Ola mushuk o‘tdi: Bolgariya prezidenti bilan bosh vaziri o‘rtasidagi ziddiyatlarning asosiy sababi ma’lum bo‘ldi
Bolgariya bosh vaziri Boyko Borisov mamlakat prezidenti Rumen Radevni dronlar yordamida uni kuzatayotganlikda ayblamoqda, deya xabar berdi Bolgariya milliy radiosi (BMR).
Chorshanba kuni Bolgariya ijtimoiy tarmoqlarida o‘z yotog‘ida dam olayotgan Borisovning suratlari paydo bo‘ldi.
«Prezident Radev hadidan oshmoqda, meni suratga olish uchun dronlarni ishga solishdan ham toymayapti... Uni ayvonimning eshigigacha olib keldi. U meni dron yordamida kuzatayotganini shaxsan ma’lum qilyapman», — deya Borisovning navbatdan tashqari matbuot anjumanida aytgan so‘zlarini keltirgan BMR.
Borisovning aytishicha, unga qarshi bunday ishlar hukumatning geostrategik loyihalarini, xususan, Bolgariyaning Yevrohudud va Banklar ittifoqiga kirishini buzish uchun uyushtirilmoqda.
Milliy xavfsizlik xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan uyqudagi Borisovning suratlarini tekshirishga kirishgan.
Prezident bilan hukumat o‘rtasidagi ziddiyatli vaziyat joriy yilning boshidayoq kuzatilgandi. Fevral oyida Radev hukumat uning ishonchini yo‘qotganini, chunki fuqarolar manfaatlariga mos kelmaydigan hamda davlatchilikning qulashiga olib keladigan xatti-harakatlarni amalga oshirayotganini aytgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter