Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston ikki qo‘shnisi bilan Qambarota GES-1ni qurish bo‘yicha Bitim imzolaydi

O‘zbekiston ikki qo‘shnisi bilan Qambarota GES-1ni qurish bo‘yicha Bitim imzolaydi

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Norin daryosida Qambarota GES-1 qurilishi bo‘yicha tegishli bitim tuzishga tayyorlanyapti. 

Tegishli uch tomonlama hukumatlararo bitim loyihasi Qozog‘istonning «Ochiq normativ-huquqiy hujjatlar» saytida e’lon qilindi.

Loyihaga ko‘ra, Qambarota GES-1 qurilishi va ekspluatatsiyasi loyihasini amalga oshirish maqsadida aksiyadorlik jamiyati tashkil etiladi. Bunda Qirg‘iziston tomonining loyihadagi va ustav kapitalidagi ulushi 34 foizni, Qozog‘iston va O‘zbekiston tomoni esa 33 foizni tashkil qiladi.

Tomonlarning loyiha doirasidagi hamkorligi asosiy tamoyillari esa Qambarota GES-1da ishlab chiqariladigan elektr energiyasining barcha hajmini tomonlar belgilagan tashkilotlar tomonidan kafolatlangan xarid qilishdan iborat bo‘ladi. Loyiha amalga oshirilgach, Qambarota GES-1 aksiyalari va aktivlari to‘liq qirg‘iz tomonining mulkiga o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil yanvar oyida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston energetika idoralari rahbarlari Norin daryosida Qambarota GES-1 qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolagan edi. O‘sha yilning mart oyida esa tomonlar energetika vazirliklari GES qurilishi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgan.

Qozog‘iston Energetika vazirligi Qambarota GES-1 Qirg‘izistondagi eng yirik elektr stansiyaga aylanishi va uning Markaziy Osiyo mamlakatlarini elektr energiyasi bilan ta’minlashini, shuningdek, mintaqaning suv ta’minotini barqarorlashtirishini ta’kidlagan. GESning qurilishi taxminan 5-6 milliard dollarga tushishi aytilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring