Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyada o‘zbekistonlikni otib ketgan yollanma qotil qo‘lga olindi

Rossiyada o‘zbekistonlikni otib ketgan yollanma qotil qo‘lga olindi

20-fevral, seshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda Sankt-Peterburgning Viborg tumanida O‘zbekiston fuqarosining noma’lum shaxs tomonidan o‘qotar qurolda otib ketilgani aks etgan videotasvirlar tarqalgan edi.

Mahalliy politsiyaning xabar berishicha, voqea o‘sha kuni soat 9:00 da Sankt-Peterburgning Viborg tumanidagi 7-uy qarshisida sodir bo‘lgan. 41 yoshli O‘zbekiston fuqarosi mahalliy advokatlardan birining shaxsiy haydovchisi bo‘lib ishlab kelgan.

Xabarda aytilishicha, jabrlanuvchi kasalxonada, 22-fevral kuni olgan jarohatlaridan vafot etgan.

Mazkur fakt asosida tergov organlari tomonidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 30 va 105-moddalari (qotillikka urinish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan kompleks tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida jinoyat holatlari aniqlanib, unga aloqador shaxslar ham qo‘lga olindi.

Tergovning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi xato tufayli hujum qurboniga aylangan.

Ya’ni, uning boshqaruvida bo‘lgan «Toyota Kamri» avtomobili egasi 58 yoshli advokat bir muddat oldin 51 yoshli tadbirkor bilan o‘zaro janjallashib qolgan. Va tadbirkor eski tanishi, avval ham bosqinchilik jinoyati uchun sudlangan 50 yoshli erkakka murojaat qilib, unga advokatni 5 million rubl evaziga yo‘q qilish taklifini bergan.

Biroq, yollanma qotil «buyurtma»ni bajarish jarayonida advokatni uning shaxsiy haydovchisi bilan adashtirib yuborgan va natijada haydovchi vafot etgan.

Joriy yil 22-fevral kuni o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida jinoyat qidiruvi tezkor xodimlari tomonidan gumon qilinayotgan «buyurtmachi» va jinoyat sodir etgan shaxs ushlanib, protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun tergov organlariga topshirilgan. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring