Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saudiyada 300 yil avvalgi tarixiy sana ilk bor bayram sifatida nishonlanmoqda

Saudiyada 300 yil avvalgi tarixiy sana ilk bor bayram sifatida nishonlanmoqda

Foto: AN

Saudiya Arabistonida 22 fevral sanasi ilk bor bayram sifatida nishonlanmoqda. Tarixiy manbalarga ko‘ra, 1727 yilning ayni shu kuni birinchi Saudiya davlatiga asos solingan.

Ikki muqaddas masjid xodimi, podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud bu mamlakat xalqini yanada jipslashtiruvchi kun ekanini ta’kidlagan.

«Biz 1727 yilda bu mo‘’tabar mamlakatga asos solingan kunni ayricha qadrlaymiz. Zero, hozirga qadar hukm surib kelayotgan tinchlik, barqarorlik va adolat tamali o‘shanda qo‘yilgan edi», – deydi Saudiya yetakchisi. 

Qayd etilishicha, ajdodlarning mardona kurashi orqali barpo etilgan davlatchilik mamlakat xalqining taraqqiyot yo‘lidagi bugungi sa’y-harakatlarida ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Milliy-siyosiy bayram munosabati bilan dunyo yetakchilari Saudiya rahbariyatiga tabrik yo‘llamoqda. Qutlov nomalarida podshohlikning Arab-islom olamida yetakchilik o‘rniga alohida e’tibor qaratilgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, milodiy 1727 (hijriy 1139) yilda ko‘hna Diriya shahrida imom Muhammad bin Saud tomonidan birinchi Saudiya davlatiga asos solingan. Salkam 300 yil avval ro‘y bergan bu tarixiy voqea zamonaviy davlatchilik poydevori qo‘yilgan kun deya baholanadi. Oradan ikki asr o‘tib, Muhammad bin Saudning avlodi podshoh Abdulaziz zamonaviy Saudiya Arabistoni davlatini barpo etgan.

Ayni paytda Riyoz muzofoti tarkibidagi Diriya shahrining markaziy qismi YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

22 fevral bayrami Saudiya rahbarining joriy yil yanvardagi farmoni bilan ta’sis etilgan. Tarixiy sana munosabati bilan mamlakat bo‘ylab harbiy parad, madaniy ko‘rgazmalar, teatr va musiqa namoyishlari, xalq o‘yinlari o‘tkazilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring