Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston mintaqaning jiddiy muammosi yuzasidan taklif berdi

Qozog‘iston mintaqaning jiddiy muammosi yuzasidan taklif berdi

Qozog‘iston Markaziy Osiyoda suv taqchilligi muammosini hal etish uchun gidroenergetika konsorsiumi tuzishni taklif qiladi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu Ostona shahrida o‘tayotgan xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha Osiyo forumidagi nutqida gapirgan.

«Markaziy Osiyoning istiqboldagi ravnaqi uchun e’tibor qaratish lozim bo‘lgan bir necha aniq masalalarni sanab o‘tmoqchiman. Bu – suv yetishmasligi, atrof-muhit, chegara nizosi va Afg‘onistondagi vaziyatdir. Aholi soni oshib borayotgan va suv taqchillashgan davrda obihayot manbalarini adolatli va oqilona taqsimlash jiddiy muammoga aylandi. Shu sabab Qozog‘iston mintaqaviy gidroenergetika konsorsiumi ta’sis qilishni taklif etadi», – dedi Murat Nurtleu.

Rasmiy Ostona mintaqada suv taqchilligi muammosiga bot-bot e’tibor qaratmoqda.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil iyun oyida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Ostonadagi xalqaro forumda Markaziy Osiyoda ekologik fojianing oldini olish uchun Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga ko‘proq mablag‘ ajratish lozimligini ta’kidlagan edi.

«Amudaryo va Sirdaryo – mintaqamizdagi ikki buyuk daryoning suv sathi 2050 yilga borib taxminan 15 foizga kamayadi. Suv muammosi va iqlim o‘zgarishi o‘zaro bog‘liq muammolardir. Markaziy Osiyo shunday mintaqaki, suv xavfsizligi faqat yaqin hamkorlik va birgalikdagi samarali chora-tadbirlar orqaligina ta’minlanishi mumkin», – degan Qozog‘iston prezidenti.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring