Ozarbayjon Armanistonga 5 banddan iborat taklif yo‘lladi

Ozarbayjon Armanistonga o‘zaro munosabatlarni izga solishni nazarda tutuvchi besh banddan iborat taklif bilan murojaat qildi. Bu haqda Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov ma’lum qilgan.
«Yaqinda Ozarbayjon ezgu niyat ifodasi o‘laroq Armanistonga yangi taklif yo‘lladi. Biz Armaniston tomoniga ikki mamlakat munosabatlarini izga solishga qaratilgan ayrim fundamental tamoyillarni taqdim etdik. Muayyan tamoyillarga ko‘ra robitalarni rivojlantirish istagini bildirdik. Armaniston uni ko‘rib chiqib o‘z javobini berishi kerak», – deydi J.Bayramov.
O‘zaro chegaralarni demarkatsiya qilish masalasi rasmiy Boku Yerevanga yo‘llagan takliflardan biri sanaladi. Endilikda takliflarni ko‘rib chiqish uchun ikki tomonlama komissiya tuzilishi va galdagi qadamlar muhokama etilishi kutilmoqda.
Anadolu axborot agentligi xabariga ko‘ra, Antaliyada bo‘lib o‘tgan diplomatik forum doirasida Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan uchrashgan. Ushbu uchrashuvda ham Ozarbayjon hamda Armaniston chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalasi muhokama etilgan.
2020-yilning 27-sentyabridan 10-noyabriga qadar Qorabog‘da davom etgan 44 kunli urush yakunida Ozarbayjon xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra o‘ziga tegishli bo‘lgan hududlarni qaytarib oldi. 2020-yil 10-noyabr kuni Ozarbayjon, Armaniston va Rossiya rahbarlari o‘t ochishni to‘xtatish haqida uch tomonlama bitim imzoladi.
Tahlilchilarga ko‘ra, rasmiy Bokuning Yerevanga munosabatlarni me’yorlashtirish borasida taklif bilan murojaat qilgani muhim yangilik sanaladi. Chunki bu ko‘p yillardan buyon ziddiyatli munosabatga ega bo‘lib kelayotgan ikki davlat o‘rtasida risoladagidek aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasida dastlabki qadam bo‘lishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter