Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nigeriya prezidenti Muhammadu Buxoriy tashabbus ilgari surdi

Nigeriya prezidenti Muhammadu Buxoriy tashabbus ilgari surdi

Nigeriya prezidenti Muhammadu Buxoriy.

«G‘arbiy Afrika mamlakatlari iqtisodiy ittifoqi (EKOVAS) hozirgi reallikka moslashishi uchun o‘z boshqaruvini soddalashtirishi lozim», deya bayonot berdi Nigeriya prezidenti Muhammadu Buxoriy.

U mazkur mintaqaviy tashkilotning natijadorligini oshirish uchun rahbarlar sonini qisqartirish tashabbusini ilgari surdi.

Buxoriy janoblari EKOVAS umumiy hisob-raqamiga butun mintaqada terrorizmga qarshi kurashish maqsadida 20 million dollar mablag‘ ajratdi. Bundan tashqari, a’zo davlatlarga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash bo‘yicha vaksinani yaratishga yordam ko‘rsatish uchun EKOVAS komissiyasini G‘arbiy Afrika Sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan yaqindan hamkorlik qilishga chaqirdi.

Eslatib o‘tish joizki, G‘arbiy Afrika mamlakatlari iqtisodiy hamjamiyati (EKOVAS) 1975-yilda mintaqa mamlakatlari iqtisodiy integratsiyasini amalga oshirish uchun tashkil etilgan. Unga 15 davlat – Benin, Burkina-Faso, Gambiya, Gana, Gvineya, Gvineya-Bisau, Kot-d’Ivuar, Kabo-Verde, Liberiya, Mali, Niger, Nigeriya, Senegal, Serra-Leone va Togo kiradi.

Hamjamiyat taraqqiyot va integratsiyaga to‘siq bo‘ladigan ichki mojarolarning oldini olish uchun qo‘llash ko‘zda tutilgan kollektiv qurolli kuchlarga ega.

O‘tgan davrda EKOVAS doirasida ikki mamlakatlar guruhi vujudga keldi. Bu avvalo G‘arbiy Afrika iqtisodiy va valyuta ittifoqidir. Unga yettita fransuz tilli mamlakat (Benin, Burkina-Faso, Kot-D’Ivuar, Mali, Niger, Senegal, Togo) va portugal tilli Gvineya-Bisau kiradi.

Ittifoq doirasida umumiy valyuta – KFA (Afrika moliya hamjamiyati) franki amal qilib, G‘arbiy Afrika davlatlari markaziy banki tomonidan nazorat qilinadi. Bu mamlakatlarga Fransiyaning siyosiy va iqtisodiy ta’siri nihoyatda kuchli.

G‘arbiy Afrika valyuta hududi deb ataladigan ikkinchi guruhga esa oltita davlat – inglizzabon Gambiya, Gana, Liberiya, Serra-Leone va Nigeriya, fransuz tilli Gvineya kiradi Bu tuzilma 2000-yilda KFA frankiga raqobat qilish maqsadida tuzilgan edi. Mazkur davlatlar kelgusida G‘arbiy Afrika yagona mintaqaviy valyutasi – ekoni yaratish niyatida.

Bu guruhga Nigeriya yetakchi sanaladi. Ular bu makonda sobiq mustamlakachi Fransiyaning har qanday ta’siri kuchayishidan xavfsirab kelishadi.

Garchi ekoni yaratish uchun mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotlarini yaqinlashtirish mezonlarini ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, faqatgina 2019-yil oxirida Togo barcha mezonlarni (iqtisodiy o‘sish, inflyasiya, budjet defitsiti, davlat qarzi) texnik jihatdan ma’qulladi. Ammo 5-6 mamlakat ayrim bandlarni qanoatlantirgan xolos. Asosiy e’tibor transport va energetika infratuzilmasini yaratishga qaratilmoqda.

Biroq integratsiya jarayonlari ko‘plab muammolarga to‘qnash kelmoqda. Beqaror siyosiy vaziyat, qurolli mojarolar, Nigeriyaning mintaqadagi boshqa mamlakatlar bilan zaif transport aloqalari bunga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Pandemiya qattiq ta’sir qilayapti

Dekabr oyida Nigeriyada kasallikning yangi to‘lqini butun mamlakat bo‘ylab yoyildi. Shu sababli vaksinaning yirik partiyasini olish uchun Rossiya va Hindiston bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Vaksinalar va emlash bo‘yicha global alyansi (GAVI) bilan hamkorlikda tuzilgan COVAX xalqaro mexanizmi doirasida bu yerga fevral oyida 100 ming vaksina dozasi keltirilishi rejalashtirilgan.

Afrikada aholisi eng ko‘p bo‘lgan (206 million nafar) davlat – Nigeriya yaqin ikki yil ichida aholining 70 foizini emlay olishiga ishonadi.

Joriy yilda pandemiya oqibatlarini yengillashtirish uchun iqtisodiyot tarmoqlariga salkam 34 milliard dollar miqdoridagi mablag‘ yo‘naltirilishi kutilmoqda. Yalpi ichki mahsulot esa 3 foizga o‘sishi taxmin qilinmoqda.

Biroq moliya, budjet va milliy rejalashtirish vaziri Zaynab Ahmad xonimning aytishicha, agar iqtisodiyot yetarlicha darajada rag‘batlantirilmasa, keskin harakatlar qilinmasa joriy yilda retsessiya holati yuz beradi. YaIMning kamayishi esa 3,4 foizga yetishi mumkin.

Budjetni shakllantirishda neft narxlari har barreliga 57 dollardan hisoblangan. Vaholanki, jahon bozorida hozir narxlar bundan past va agar vaziyat o‘nglanmasa, yil oxiriga qadar 15 milliard dollar yo‘qotilishi taxmin qilinmoqda. Budjet tushumlarining asosiy qismi esa «qora oltin» eksportidan olinadi.

Mamlakatda o‘rtacha yosh 18 yosh bo‘lib, 55,7 foiz aholi ishsiz. Davlatning umumiy qarzi esa 100 milliard dollarga yaqinlashib qoldi. Yoshlar ijtimoiy hayot o‘zgarishini kutmoqda va faol talab qilishmoqda. Bu go‘yoki porox bochkasiga o‘xshaydi.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bu balo iqtisodiy pasayish, ekstremal iqlim sharoitlari bilan uyg‘unlashib ketganidan jiddiy xavotir bildirmoqda. Chunki pandemiya sharoitida mamlakat oziq-ovqat inqirozini boshidan kechirmoqda, 60 foiz aholi to‘yib ovqat yemayapti.

Boz ustiga, Nigeriyada «Islom davlatining G‘arbiy Afrika muzofoti» (avvalgi «Boko Xaram») radikal terrorchilik guruhi harakatlanadi. Jangarilar ularga qarshi Nigeriya, Kamerun va Chad tomonidan olib borilayotgan harbiy kampaniyaga qarshi doimiy ravishda ko‘plab terrorchilik harakatlarini amalga oshirmoqda. Jumladan, maktablarga hujum qilinib, bolalarni o‘g‘irlab ketish va ularning ota-onalaridan katta mablag‘ undirish, begunoh aholini ommaviy qatl qilish, fermerlarni o‘ldirish odatiy tus olgan.

«Boko xaram» guruhi Nigeriya shimolida 2002-yilda paydo bo‘lgan va hokimiyatni egallashni maqsad qilgan. Faol terrorchilik harakatlari boshlagan 2009-yildan buyon mamlakatda 36 ming kishi qurbon bo‘ldi, 2 million mahalliy aholi turar joylarini tark etdi. 2015-yilda hukumat kuchlarining qattiq zarbalaridan keyin ular tarqoqlashib, bo‘linib ketgan edi. Biroq uning ayrim qismlari hamon Nigeriya shimoli-sharqidan, qo‘shni Kamerun, Chad, Nigerga hujumlarni davom ettirib kelmoqda.

Gulruxsor Ravshanova,
xalqaro sharhlovchi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring