Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston prezidenti «porloq kelajak uchun berilgan yagona imkoniyat» haqida gapirdi

Qozog‘iston prezidenti «porloq kelajak uchun berilgan yagona imkoniyat» haqida gapirdi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 18 sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMTning barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan sammitida hamrais sifatida qatnashdi, deb xabar berdi Oqo‘rda matbuot xizmati.

Siyosatchi o‘z nutqida BMTning 2030 yilga qadar mo‘ljallangan kun tartibi hozirgi avlod uchun porloq kelajak barpo etish borasida berilgan yagona imkoniyat ekanini ta’kidlagan.

«Geosiyosiy dolg‘alar sabab yanada murakkab tus olayotgan global muammolar bizning jamoaviy sa’y-harakatlarimizga raxna solmoqda. To‘siq va g‘ovlarni davlatlar yakka holda oshib o‘tishi amrimahol. Dunyo hamjamiyati bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsagina sezilarli natijalarga erishishi mumkin», – degan Qozog‘iston rahbari.

Ta’kidlanishicha, BMTning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish Ostona uchun milliy ustuvor vazifa sanaladi. Binobarin, davlat budjetining 80 foizi ushbu maqsadlarga uyg‘unlashtirilgan.

Qo‘shni davlat yetakchisi barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida bir qator takliflarni ilgari surgan.

«Hamjihat harakatni ta’minlash uchun yagona BMT tamoyilini mintaqaviy miqyosda mustahkamlash talab etiladi. Shu bois ham biz Qozog‘istonda barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha Markaziy Osiyo va Afg‘oniston uchun mintaqaviy hab yaratish tashabbusini ilgari surganmiz.  U mintaqada BMT loyihalarning samarali muvofiqlashtirilishiga xizmat qiladi», – degan Q.To‘qayev.

Notiq xalqaro moliya arxitekturasiga yangi hayot baxsh etish, moliyaviy tizimda tenglikni ta’minlash, ekologiya, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga ko‘proq mablag‘ ajratishni tavsiya qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring