Rossiyada «Moskvich» zavodi qayta ishga tushdi

Moskvada, sobiq Renault zavodi o‘rnida Moskvich avtomobillarini ishlab chiqarish boshlandi. Bu haqda Interfaks yozmoqda.
Konveyerga birinchi bo‘lib qo‘yilgan yangi model «Moskvich 3» deb nomlandi. U 150 ot kuchiga ega bo‘lib, 1,5 litr hajmli benzinli dvigatel, ikki turdagi – CVT tipidagi (Continuously Variable Transmission, ya’ni «doimiy o‘zgaruvchan uzatma») avtomat uzatmasi yoki olti pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.
Avtomombil Moskvada 2022-yil oxirigacha, butun Rossiya bo‘ylab esa 2023-yilning birinchi choragida sotuvga chiqarilishi aytilmoqda. Yil oxirigacha zavodda «Moskvich» elektromobillarini ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil mart oyida fransuzlarning Renault avtomobil markasi Rossiyada ishlab chiqarishni to‘xtatgan edi. May oyiga kelib esa, rus hukumati avtomobil ishlab chiqaruvchisining Rossiyadagi aktivlari davlat mulkiga aylanganini ma’lum qilgan. Ya’ni «Renault Russia» YoAJning 100 foiz aksiyalari davlat tasarrufiga o‘tdi.
Moskvaning «Moskvich» avtomobillarini ishlab chiqarishdagi texnologik hamkori Rossiyaning «Kamaz» avtomobil ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter