boshqa davlatlar tomonidan nazorat qilinishi mumkinligi masalasi davom etayotgan tergov mavzusi ekanligini aytgan. U, shuningdek, gumonlanuvchilarning ismlarini ham tilga olmagan.
Germaniyaning Die Welt nashri shu hafta boshida sud va boshqa hujjatlarga tayanib xabar berishicha, «Shimoliy oqim»dagi portlashda 2022 yil sentyabr oyida kutilgandek to‘rtta emas, kamida oltita portlovchi moslama ishlatilgan. Gazetaning yozishicha, bu yangi ma’lumotlar sabotaj ortida kim turgani haqidagi nazariyani shubha ostiga qo‘yadi.
Sentyabr oyida Spiegel manbalari «Shimoliy oqim»dagi portlash deyarli 300 ming dollarga tushgani va bu sabotaj xususiy mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilgani haqida xabar bergan edi. Nashrga ko‘ra, gaz quvurlarini portlatish rejasini Ukraina Qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy ma’qullagan, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa hujumga tayyorgarlik ko‘rilganidan xabari bo‘lmagan.
The Wall Street Journal ham 2023-yilning yozida portlashdan uch oy oldin Markaziy razvedka boshqarmasi Ukraina rasmiylarini gaz quvurlarini portlatish urinishlaridan ogohlantirganini yozgan.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 26-sentyabr kuni kechqurun Daniya va Shvetsiya rasmiylari Rossiyaning Yevropaga gaz yetkazib beradigan asosiy quvurlari – Bornxolm oroli yaqinidagi «Shimoliy oqim»ning ikkala tarmog‘ida birdaniga uchta joydan gaz sizib chiqayotgani haqida ma’lum qilgan edi.
O‘z navbatida Shvetsiya Milliy seysmik markazi «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» quvurlari yo‘nalishlarida ikkita kuchli suv osti portlashi sodir bo‘lganini aniqlagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter