Rossiyada hindlar aldov bilan urushga jo‘natib yuborildi
Hindiston Ukrainadagi frontda Rossiya armiyasi tarkibida bo‘lgan 20 ga yaqin fuqarolarini qaytarishga harakat qilmoqda. Ularning oila a’zolari aytishicha, hindlar yolg‘on bahonalar bilan urushga jalb qilingan.
Aldanganlarning hikoyalari Hindistonda shov-shuvga aylanib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan hukumatni o‘yga solmoqda.
«Biz ulardan ba’zilarini ortga qaytardik va qolganlarini ham qaytarish ustida ishlayapmiz», dedi Tashqi ishlar vazirligi vakili Financial Times nashriga.
Vazirlik o‘z fuqarolarini Rossiya armiyasidan muddatidan oldin chaqirib olish maqsadida barcha ishlarni «faol davom ettirayotganini» aytgan. Urushda halok bo‘lgan hindlar frontdan uzoqda ishlash va Yevropa Ittifoqi bilan chegarada yashash va’dalari bilan aldov yo‘lida jalb qilingan.
Haydarobodlik Muhammad Imronning aytishicha, uning 30 yoshli ukasi Muhammad Asfan Rossiya armiyasi tarkibida Moskvada ishlash va qisqa vaqt ichida Rossiyada doimiy yashash huquqiga ega bo‘lish mumkinligi haqidagi YouTube’da joylangan videoni ko‘rib, «tuzoqqa tushib qolgan».
Yo‘qolgan ukasini qidirish uchun u shu hafta Rossiyaga borishni rejalashtirayotganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uning ukasi noyabr oyida Moskvaga yetib borgan, unga imzo qo‘yish uchun rus tilidagi shartnoma berilgan, dekabrda esa Ukrainadagi frontga olib ketilgan, shundan so‘ng u g‘oyib bo‘lgan. Muhammad Imronning aytishicha, yanvar oyida ukasining armiyadagi sheriklaridan biri Asfanning oyog‘iga o‘q uzilgani haqida xabar bergan.
Bundan tashqari, Hindiston shimolidagi Panjob va Xaryana shtatlaridan yangi yil munosabati bilan Rossiyaga sayohat qilgan bir guruh erkaklar qarindoshlariga videolavha yuborib, rasmiylardan zudlik bilan yordam so‘rashgan. Videoda ulardan biri sayohatga taklif qilgan odam tomonidan aldanganini va ular Belarusga kelganini, u yerda vizasiz kirib kelgani uchun «Rossiya armiyasiga topshirilganini» da’vo qiladi.
«Ular bizni oldingi saflarga jo‘natishmoqchi, iltimos Hindistonga zudlik bilan qaytishimizga yordam bering», dedi Gurpreyet Singx ismli shaxs.
Rossiyaga borgan mehnat muhojirining Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolashga majbur qilinayotgani haqida xabarlar avval ham bir necha bor yangragan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter