Prigojinning qo‘zg‘oloni Rostov-Don shahriga deyarli 100 million rublga tushdi
Joriy yilning 24 iyun kuni «Vagner» xususiy armiyasining qo‘zg‘olonga urinishi Rostov-Don shahiriga deyarli 100 million rubl zarar keltirdi. Bu haqda shahar ma’muriyatiga tayanib TASS agentligi xabar berdi.
«Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, avtomobil transporti sohasida yetkazilgan zarar miqdori 28,8 million rublni tashkil etgan. Shuningdek, besh birlik ixtisoslashtirilgan kommunal texnikaga zarar yetgan. Uni qayta tiklash uchun birinchi navbatda 63,7 million rubl kerak», — deyiladi ma’muriyat xabarida.
Rostov-Don ma’muriyati rahbari Aleksey Logvinenkoning ta’kidlashicha, shaharda 12 ming kvadrat metr yo‘l qismi va 210 kvadrat metr piyodalar yo‘laklari shikastlangan.
Avval xabar berganimizdek, Putinning xos odamlaridan biri sanalgan Yevgeniy Prigojin 23 iyun kuni mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimovni topshirishni talab qilgan holda harbiy isyon boshladi.
FXX Prigojinga qarshi harbiy qo‘zg‘olon uchun jinoiy ish ochdi. Putin «Vagner» shirkati rahbarining harakatini «orqadan pichoq urish» va «xiyonat» deb atadi.
Pirovardida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko vositachiligida isyonchilar bilan sulhga erishilgani xabar qilindi.
«Vagner» bo‘linmalari o‘z lagerlariga qaytishi, Prigojin esa Belarusga ketishi haqida kelishuvga erishilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter