Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin Kim Chen Inni taqiqlangan sovg‘a bilan siyladi

Putin Kim Chen Inni taqiqlangan sovg‘a bilan siyladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inga tug‘ilgan kuni munosabati bilan «Aurus» rusumli limuzin sovg‘a qildi. Shimoliy Koreya davlat agentligi tarqatgan bu xabarni Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov tasdiqladi.

«Aurus» avtomobilidan Kreml xo‘jayini o‘zi foydalanib kelgani ma’lum.

Avval xabar berganimizdek, 2023 yil 13 sentyabr kuni Kim Chen In Rossiyaga tashrif buyurib, «Vostochniy» kosmodromida mezbon davlat rahbari bilan uchrashgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘shanda Putin hamkasbi bilan uchrashuvga aynan «Aurus» limuzinida kelgan. Kim Chen In mashinani avval ko‘zdan kechirgan, so‘ng orqa o‘rindig‘iga o‘tirib ko‘rgan.  

Darvoqe, o‘shanda ham ikki siyosatchi o‘zaro sovg‘a almashgan. Jumladan, Putin Shimoliy Koreya yetakchisiga bir necha bor koinotda bo‘lgan skafandr qo‘lqopi sovg‘a qilgan. Kim Chen In esa hamkasbiga Shimoliy Koreya qurol ustalari ishlab chiqargan karabin hadya qilgan.

«Aurus Senat» avtomobili narxi 41 mln rubldan (taxminan 440 ming dollar) boshlanadi.

G‘arb matbuotiga ko‘ra, 8 yanvar kuni 40 yoshga to‘lgan Kim Chen Inga qimmat avtoulov sovg‘a qilish bilan Putin BMT Xavfsizlik kengashi sanksiyasini buzgan. Xavfsizlik kengashi sanksiyasi Shimoliy Koreyaga serhasham buyumlar, jumladan, lyuks rusumdagi avtomobillar yetkazishni man etadi. 

Avvalroq The New York Times nashri Moskva BMT cheklovlarini chetlagan holda Pxenyanga 30 million dollarlik muzlatilgan mablag‘dan 9 millionini olish imkonini taqdim etgani haqida yozgan edi.

Shimoliy Koreya esa Rossiyani Ukrainaga qarshi urushda foydalanish uchun artilleriya snaryadlari va bir necha turdagi raketalar bilan ta’minlagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring