Putindan keyin kim prezident bo‘lishi aytildi

Ovechkin Putinga xayrixoh shaxs deb ta’riflanadi.
AQSh matbuoti Rossiya prezidenti Vladimir Putindan keyin mamlakat rahbarligiga kim kelishi borasida kutilmagan taxminni ilgari surdi.
Fox News nashrida chop etilgan maqolaga ko‘ra, rossiyalik taniqli xokkeychi, “Vashington Kepitalz” (AQSh) klubi sardori Aleksandr Ovechkin Rossiyaning keyingi yetakchisi bo‘lishi mumkin.
Sharhlovchi Duglas Makkinnon yozishicha, Aleksandr Ovechkin dunyoga mashhur sportchilar sirasiga kiradi. U oilaparvar, qo‘li ochiq saxovatpesha va tartib-intizomli inson sifatida tanilgan. Rossiyaning Ukrainaga bosqinchilik urushi boshlanib, dunyo bo‘ylab rus sportchilariga qarshi nafrat kuchaygan paytda ham uning nomiga soya tushmadi. Eng qizig‘i, Ovechkin Putin bilan iliq munosabatini saqlab qola bildi.
Muallifning ta’kidlashicha, ertami-kechmi, Putin prezidentlikni tark etgach, uning o‘rnini kim egallaydi degan savol o‘rtaga chiqadi. O‘sha vaqtda mashhurlik, yetakchilik kabi sifatlarga ega, ham Rossiya, ham xorijda hurmat qozongan Ovechkin prezidentlikka munosib nomzod bo‘lishi mumkin.
Maqolada sportchi hozirga qadar katta siyosatga yaqinlashmagani, ammo nufuz va obro‘-e’tibor uni Kremlga yetaklashi aytilgan.
Bu yil kuzda 40 yoshga to‘ladigan Aleksandr Ovechkin xokkey bo‘yicha uch karra jahon chempioni bo‘lgan. U prezident Putinga xayrixoh va uning mehrini qozongan shaxs deb ta’riflanadi. Ovechkin 2017 yil noyabr oyida prezidentlik saylovi oldidan Putinni qo‘llab-quvvatlovchi norasmiy Putin Team vatanparvarlik harakatini tashkil qilgan edi. Putin ham xokkeychiga o‘z vaqtida Mercedes mashinasidan tortib servizgacha sovg‘a qilgani ma’lum.
2022 yil fevral oyida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin ham Ovechkin tinchlikka chaqirgani holda Putin sha’niga nomaqbul so‘z aytmagan.
Avval xabar berganimizdek, ayrim tahlilchilar Ukrainadagi muvaffaqiyatsiz harbiy yurish ortidan Rossiyada hokimiyat almashuvi ro‘y berishi haqida yozgan. Ba’zi ekspertlar Putin allaqachon mutlaq hokimiyatni boy bera boshlagani haqidagi farazni ham ilgari surgan. Masalan, rossiyalik siyosatshunos Abbas Gallyamov Putin va uning xos a’yonlari Ukraina urushi muvaffaqiyatsiz tugasa, xorijga qochishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. O‘z davrida Putin komandasida faoliyat yuritgan A.Gallyamovga ko‘ra, qochish operatsiyasi “Nuh kemasi” degan ramziy nom bilan atalgan.
Rossiya sobiq bosh vaziri Mixail Kasyanov esa Putinga xavfsizlik garovi evaziga hokimiyatdan ketish taklifi berilishi mumkinligi haqida aytgandi. Sobiq bosh vazir Xitoy Putinni o‘z himoyasiga olishi va uning xavfsizligini kafolatlashi mumkin bo‘lgan yagona davlat ekanini ta’kidlagan.
Ammo Germaniya federal razvedka xizmati rahbari Bruno Kal bu kabi taxminlarni rad etib, Putinning hokimiyati mustahkam ekanini aytgan. Uning fikricha, Rossiyaning Ukraina urushidagi no‘noqliklari borasida jamoatchilik e’tirozlar bildirmoqda, ammo bu Putinning kursisi liqillab qolganini anglatmaydi.
2023 yilda internetga sizdirilgan AQSh maxsus xizmatlariga tegishli maxfiy hujjatlarda Putin onkologik xastalikka chalingani bayon qilingan.
72 yoshli Putinning shaxsiy hayoti hamda salomatligi Rossiyada taqiqlangan mavzular sanaladi. Rasmiy OAVda mamlakat rahbari muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanuvchi, sog‘lom hayot tarziga odatlangan shaxs sifatida ko‘rsatiladi. Uning jiddiy xastalikka chalingani xususidagi xabarlar ham rad etib kelinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter