Niderlandiya o‘g‘irlangan tarixiy boyliklarni egalariga qaytaradi
Niderlandiya mustamlaka davrida o‘g‘irlab ketilgan yuzlab osori atiqa va madaniy boyliklarni Indoneziya hamda Shri-Lankaga qaytaradi. Hukumat koloniyalardan tashib ketilgan madaniy boyliklarni tadqiq etish bo‘yicha maxsus komissiya tavsiyasiga ko‘ra shunday qaror qabul qilgan.
Qo‘mita 2020 yilda e’lon qilgan hisobotda Niderlandiya hukumati adolatni tiklash uchun sobiq koloniyalardan keltirilgan tarixiy ashyolar, san’at asarlarini o‘z egalariga qaytarishi lozimligi uqtirilgan.
«Biz Niderlandiya egalik qilishi lozim bo‘lmagan atiqalarni ilk bor qaytarmoqdamiz. Biz ularni shunchaki qaytarib qolmay, yangi davrni ham ochmoqdamiz. Endilikda Indoneziya va Shri-Lanka bilan yanada yaqin hamkorlik o‘rnatamiz», – deydi Niderlandiya madaniyat vaziri Gunay Uslu.
Indoneziyaga qaytarilayotgan madaniy boyliklar orasida «Lombok xazinasi» ham bor. 1894 yilda golland harbiylari Indoneziyaga qarashli shu nomli oroldagi qasrdan qimmatbaho toshlar, tilla va kumush buyumlarni tashib ketgan.
Shri-Lanka esa qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan, XVII asrga oid bronza to‘pni qaytarib oladi. Hozirga qadar Amsterdam davlat muzeyida saqlangan osori atiqa tarixan Shri-Lanka hududidagi Kandi qirolligi mulki bo‘lgan. 1756 yilda qirollik gollandlar tomonidan bosib olingan.
Niderlandiya o‘z davrida dunyo bo‘ylab qator mamlakatlarni, jumladan, Indoneziyani mustamlaka qilgan. Keyingi yillarda Amsterdam hukumati kolonial tarixni tanqidiy asosda qayta ko‘rib chiqmoqda.
Avval xabar berganimizdek, Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte qirollikning quldorlik borasidagi tarixiy xatosi uchun rasman uzr so‘radi. XVI–XVII asrlarda Niderlandiya Afrika qit’asidan Janubiy Amerika va Karib orollariga minglab odamni qul sifatida keltirgan. XIX asrga qadar quldorlik davlat iqtisodiyotining muhim yo‘nalishi sanalgan.
O‘tgan hafta mamlakat qiroli Villem-Aleksandr ham quldorlik davri xatolari uchun uzr so‘radi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter