Qamoqxonada qonli to‘qnashuvlar yuz berdi – Ekvador
Ekvadordagi axloq tuzatish muassasasida bir-biriga dushman guruhlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda o‘nlab odamlar halok bo‘lishdi. Bu haqda «VVS» xabar bermoqda.
Matbuotning ma’lum qilishicha, Guayakil shahridagi Litoral qamoqxonasidagi janglarda kamida 68 kishi halok bo‘lgan, ularning barchasi mahbuslardir. Politsiya binodan o‘qotar qurollar, portlovchi moddalar va pichoqlarni topdi. Rasmiylar qamoqxona ustidan nazoratni tiklaganliklarini aytishdi.
Qayd etilishicha, koloniyada 700 ga yaqin mahbus bor. Ekvador prezidenti Gilermo Lasso halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi va tartibsizlik hisobiga kun ko‘rayotgan mafiyaga qarshi yangi choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Bu Ekvador qamoqxonasida birinchi marta qonli janglar bo‘layotgani yo‘q. 30-sentyabr kuni mahbuslar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda yuzdan ortiq odam halok bo‘lgani xabar qilingan edi. O‘shanda prezident Lasso tartibni tiklash va yangi hodisalarning oldini olish uchun mamlakat penitensiar tizimida 60 kunlik favqulodda holat e’lon qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter