Rossiyalik deputat sababli Gruziyada norozilik namoyishlari bo‘ldi
![Rossiyalik deputat sababli Gruziyada norozilik namoyishlari bo‘ldi](https://static.xabaruz.com/crop/2/6/720_460_95_2653000172.jpg)
Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar parlament spikeri Irakliy Kobaxidze, IIV vaziri Georgiya Gaxariya va yana bir qator yuqori lavozimli shaxslar iste’foga chiqishini talab qilmoqda.
Norozilik namoyishlariga sabab Rossiya davlat dumasi deputati Sergey Gavrilov Gruziya parlamentida chiqish qilgani bo‘lgan. Kecha, 20 iyun sanasida Tbilisida parlamentlararo pravoslav assambleyasi yig‘ilishi o‘tkazildi. Ushbu assambleya Gretsiya tashabbusi bilan 1993 yilda tashkil etilgan va unga pravoslav e’tiqodiga amal qiladigan greklar, ruslar va gruzinlar kiritilgan edi. Ayni vaqtda assambleyaga aynan Sergey Gavrilov rahbarlik qiladi.
Gavrilov Gruziya parlamentidagi chiqishi davomida parlament spikeri joyiga o‘tirib olgan va qatnashchilarga rus tilida murojaat qilgan. Aynan shu holat Gruziyadagi muholifat — «Yagona milliy harakat» va «Yevropacha Gruziya» partiyalari a’zolarining noroziligini keltirib chiqardi.
Muholifatchi partiya vakillari tezda parlament binosidan chiqib ketgan va majlis bekor qilindi. Parlament binosida esa radikallarning noroziligi boshlangan. Gavrilovning rus matbuotiga ma’lum qilishicha, radikallar unga suv sepishgan va qo‘lidagi hujjatlarni olib qo‘yishga harakat qilishgan.
— Ular zalga bostirib kirishdi va tribuna hamda mening joyimni egallab olishdi, — deydi Gavrilov. — O‘sha vaqtda majlisda tanaffus e’lon qilingan edi, radikallar meni qidira boshlashdi, hujjatlarni titishdi, suv sepishdi. Tushunishimcha ular Saakashvilining partiyasidan, ammo aniq bilmayman.
Sergey Gavrilov o‘z vaqtida Abxaziya va Janubiy Osetiyaning Gruziyadan mustaqilligini yoqlab bayonotlar bergan. Gruziya muholifati tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra hatto 1992-93 yillarda Abxaziya tomonida turib Gruziyaga qarshi jang qilgani ham aytiladi. Gavrilovning o‘zi esa buni inkor etmoqda.
Mahalliy vaqt bilan soat 22:00da Tbilisidagi parlament binosi qarshisida namoyishga yig‘ilgan aholi bino ichkarisiga bostirib kirishga urindi. Namoyishga tahminan 10 ming atrofida odam yig‘ilgan edi. Voqea joyiga tezlikda maxsus texnika va huquq-tartibot xodimlari yetib keldi.
Gavrilov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi mojarodan so‘ng darhol parlament binosini qo‘riqchilar yordamida tark etdi va mehmonxona binosiga kirib yashirindi. Bu yerga ham namoyishchilar yetib keldi va Gavrilovdan kechirim so‘rab, mamlakatdan chiqib ketishni talab qilishdi. Rossiya delegatsiyasi yana kuchaytirilgan qo‘riqchilar yordamida mikroavtobuslarga o‘tqazilgan va aeroportga olib ketilgan. Namoyishchilar esa delegatsiya vakillariga suv sepib, shishalarni uloqtirishgan. Shundan so‘ng namoyishchilar parlament binosi tomon yo‘l olishgan.
Mahalliy vaqt bilan tungi soat 23:00da ham parlament binosi ichiga bostirib kirishga urinish to‘xtamadi. Shundan so‘ng politsiya rezina o‘qlar, ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va to‘qmoqlarni ishga soldi. Namoyishchilar parlament oldidagi maydondan ketishdi, ammo keyin yana qaytishdi. Har ikki tomondan jabrlanganlar bor. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda namoyishchilardan 14 kishi yaralangan, politsiyadan esa ko‘proq — 40 kishi jabr ko‘rgan.
Tungi soat 01:40da qatnashchilar yana bir bor politsiya zanjiri orasidan yorib o‘tishga urindi va huquq-tartibot xodimlariga qarshi kuch ishlatdi. Bunga javob tariqasida maydonga qo‘shimcha kuchlar tashlanib, suv sepish texnikasi ishga solindi. Bir qator namoyishchilar qo‘lga olindi.
Oradan ikki soat o‘tib parlament binosi oldiga bosh vazir Mamuka Baxtadze yetib keldi. U namoyishchilarning noroziligini ma’qulladi, ammo zo‘ravonlik ishlatilishini qoraladi. Bosh vazirning fikricha, namoyishchilardan muholifat partiya vakillari foydalanib qolishga urinmoqda.
Parlament spikeri Irakliy Kobaxidze esa iste’foga chiqishi haqidagi savolga javob berishni istamadi. Uning ta’kidlashicha, ba’zi sabablarga ko‘ra bu borada jiddiy javob bera olmaydi.
Aksincha, Gruziya IIV vaziri Georgiy Gaxariya iste’foga chiqishga tayyorligini bildirdi. Agar uning ketishi vaziyatni o‘nglasa, vazirlik lavozimini tark etishga tayyor.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter