Pokiston Eronga javob zarbalarini berdi
Pokiston rasmiylariga ko‘ra, Islomobod Erondagi bir qancha nishonlarga zarbalar bergan. Hujumlar Eron Pokiston hududiga zarba berganidan bir kun o‘tib sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda BBC.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida «Eronning ikki viloyatidagi jangarilar ob’yektlariga bir qator maqsadli va yuqori aniqlikdagi harbiy zarbalar berilgani» haqida bildirdi. Pokiston rasmiylariga ko‘ra, hujum oqibatida odamlar halok bo‘lgan.
Pokiston tashqi ishlar vazirligining ta’kidlashicha, Eronga zarbalar «Pokiston o‘z hududi xavfsizligini barcha tahdidlardan himoya qilish bo‘yicha qat’iyatini» ko‘rsatish uchun amalga oshirilgan. Shuningdek, bayonotda aytilishicha, Pokiston «Eron Islom Respublikasining suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qiladi».
Eslatib o‘tamiz, 16 yanvar, seshanba kuni Eron tomoni Pokistondagi guruhning ikkita bazasiga havo hujumini amalga oshirgandi. Shundan so‘ng Pokiston zarbalar natijasida ikki bola halok bo‘lganini e’lon qildi va Tehronni bu harakatlar javobsiz qolmasligidan ogohlantirdi.
Shuningdek, Pokiston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Erondagi elchisini chaqirib olishga qaror qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter