Prezident To‘qayev suverenitet himoyasini muqaddas burch deb atadi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 16 dekabr – Mustaqillik kuni munosabati bilan mamlakat xalqiga tabrik yo‘lladi.
1991 yil 16 dekabrda Qozog‘iston Oliy kengashi davlat mustaqilligi va suvereniteti haqidagi qonunni qabul qilgan. O‘shandan buyon mazkur sana mamlakatning asosiy milliy bayrami sifatida nishonlanadi.
Prezident To‘qayev mustaqillik e’lon qilingan kunni mamlakat tarixidagi ulug‘ sana, ajdodlar orzulari ro‘yobga chiqqan palla deb atagan. Mustaqillik yo‘lida jonini fido qilgan milliy qahramonlar xotirasi abadiy qolishi, ularning vatanga muhabbati bugungi va kelajak avlodga ibrat ekani ta’kidlangan.
«Mustaqillik – bebaho boylik. Barchamiz uni ko‘z qorachig‘idek asramog‘imiz lozim. Mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini muhofaza etish muqaddas burchimizdir», – degan Qozog‘iston rahbari.
Bayram qutlovida joriy yil sinovlarga boy kelgani ham qayd etilgan.
«Bu yil mamlakatimiz uchun taqdirulamal yil bo‘ldi. Biz misli ko‘rilmagan ichki va tashqi tahdidlar bilan ro‘baro‘ keldik. Lekin birlik va birdamlik tufayli barcha sinovlardan mardona o‘tmoqdamiz», – degan u.
Prezident Q.To‘qayevga ko‘ra, mamlakatda boshlangan siyosiy, iqtisodiy islohotlar qanday natija berishi barcha fuqarolarga bog‘liq, binobarin, bu yo‘lda har bir qozog‘istonlik sidqidildan harakat qilishi talab etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter