Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘lga qurol olgan bolalar yoxud global zamonning global muammolari

Qo‘lga qurol olgan bolalar yoxud global zamonning global muammolari

Hayotimiz gullari bo‘lmish farzandlarimiz ona sayyoramizning kelajagi hisoblanadi. Biroq, ming afsuski, globallashuv jarayoni kuzatilayotgan XXI asrda ham jahonning bir qator mamlakatlarida bolalar na o‘qish, na yozishni biladi, to‘yib ovqat yemaslik oqibatida hayotdan erta ko‘z yumadi.

Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda jahonda o‘n millionlab bolalar ta’lim olishdan mahrum. Umumiy hisobda 80 milliondan ortiq bola o‘qish va yozishni mutlaqo bilmaydi.

Savodsizlik o‘z navbatida bolalarning kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki ma’lumot darajasi kishilar moddiy farovonligining muhim ko‘rsatkichidir. Bugungi kunda jahonda har sakkiz nafar o‘smirdan bittasi ishsiz. Tasodif tufayli ish topish baxtiga muyassar bo‘lganlar ham og‘ir sharoitlarda mehnat qilishga majbur.

1924-yil Jenevada Millatlar Ligasining Beshinchi Assambleyasida qabul qilingan «Bolalar huquqi to‘g‘risidagi Deklaratsiya»da «bolalarga jismoniy va ma’naviy rivojlanishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilishi», «och qolgan bolaga ovqat berilishi», «bemor bolaga tibbiy yordam ko‘rsatilishi», «ayb qilgan bola to‘g‘ri yo‘lga solinishi», «yetim va uysiz bolalarga og‘ir damlarda yordam ko‘rsatilishi va boshpana berilishi», «bola mehr ko‘rib voyaga yetishi va ekspluatatsiyaning har qanday ko‘rinishlaridan himoya qilinishi» ta’kidlanadi.

Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda bolalar televizor va kompyuter qarshisiga «mixlanib», ota-onalari uchun muammo tug‘dirayotgan bo‘lsa, Afrikada bolalar ochlik, OITS, savodsizlik, ayrim hollarda qurolli to‘qnashuvlar vaqtida o‘lim bilan to‘qnash kelmoqda. Afrikada o‘lim darajasi rivojlangan davlatlarga qaraganda ikki  barobar ko‘p.

Ta’kidlash kerakki, katta yoshdagilarning bolalarga bo‘lgan munosabatidan jamiyatning bugungi holati va darajasini bilish mumkin. BMTning Bola huquqi to‘g‘risidagi Konvensiyasida ham bolalarni himoya qilishning maxsus mexanizmlari ishlab chiqilgan. Biroq ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, ayrim davlatlarda bolalarning, shu jumladan, nogiron go‘daklarning konstitutsiyaviy huquqlari poymol qilinmoqda. Shu o‘rinda o‘tgan asrning 70-yillarida Kampuchiya (hozirgi Kamboja)da Pol Pot hukmronligi davrida bolalar «eskilik sarqitlarini eltuvchi» sifatida ko‘rilgan ota-onalarini bambuk daraxtining shoxlari bilan kaltaklashga majbur etilganini qayd qilish kerak. Argentinada ham bir vaqtlar hukmron rejimga qarshi chiqqan oilalarning bolalari o‘g‘irlangan. Shotlandiyada esa semiz bolalar ota-onalaridan  kuch ishlatish orqali tortib olingan.

G‘arb mamlakatlarida ota-onalaridan kuch bilan tortib olinayotgan bolalar soni ortib bormoqda. Ota-onasidan ranjigan farzand ijtimoiy xizmat bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilsa bo‘lgani, bir zumda u oiladan tortib olinadi va bolalar uylariga topshiriladi. Britaniya va amerikalik tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, boqib olingan bolalar o‘z uylariga qaraganda ko‘proq yangi xonadonda zo‘ravonlik qurboniga aylanar ekan. Savol tug‘iladi: nima uchun kambag‘al oilalarning yashash sharoitlarini yaxshilash o‘rniga arzimagan sabablar bilan ularning bolalari tortib olinmoqda? Javob yo‘q. Bolalar bo‘yicha AQSh Milliy komissiyasi tarqatgan ma’lumotlarga qaraganda, aksar holatlarda bolalar arzimagan narsalar uchun va zarurat bo‘lmasa ham oilalaridan tortib olinar ekan.

Yevropada tug‘ilish eng kam deb aytilayotgan Germaniyada yuz berayotgan jinoyatlarning teng yarmi balog‘atga yetmaganlar tomonidan sodir etiladi. Bolalarning giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi uyushgan jinoiy guruhlar safiga kirib qolayotgani yoki odam a’zolarini sotadiganlar qo‘liga tushib qolayotgani ham ayanchlidir. Bir qator mamlakatlarda balog‘atga yetmagan bolalar jangarilar safida qo‘liga qurol olib jang qilayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bugungi kunda AQShda bolalar organlarining har bir qismiga 200 ming dollar to‘lashga tayyor turgan 200 mingdan ortiq bemor ro‘yxatga olingan. Italiya Ichki ishlar vazirligi noma’lum sabablarga ko‘ra, yo‘qolgan bolalar xususiy klinikalar xodimlari qo‘liga tushib qolgan bo‘lishi ehtimoli haqida ma’lum qildi.

Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, har yili 11 millionga yaqin bola besh yoshga yetmay halok bo‘lmoqda. 10 millionga yaqini esa jismoniy va ruhiy bemor sifatida tabiiy rivojlanishdan to‘xtamoqda. Afrikaning bir qator mamlakatlarida bolalar to‘yib ovqat yemayapti, «qora qit’a»da ochlikdan o‘layotgan millionlab bolalar ham global davrning global muammosiga aylangan. Sharqiy Afrika mamlakatlarida 12 million kishi ochlikka giriftor bo‘lgani, ularning bir millioni bolalar ekani aytiladi. Masalan, 1984 yildan beri Nigeriyada oziq-ovqat inqirozi davom etmoqda. Bu mamlakatda odamlar, shu jumladan, bolalar ham daraxt barglari va maysa-o‘tlar yeb kun kechirishga majbur bo‘lmoqda. YuNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Afg‘onistonda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 18 foizi (taxminan 1 millionga yaqin) to‘yib ovqat yemaydi. Xalqaro tashkilot vakillari bir kunda Afg‘oniston hududlarida o‘rta hisobda 275 nafar bola vafot etayotganini ta’kidlashadi.

Voyaga yetmagan bolalarning jangovar harakatlarda ishtirok etayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Markaziy va G‘arbiy Afrikadagi mamlakatlarda istiqomat qiluvchi har o‘n boladan bittasi qandaydir qurolli guruhning kallakesari ekani aytiladi. Zamonaviy «polk o‘g‘illari» Afrikadagi bir qator mamlakatlarning «bedavo kasali» sifatida ko‘riladi. Masalan, 2008 yilda Kongo Demokratik Respublikasida harbiy bo‘linmalarning teng yarmi bolalardan tashkil etilgani aytilgan edi. Ugandada jangarilarning 70 foizini bolalar va o‘smirlar tashkil etadi. Bu mamlakatda jangarilar tomonidan o‘g‘irlangan bolalar askarga, qizlar esa «xotinlik»ka aylantiriladi. Afrika mamlakatlarida jangarilar qishloqlarga hujum qilar ekan, birinchi navbatda bolalarni o‘g‘irlab, ulardan hukumatga qarshi urushda foydalanadi. Qochishga uringan bolalar esa o‘sha yerning o‘zida otib tashlanadi. Ayrim hollarda, o‘z xavfsizligini ta’minlash maqsadida ota-onalarning o‘zlari qo‘shqo‘llab farzandlarini jangarilarga topshirish holatlari ham bor.

Bolalarni askarlikka yollashda Somali birinchi o‘rinda turadi. Chunki 1991 yilda hukumat a’zolari tark etgan bu mamlakatda bolalar ko‘chada qolgani bois hech nima bilan shug‘ullanmaydi. Bolalar maktab darvozasiga bir marta ham qadam qo‘ymagan. Shu sababli o‘qish va dam olish  nimaligini tasavvur qilishmaydi. Somali hukumat kuchlarining 20 foizi bolalar ekani aytiladi. Hukumatga qarshi kurash olib borayotgan «Jamoat Ash-Shabaab» guruhi jangarilarning 80 foizi bolalardir. Ular qo‘lda qurol bilan uyquga ketib, qurol bilan uyg‘onadi. Somalida bo‘lib o‘tadigan turli tanlovlar g‘oliblariga avtomat va granatalar sovg‘a qilinadi. Shri Lankadagi «Tamil Ilama-Ozodlik yo‘lbarslari» tashkiloti saflarida ham bolalar bor. Chadda bolalar milliy armiya saflarida xizmat qilayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ular ko‘p hollarda mina maydonlariga yuboriladi. Qo‘rquv nimaligini bilmaydigan bolalarning jangga kirishi XXI asrning dahshatli fojiasidir. Xalqaro tashkilotlar hukumatlarga murojaat qilib, askar bolalarni jangarilarning vositachisi deb emas, balki jangarilarning qurboni sifatida ko‘rish kerakligini aytib keladi.

«Boko Haram» qurolli guruh jangarilari Nigeriya shimolidagi maktab yotoqxonasiga bostirib kirib, 300 ga yaqin qizni o‘g‘irlab ketdi. Guruh rahbari bayonot berib, garovdagi qizlar o‘zining shaxsiy mulkiga aylangani, xohlasa sotib, xohlasa majburan turmushga berishini ma’lum qildi. Bu kabi hodisaning XXI asrda yuz berayotgani ishonish qiyin, albatta. Biroq achchiq haqiqatan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Qurolli mojarolarning qurboniga aylanayotgan millionlab bolalar uchun kim javob beradi? Hozircha javob topilganicha yo‘q. Bolalar bilan bog‘liq bu kabi muammolar nafaqat bir oilaning qayg‘usi, balki jamiyat, davlat va butun dunyoning tashvishidir.

1949 yilning noyabr oyida Xalqaro Xotin-qizlar Demokratik Federatsiyasi Kongressining qaroriga binoan ta’sis etilgan «Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni» (ingl. «International Children’s Day») – 1950 yildan beri  har yili 1 iyunda nishonlanadi. Bundan tashqari, bolalarga bag‘ishlangan – Jahon Bolalar kuni (20 noyabrda), Afrika Bolalarini himoya qilish kuni deb nomlangan tadbirlar ham bor. BMT qaroriga ko‘ra, 2012 yildan beri 11 oktyabrda Xalqaro Qizlar kuni nishonlanmoqda. Bolalarni himoya qilish  iborasi – bolalar va voyaga yetmaganlarni muhofaza qilish hamda oila institutini mustahkamlashda amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni anglatadi.

Istiqlol yillarida yurtimizda bolalarni himoya qilish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Mamlakatimizda bolalarni har tomonlama sog‘lom, baxtiyor o‘sib-ulg‘ayishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Ushbu shart-sharoitlarning qonuniy asoslari ham mustahkamlab qo‘yilgan.

Yosh avlodning hech kimdan kam bo‘lmay ta’lim-tarbiya olishlari, bilim va iqtidorlarini namoyish qilish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Natijada bugungi yosh avlod o‘zining intellektual va jismoniy salohiyatini ishga solgan holda yuksak marralarni qo‘lga kiritmoqda.

Bola kulsa olam kuladi, deydi xalqimiz. Darhaqiqat, dunyoda bolalarning beg‘ubor kulgusidan go‘zalroq quvonch yo‘q. Farzandlar chehrasidagi tabassum bois butun olam nazdimizda munavvar ko‘rinadi.

Yer yuzining barcha hududlarida ham bolalar taqdiriga e’tibor talab darajasida emas. Ularning huquqlari hanuzgacha poymol etilmoqda, murg‘ak jismu jonlari azobda. O‘tgan asrning birinchi yarmi, aniqrog‘i, 1949 yili Xotin-qizlarning Xalqaro demokratik federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan sessiyada ana shunday mashaqqatlarning oldini olish maqsadida 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida e’lon qilindi va dunyo jamoatchiligining fikru zikrini bolalar qismatiga qaratish sari dadil qadam qo‘yildi. 1950 yilga kelib esa 51 ta davlatda 1 iyun – bolalarni asrab-avaylash, huquqini himoya qilish, ularga insonparvarlik yordami ko‘rsatish bashariyatning asosiy burchlaridan biri ekanini eslatib turuvchi sanaga aylandi.

YuNISEF ma’lumotiga ko‘ra, hozir ko‘plab bolalar jismoniy va ruhiy tazyiq odatga aylangan oilalarda istiqomat qilishadi. Bundan tashqari, har o‘ninchi bola kattalarning beshafqat harakatlari qurboniga aylanmoqda.

Jahon ommaviy axborot vositalari keyingi o‘n yilda dunyoda sodir etilayotgan harbiy to‘qnashuvlar natijasida 2 milliondan ziyod voyaga yetmagan bolalar qurbon bo‘lgani, 10 milliondan ziyod murg‘aklar esa turli darajada tan jarohati olganini ta’kidlamoqda.

Asrlar davomida yuz bergan qonli urushlar tarixini tahlil etsak, ko‘z oldimizda bag‘oyat dahshatli manzara paydo bo‘ladi. O‘tgan 5 ming yil mobaynida dunyo xalqlari 14 ming 500 ta katta va kichik urushga guvoh bo‘libdi. Bu urushlar kamida 3 milliard 600 million kishining yostig‘ini quritganini tarixchilar bot-bot takrorlamoqda. Eng achinarlisi, ana shunday qirg‘inbarotlarda eng ko‘p aziyat chekkanlar insoniyat kelajagi hisoblanmish bolalar va ayollar bo‘ldi. Odatda himoyaga, yordamga yoki alohida g‘amxo‘rlikka muhtoj bu tabaqa vakillari hayotini tashvishlardan holi etish, ular osmonini qora bulutlardan tozalash har doim ham muqaddas burch bo‘lib kelgan. BMTning xalqaro bolalar jamg‘armasi – YuNISEF va qator xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar ana shu navqiron avlod turmush farovonligini yuksaltirish, ularni turli ofatlardan asrash, huquqlarini himoya qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda. Jahon hamjamiyatining qashshoqlik va ochlikni tugatish, savodsizlikka barham berish, qochoqlar muammosini hal etishga qaratilgan chora-tadbirlari birinchi galda bolalar to‘g‘risidagi g‘amxo‘rlik ifodasi, albatta. Zero, yuqorida tilga olingan illatlar, avvalo, jahon bolalarining hayotini izdan chiqarmoqda.

Afsuski, XX asr sahnasida yuz bergan har ikki jahon urushi, ona zaminimizda bo‘lib o‘tgan va hozir ham davom etayotgan ko‘p sonli urushlar va harbiy to‘qnashuvlardan birinchi galda bolalar jabr ko‘rmoqda. Oxirgi yarim asr mobaynida xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlari sohasida bir qator konvensiyalar qabul qilinganiga qaramay, himoyasiz bolalar va ayollarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lish, ularni zo‘rlash, qiynash va o‘ldirish, aksariyat hollarda yosh bolalarni urushga yollashdek og‘ir illatlarga har qadamda duch kelinmoqda. Shu kunlarda ham dunyoning qator hududlarida sayyoramiz hayotiga xavf solayotgan mahalliy va etnik urushlar, milliy nizolar davom etayotgani afsuslanarli xatodir.

Ta’kidlash kerakki, boshqa turdagi zo‘ravonliklar ham bolalar uchun yot emas. Ayrim davlatlarda yosh avlod vakillari uchun maktab eshiklari umuman yopiqligi, 1 milliarddan ortiq odamning savodsizligi, aksariyatini esa bolalar tashkil etayotgani buning isbotidir. Hatto ayrim rivojlanayotgan mamlakatlarda maktabga jalb etilgan bolalarning 60 foizi turmush qiyinchiliklari tufayli o‘qishdan ketishga majbur. har yili sayyoramiz bo‘ylab 20 million go‘dakning turli xastaliklardan nobud bo‘layotgani esa vaziyatning naqadar ayanchli ekanini ko‘rsatib turibdi. Tahlilchilar izohlashicha, har yili yer yuzida 10 million qiz 18 yoshga to‘lmay turmushga uzatilayotgan bo‘lsa, 16 million nafar voyaga yetmagan o‘smir qiz ona bo‘lyapti.

Har yili sayyoramizda 14 million go‘dak ochlik va turli kasalliklardan o‘layotgan, rivojlanayotgan mamlakatlarda esa maktabga jalb etilgan bolalarning 60 foizi turmush qiyinchiliklari tufayli o‘qish imkoniyatidan mahrum bo‘layotgan bir paytda O‘zbekistonda milliard-milliard mablag‘ yangi avlod vakillarining kamolotiga sarflanmoqda.

Sharofiddin To‘laganov

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring