Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qirg‘iziston ham «Doc-1 Max» preparati savdosini to‘xtatdi

Qirg‘iziston ham «Doc-1 Max» preparati savdosini to‘xtatdi

O‘zbekistonda bolalar o‘limi haqidagi xabarlardan so‘ng Qirg‘izistonda ham «Doc-1 Max» preparati savdosi to‘xtatildi. Bu haqda mamlakat Dori vositalari va tibbiy asboblar bilan ta’minlash departamenti ma’lum qildi.

Mazkur nomdagi tabletka va sirop savdosi bugun, 23-dekabrdan to‘xtatilgan.

«Doc-1 Max» preparati kombinatsiyalangan dori vositasi bo‘lib, u isitma, bosh og‘rig‘i, tomoq og‘rig‘i, samarali yo‘tal bilan kechuvchi o‘tkir respirator virusli infeksiyalar va grippni simptomatik davolashda qo‘llanilib kelinadi. Mazkur preparat Qirg‘iziston Respublikasida 2018-yilda ro‘yxatga olingan va mamlakatga oxirgi import 2021-yilda bo‘lgan. 2022-yilda esa import qilinmagan», – deyiladi Departament xabarida.

Shuningdek, ayni paytda dori vositasi laboratoriya tahlili uchun Markaziy nazorat-tahlil laboratoriyasiga yuborilgani ma’lum qilindi.

Departament, shu bilan birga, hozircha «Doc-1 Max» preparati bilan bog‘liq noxush holatlar qayd qilinmaganini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 22-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Doc-1 Max» dori vositasi iste’molidan Samarqanddagi shifoxonalarda bolalar o‘limi kuzatilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. O‘zbekiston SSV mazkur preparatning savdosi vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qilgan.

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring