Qirg‘iziston - Tojikiston chegarasidagi otishmadan bir chegarachi vafot etdi. U yerda nimalar bo‘lyapti?
«Tojikiston tomoni birinchi bo‘lib qurolni ishga soldi va Qirg‘izistonga tegishli Maksat chegara postini o‘qqa tutdi. Keyin esa Batken viloyati, Laylak tumanidagi Soy vaqtincha posti ham o‘qqa tutilgan. Dastlabki xabarlarga ko‘ra bir chegarachi vafot etgan», — deyiladi bayonotda.
Qirg‘iziston tomoni bergan ma’lumotga ko‘ra, otishma kelib chiqishiga tojikistonlik fuqaro tomonidan chegaraning kelishilmagan qismida qurilish ishlari olib borilgani sabab bo‘lgan. «Bunga javoban Qirg‘iziston fuqarosi ham ushbu hududda joylashgan o‘z uyi hovlisida qurilish ishini boshlagan», — deyiladi xabarda. Qirg‘iziston tomoni da’vosiga ko‘ra, bunga javoban tojik chegarachilari «tajovuzkor ohangda qurilishni to‘xtatishni talab qilgan». Oqibatda avval dahanaki, keyin esa rostmana jang boshlanib ketadi.
Tojikiston milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari matbuot markazi tomonidan berilgan xabarga ko‘ra, otishma natijasida bir necha tojik fuqarolari yaralangan.
«Avval imzolangan shartnomalarga zid holda 16 sentyabr, kech soat 18:45da So‘g‘d viloyatining Bobojon G‘ofurov tumani, Ovchi-Kalach qishloq jamoatiga tegishli Bahor mahallasi sport maydonchasida noma’lum bino qurilish ishlari boshlangan. Bu noqonuniy harakat Tojikiston fuqarolariga yoqmagan va ular qurilishni to‘xtatish talabini ilgari surishgan», — deyiladi xabarda. Tojikiston tomonidan ma’lum qilinishicha, Qirg‘iziston harbiylari mojaro joyiga qo‘shimcha 250-300 nafar harbiyni yuborgan va ular «provokatsion harakatlarni amalga oshirib, soat 19:00da Bahor mahallasining qurolsiz aholisi tomon o‘t ochishni boshlagan. Natijada Tojikiston fuqarolaridan bir nechasi o‘qotar quroldan yaralangan».
Tojikiston tomoni bergan bayonotda aytilishicha «Qirg‘iziston chegarachilari tomonidan amalga oshirilgan provokatsion harakatlar davlat chegarasida vaziyatni sun’iy yo‘l bilan izdan chiqarishdan iborat», deb baholanmoqda. Ayni vaqtda har ikki davlatdan hukumat vakillari aholi orasida bo‘lib turibdi va vaziyatni izga tushirish uchun tushuntirish ishlarini olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avval ham Qirg‘iziston - Tojikiston chegarasida bir necha bor mojaro kelib chiqqan edi. Har ikki davlat o‘rtasidagi chegara 970 kilometr uzunlikka ega bo‘lib, shu vaqtga qadar 519 kilometri borasida kelishuvga erishilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter